39-MA’RUZA

HOL, UNING TURLARI VA IFODALANISHI

 

Reja:

1. Ravish holi

2. Payt holi

3. O‘rin holi

4. Sabab holi

5. Maqsad holi

6. Miqdor-daraja holi

7. Shart holi

8. To‘siqsizlik holi

9. Gap bo‘laklarining joylashish tartibi

 

 

 

Hol

Odatda fe’l bilan ifodalangan bo‘lakka bitishuv yoki boshqaruv yo‘li bilan bog‘lanib, undan anglashilgan ish-harakatning belgisini bildiradigan ikkinchi darajali bo‘lakka hol deyiladi. Hol ish-harakatning qay tarzda bajarilishini, uning bajarilishi bilan bog‘liq bo‘lgan o‘rin, payt, sabab, maqsad, miqdor-daraja kabilarni bildiradi. Hol ravish, jo‘nalish, o‘rin-payt, chiqish kelishiklari shakllaridagi ot yoki ko‘makchili ishlatilgan so‘zlar, sifat, son, fe’l shakllari, taqlid so‘z hamda so‘z birikmasi orqali ifodalanadi.

Ravish, asosan, hol vazifasini bajaruvchi mustaqil so‘z turkumidir. Masalan: Faqat idora yaqinidagi MTS tomonidan yakka traktorning o‘qtin-o‘qtin gurillagani eshitildi. (O‘.Hoshimov). Asta esa boshlagan shamol tumanni pastliklarga olib ketdi. (J.Abdullaxonov).

Gapda hol bo‘lib kelish fe’lning ravishdosh shaklining ham asosiy vazifalaridandir. Masalan: Tomchilarning derazaga chirsillab urilishi aniq eshitila boshladi. (O‘.Hoshimov). Erali bu gaplarni choyxonada odam gavjum paytida maqtana-maqtana aytib berdi. (S.Ahmad).

Ot jo‘nalish, o‘rin-payt, chiqish kelishigida kelib yoki ko‘makchi bilan birga ishlatilib hol vazifasini bajarishi mumkin: Toshkentga butun mamlakatdan katta geolog olimlar kelishgan. (S.Karomatov). Mashina shiddat bilan qaltis tog‘ yo‘lidan uchib ketdi. (O‘.Hoshimov).

Harakat nomi gapda hol bo‘lib kelganda, u ham ot kabi shakllanadi: Mehmonlarni kutish uchun bog`ga dasturxon tayyorlatib qo‘yishgan edi. (S.Ahmad).

Taqlid so‘z ham gapda hol vazifasida kela oladi: Toshlar havoni g‘iz-g‘iz yorib o‘tadi. (Oybek). Ko‘chadan dupur-dupur o‘ynoqlab bir gala otlar o‘tadi. (J.Abdullaxonov).

Ba’zan hol so‘z birikmasi bilan ifodalanadi: Tong otar payti bulbullar paydar-pay sayraydi. (S.Ahmad). Aqlni o‘stirmoq uchun hadeb o‘qiyvermasdan ko‘proq fikrlash kerak. («Tafakkur gulshani»).

Hol o‘zi bog‘lanib kelgan so‘z bilan «hol-hollanmish» sintaktik munosabatini yuzaga keltiradi.

Hollar ma’nolariga ko‘ra bir necha turga bo‘linadi.

1. Ravish holi ish-harakatning qay tarzda bajarilganligini bildirib, qanday? qanday qilib? qay tarzda? qay holda? degan so‘roqlarning biriga javob bo‘ladi. U quyidagicha ifodalanadi:

1) holat ravishi bilan: Sahnada hozir biron yangilik yuz berishi kerakday, hamma nafasini ichiga yutib, jimgina tikilib qoldi. Birdan qarsak chala boshladilar. (J.Abdullaxonov).

2) ravishdosh bilan: To‘rg‘aylar bir nuqta ustida qanot qoqib g‘ujurlashadi. (P.Qodirov). Temirjon ularning kuyib-pishib bir-birlariga gap uqtirishlarini ko‘rib, o‘qituvchilarning muvaffaqiyatidan qanchalik faxrlanishlarini his qila boshladi. (J.Abdullaxonov). Qiqirlab kulganicha qochib borayotgan qizning ortidan jilmayib qarab turdi. (J.Abdullaxonov). Ona yana o‘ylay-o‘ylay o‘yiga etolmay qoldi. (J.Abdullaxonov).

3) sifatdosh+ «holda» ko‘makchi so‘zi bilan:  Bu payt Yulduzning dugonalari o‘zaro bahslashgan holda yaqinlasha boshladilar. (J.Abdullaxonov).

4) bosh kelishikdagi ot yoki ko‘makchili ishlatilgan ot bilan: Turmushning yaxshi o‘tib, farovonlik bilan yashashni istasang, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yma. («Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur»).

5) sifat bilan: Qiyshiq o‘tirsang ham, to‘g‘ri gapir. (Maqol). Albatta, mendan ko‘ra paxta ishining ustalari yaxshiroq bilishadi. (J.Abdullaxonov).

6) taqlid so‘z bilan: Ufqqa yonboshlagan quyoshning so‘nggi nurlaridan yaltiragan mirzateraklar uchidagi nurlar lip-lip o‘chdi. (J.Abdullaxonov). Ba’zilar negadir hiring-hiring kulishar, pichir-pichir so‘z qotishardi. (J.Abdullaxonov).

7) frazeologik ibora bilan: U tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib ko‘chaga chiqdi. (F.Musajonov).

2. Payt holi ish-harakatning bajarilish paytini, uning chegarasini bildirib, qachon? qachongacha? qachondan beri? kabi so‘roqlardan biriga javob bo‘ladi.  Payt holi payt ravishi, ravishdosh, jo‘nalish, o‘rin-payt, chiqish kelishigidagi so‘zlar bilan, ko‘makchili ishlatilgan so‘zlar bilan, so‘z birikmasi bilan ifodalanadi. Masalan: Tomosha qilib turganlar doim uni kulgi qilishardi. (P.Qodirov). Ertalab bolalar uchun olgan suvlaridan ozgina qolgan edi. (P.Qodirov). Hech qachon o‘z aybingni birovga yuklashni o‘rganma!.. (J.Abdullaxonov). Yoshligingda  odat qilsang, qariguncha ko‘nikasan, qariganingda odat qilsang, ko‘nikkuncha ko‘milasan. (Maqol). O‘ttizida er atangan, qirqida sher atanar. (Maqol). Kuni bilan jiyanlarini erkalatib, soy bo‘ylarida aylandi. (J.Abdullaxonov). Biz dam olish kuni shahardan tashqariga, Bo‘zsuv bo‘yiga chiqdik. (O.Yoqubov).

Payt holi harakatning bajarilish paytini bildiradi: Shunday diqqat bo‘lgan kunlarning birida Tolibjon kechasi xontaxtaga bag‘rini berib... xat yozdi. (S.Ahmad). Temirjonning ongi hech qachon bunchalik yangiliklar bilan boyimagan edi. (J.Abdullaxonov).

Payt holi harakatning bajarilishidagi chegarani bildiradi: Yangi yilgacha yog‘ingarchilik kam bo‘ldi... (J.Abdullaxonov). Ertalabdan to qorong‘i tushgunga qadar barcha qatori dala qoshidan nari ketmasdi. (J.Abdullaxonov). Temirjon allamahalgacha uyqusi qochib, Usmonali otaning Hilol aka haqidagi gaplarini eslab yotdi. (J.Abdullaxonov). Men yigirma besh yildan beri paxta ekaman. (J.Abdullaxonov).

3. O‘rin holi ish-harakatning bo‘lish, boshlanish, yo‘nalish o‘rnini bildirib, qayerda? qayerdan? qayerga? qayergacha? kabi so‘roqlarning biriga javob bo‘ladi. O‘rin holi o‘rin ravishi, jo‘nalish, o‘rin-payt, chiqish kelishigidagi otlar hamda ko‘makchili ishlatilgan otlar, so‘z birikmasi bilan ifodalanadi. Masalan: Unda yuqoridan shitob bilan quyilib kelayotgan tiniq suv toshlarga urilib, qirg‘oqqa sapchib oqardi. (S.Ahmad). Afsus, oyoqlar ostida tuzoqlar ko‘p. (T.Malik). Osmoni falakka burgut qanotini tarang yozib uchadi. (S.Ahmad).

O‘rin holi ma’nosiga ko‘ra uch xil:

1) ish-harakatning bo‘lish o‘rnini bildirib, qayerda? so‘rog‘iga javob bo‘ladi. U o‘rin ravishi, o‘rin-payt kelishigidagi so‘zlar hamda ko‘makchili ishlatilgan so‘zlar bilan ifodalanadi: Bostirmada g‘ildiraklari olingan... «Volga» mashinasi turibdi. (P.Qodirov). Yuqorida ... bola shitirlashni eshitgan zahoti bu tomonga qarab chopgan edi. (P.Qodirov). Ular yuqoridan shildirab tushayotgan suv bo‘yida archa bilan ayqashib o‘sgan zirk tagida o‘tirib ovqatlanishadi. (P.Qodirov).

2) ish-harakatning yo‘nalish o‘rnini yoki harakatning bo‘lishidagi eng so‘nggi chegarani bildirib,  qayerga? qayergacha? so‘rog‘idan biriga javob bo‘ladi: U Tolibjonga ro‘para kelishdan qo‘rqib, so‘qmoqdan o‘ngga burildi... (S.Ahmad). Ishkomlar tunnel singari bir tekis olis-olislarga cho‘zilgan. (J.Abdullaxonov). Qo‘rg‘oshindek qora bulutlar Oyqor tog‘lari tomon o‘tib ketdi. (S.Ahmad). – Kelib turing, xola,- eshikkacha kuzatib qo‘ymoqchi bo‘ldi Qunduz. (J.Abdullaxonov).

3) ish-harakatning boshlanish o‘rnini ifodalab, qayerdan? so‘rog‘iga  javob bo‘ladi: Ministrlikdan telefon qilishardi. (J.Abdullaxonov). Ammo qayoqdandir hoshiya tortib kelayotgan qora bulut uning yuzini sholday bir nafas o‘rab turdi... . (J.Abdullaxonov). Temirjon haligina kutubxonadan olib kelib, divanga betartib sochib qo‘ygan kitoblariga qaradi. (J.Abdullaxonov).

4. Sabab holi ish-harakatning bajarilish sababini anglatib, nimaga? nima uchun? nima sababdan? kabi so‘roqlarning biriga javob bo‘ladi.

Sabab holini ko‘pincha «uchun», «sabali», «tufayli», «bois» kabi ko‘makchilari yoki chiqish kelishigi –dan affiksi shakllantiradi.

Sabab holi ravish, ot, olmosh, sifatdosh, so‘z birikmasi bilan ifodalanadi. Masalan: U tortinchoqligi, parishonholligi tufayli ayrimlarga g‘alatiroq ko‘rinayotganini ham seza boshladi. (J.Abdullaxonov). Muvaffaqiyatsizliklardan ranjishlar yo‘llariga g‘ov bo‘lmas. (J.Abdullaxonov). Negadir birdan zildek bo‘lib ketgan qo‘lini arang ko‘tarib, qo‘ng‘iroq tugmasini bordi. (F.Musajonov). Hozirgina savdosi yaxshi bo‘lganidan Azizbekning ko‘ngli vayron bo‘ldi. (S.Ahmad).

5. Maqsad holi ish-harakatning bajarilishidagi maqsadni anglatib, nima uchun? nimaga? nima maqsadda? degan so‘roqlardan biriga javob bo‘ladi.

Maqsad holini ko‘pincha «uchun», «maqsadida», «niyatida» yordamchi so‘zlari, shuningdek jo‘nalish kelishigi       –ga affiksi shakllantiradi.

Maqsad holi ravish, ravishdosh, ot, frazeologik ibora, harakat nomi, so‘z birikmasi bilan ifodalanishi mumkin. Masalan: Qadamimni ataylab dadil-dadil bosaman. (P.Qodirov). Ular baliqlarni tomosha qilgani pastga tushishdi. (S.Ahmad). ... Votti kennoyi andak ko‘nglini yozib ketish uchun kelgan ko‘rinadi. (J.Abdullaxonov).

6. Miqdor-daraja holi ish-harakatning bajarilishini miqdor jihatdan belgilab, qancha? necha marta? qanchalab? kabi so‘roqlaridan biriga javob bo‘ladi.

Miqdor-daraja holi ko‘pincha miqdor-daraja ravishlari bilan ifodalanadi: Gapni oz so‘zla, ishni ko‘p ko‘zla. (Maqol). Dodamat akaning qotma va abjir gavdasiga mos qoramag‘iz basharasi Ahmadga borgan sari ko‘proq yoqardi. (F.Musajonov). Bular dushman pozitsiyasiga mumkin qadar yaqinroq borib, biron qulay joyda soatlab... poylab etishadi. (A.Qahhor). Yelkasiga charm xalta osgan yigit tarjimon bilan xiyla tortishib qoldi. (J.Abdullaxonov).

Miqdor-daraja holi son bilan ifodalanadi. Bunda son yakka o‘zi yoki «marta», «karra» so‘zlari bilan kelib miqdor-daraja holi vazifasini bajaradi: Yetti o‘lchab, bir kes. (Maqol). Ana shunaqa, azizlar, fan yana bir karra g‘alaba qozondi. (J.Abdullaxonov). Ortiq ham ayiq ovini bir marta ko‘rgan. (P.Qodirov).

So‘z birikmasi ham miqdor-daraja holi vazifasini bajarishi mumkin. Masalan: Mehmonlar yana bir necha muddat teplitsani aylanishdi. (J.Abdullaxonov).

7. Shart holi nima qilsa(-m , -ng, -k , -ngiz) so‘rog‘iga javob bo‘ladi va bir harakatning bajarilishi uchun shart bo‘lgan ish-harakatni bildiradi: Eksang o‘rasan. Qaytarish sharti bilan oldi.

8. To‘siqsizlik holi nima qilsa (-m, -ng, -k , -ngiz) ham//-da? so‘roqlariga javob bo‘lib, bir ish-harakatning bajari­lishi uchun to‘siq bo‘la olmaydigan ish-harakatni bildiradi va shart få’li+ham//-da), ravishdosh, sifatdosh+bilan ko‘makchisi, qaramay, qaramasdan so‘zlari qatnashgan qurilma orqali ifodalanadi: Chaqirilmasa ham qatnashdi. Kichik bo‘lgani bilan ancha og‘ir edi. Shoshganiga qaramay kutib turdi.

 

Gap bo‘laklarining joylashish tartibi

O‘zbek tilida gap bo‘laklarining tartibi, asosan, erkin. Ularning o‘rnini almashtirish odatda grammatik holatni o‘zgartirmaydi. Masalan: Oppoq bulutlar qishloq ustidan shoshilmay, tog`ga qarab o‘tib ketadi. (S.Ahmad).  - Qishloq ustidan oppoq bulutlar shoshilmay o‘tib ketadi tog`ga qarab. - O‘tib ketadi shoshilmay tog`ga qarab oppoq bulutlar qishloq ustidan. – Shoshilmay o‘tib ketadi qishoq ustidan tog`ga qarab oppoq bulutlar. Mazkur gaplarda gap bo‘laklarining o‘rinlarini almashtirish grammatik holatni o‘zgartirmagan, ammo gap mazmuniga ma’lum darajada ta’sir etgan, negaki har gal boshqa-boshqa gap bo‘laklariga odatdagidan ko‘proq ahamiyat berilgan. Lekin, shunga qaramay, gap bo‘laklari ma’lum bir normativ tartibda joylashish xususiyatiga ega.

O‘zbek tilida ega, odatda, gap boshida, kesim gapning oxirida keladi. Ikkinchi darajali bo‘laklar esa ega va kesim orasida joylashadi. Bunday tartib, asosan, darak gaplarda bo‘lib, u to‘g‘ri yoki normativ tartib deyiladi.

Har bir gap bo‘lagiga nisbatan tartib quyidagicha bo‘ladi:

I. Ega, odatda, gap boshida keladi: Kishilar mirishkor raisni qarsaklar bilan olqishladilar. (Y.Shukurov).

Yoyiq gaplarda ega ba’zan kesim oldida ham kelishi mumkin: Uning yigirmataga yaqin qo‘y-echkisi borligini ko‘p odam bilar edi. (P.Qodirov).

Ba’zan ega gapning oxirida ham keladi: G‘o‘za umriga zavol-ku u. (J.Abdullaxonov).

II. Kesim odatda gapning oxirida keladi: Bog‘da yetti-sakkiz tup mevali daraxt, ikki chinor, ikki tup mirzaterak o‘sgan edi. (J.Abdullaxonov).

She’riyatda, shiorlarda kesim gapning boshida ham keladi:

 

Intilar borliqni inson

Barkamol etmoq uchun.

Ne ajab, insonni borliq

Barkamol etgan emas.

(E.Vohidov.)

III. Vositasiz to‘ldiruvchi odatda fe’l kesim oldida keladi. Masalan: Mashina shamoli brezentning uchini hilpiratib, chakmonning etaklarini tortqilaydi. (P.Qodirov).

Ba’zan vositasiz to‘ldiruvchi gapning boshida keladi: Yomonlik o‘tini faqat yaxshilik o‘chiradi. («Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur»).

Vositali to‘ldiruvchi ham ko‘pincha kesimdan oldin keladi: Xayrli va savobli ishlar insonni turli halokatlardan saqlaydi. (Hadis namunalari).

IV. Hol ham asosan kesimdan oldin keladi:

1. Payt holi, odatda, gap boshida, ba’zan egadan keyin, ayrim hollarda kesimdan oldin keladi. Masalan: Bugun vahshiy tog‘lar orasida u bilan yuzma-yuz keldi. (S.Ahmad). Gazeta yo‘q, televizor hali ham ishlamaydi. (S.Ahmad). Erali allaqachon juftakni rostlab qolgan edi. (S.Ahmad).

2. O‘rin holi, odatda, kesimdan oldin keladi, ba’zan esa gap boshida keladi: ... mashina tog‘ etagidagi ellik-oltmish hovlilik Oyko‘l qishlog‘iga kirib bordi. (P.Qodirov). Tekislikka yoqqan yomg‘ir tog‘ tepasiga qor bo‘lib tushgan ekan. (P.Qodirov).

3. Ravish holi, odatda, kesim oldida, ba’zan gap boshida keladi: ... barglar orasiga to‘planib qolgan oppoq yomg‘ir suvi oftobda yaltirab, tirqirab to‘kildi. (P.Qodirov). – Keling,- deb sovuqqina ko‘rishdi. (P.Qodirov). Qo‘qqisdan qorasovuq boshlanib, cho‘ponlarni tashvishga solib qo‘ydi. (M.Qoriyev).

4. Miqdor-daraja holi ham kesim oldida keladi: Ko‘p yurgan ko‘p ko‘rar, ko‘p o‘qigan ko‘p uqar. (Maqol).

5. Sabab va maqsad hollari kesimdan oldin, gapning boshida yoki o‘rtasida keladi: Aqlning eng katta g‘alabalari, ehtimol, ehtiroslar tufayli ro‘yobga chiqqandir. («Tafakkur gulshani»). Atay izlab keldim, oq qoya, sen naqadar mag‘rur va kibor. (Mirtemir). Endi ularning xatosini tuzatish uchun hammamiz qancha mashaqqat chekamiz. (P.Qodirov).

V. Aniqlovchi aniqlanmishdan oldin keladi. Agar bu tartib o‘zgarsa, ularning grammatik holati ham o‘zgaradi.

1. Qaratuvchi qaralmishdan oldin keladi: Har bir kishining so‘zi o‘z fazilatlari dalili va aqlining tarjimonidir. («Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur»).

2. Sifatlovchi sifatlanmishdan oldin keladi: Havoda ... yong‘oq hazonlarining o‘tkir hidi gurkirardi. (O‘.Hoshimov). Muvaffaqiyatli tarbiyaning siri - o‘quvchiga hurmatda bo‘lish. («Tafakkur gulshani»).

Gapda sifatlovchi birdan ortiq qo‘llansa, ularning tartibi quyidagicha bo‘ladi:

1) sifatdosh bilan ifodalangan sifatlovchi+sifatlanmish: U atrofida mavj urib turgan yashil daraxtlarga ... zavq bilan tikilardi. (P.Qodirov).

2) sifatdosh bilan ifodalangan sifatlovchi + olmosh bilan ifodalangan sifatlovchi + sifat bilan ifodalangan sifatlovchi + sifatlanmish: Osmonning yarmigacha chiqib borgan bu bahaybat devorning u yer - bu yerida cho‘ponlar yoqqan gulxanlar milt-milt qiladi. (P.Qodirov).

3) dagi affiksli so‘z bilan ifodalangan sifatlovchi + sifat bilan ifodalangan sifatlovchi + sifatlanmish: Hulkar chelakdagi tiniq suvdan ... olib kelib berdi. (P.Qodirov).

4) miqdor tushunchasini bildiruvchi so‘z (son, olmosh, ravish) bilan ifodangan sifatlovchi + sifat bilan ifodangan sifatlovchi + sifatlanmish: ... suvdan bir chinni kosa olib kelib berdi. (P.Qodirov).

5) sifatdosh bilan ifodalangan sifatlovchi + son bilan ifodalangan sifatlovchi + sifatlanmish: Yomg‘irdan keyingi loyqada muhrlanib qolgan ikkita izning nimasidir go‘dak tovonini eslatar edi. (P.Qodirov).

Izohlovchi izohlanmishdan oldin yoki keyin keladi: O‘shanda Oxunboboev bilan quvalik temirchi Shakarxon Mo‘minova degan juvonning suvrati gazetada chiqqandi. (S.Ahmad). Norboy ota usta Qambarga gap uqtirib ketdi. (P.Qodirov).

Agar gap bo‘laklarining normativ, to‘g‘ri tartibi o‘zgarsa, inversiya hodisasi ro‘y beradi. Inversiya hodisasi ko‘proq jonli tilda va she’riyatda kuzatiladi. Inversiyada odatda gap bo‘laklarining grammatik holati o‘zgarmaydi. Masalan:. Zotiljam kasali-yu yurak siqilishi nimaligini bilmaydi o‘sha xonadon ahli. (J.Abdullaxonov). (Ega, ega tarkibi gap oxirida kesimdan so‘ng kelgan). Chindan ham hayvonot bog‘i desa bo‘larkan bu yerni. (J.Abdullaxonov). (Vositasiz to‘ldiruvchi inversiyaga uchrab kesimdan keyin qo‘llangan.)   Qaysi bir gazetada ota-bolaning ko‘chat ekib turgandagi surati ham e’lon qilingan edi bir yili. (J.Abdullaxonov). (Payt holi gap oxirida kesimdan keyin kelgan.).

 

 

Asosiy darsliklar va oquv qollanmalari

1.M.Hamrayev, D.Muhamedova, D.Shodmonqulova,  X. G‘ulomova, Sh. Yo‘ldosheva. Ona tili

 (darslik)  Iqtisodiyot-Moliya, Toshkent,     2007-yil.

2.R.Ikromova, D.Muhamedova, M.Hamrayev.  Ona tilidan mashqlar to’plami.  (oquv qollanma). TDPU, Toshkent,     2009-yil.

 

Qo`shimcha adabiyotlar

 

1. Àíãëî-ðóññêèé ñëîâàðü. Ñîñòàâèòåëü Â.Ê.Ìþëëåð. Ìîñêâà, 1971, ñòð. 682.

2. Jamolxonov H.A.   Hozirgi o`zbek adabiy tili. - T.:  “Talqin” nashriyoti.  2005,  25-bet.   

 3. George Yule.  The Study of Language.  CAMBRIDJE  UNIVERSITY PRESS.   2010,  42-bet.