Mavzu: Futbol o‘yin taktikasining tasnifi.
Reja
1. Futbol o‘yin taktikasining umumiy tavsifi
2. O’yinchilarning vazifalari
3. Darvozabonning o’yin taktikasi
4. Hujum va himoya taktikasi
1. Futbol o‘yin taktikasining umumiy tavsifi
Taktika deganda o’yinchilarning raqib ustidan g’alaba qozonishga qaratilgan individual va jamoaviy harakatlarini tashkil qilishi, ya’ni jamoa futbolchilarining muayyan rejaga binoan aynan shu muayyan raqib bilan muvaffaqiyatli kurash olib borishiga imkon beradigan birgalikdagi harakatlarini tushunish kerak.
Taktikadagi asosiy vazifa hujum va himoya harakatlarining maqsadga erishtira oladigan eng qulay vosita, usul va shakllarini belgilashdan iboratdir.
Qanday taktikani tanlash har bir alohida holda jamoa oldida turgan vazifalarga, kuchlar nisbati va o’yinchilarning o’zaro kurashuvchi guruhlariga, maydonning ahvoliga, iqlim sharoiti va hokazolarga bog’liq. Futbol taktikasining tasnifi 64-rasmda berilgan.
Futbol matchi ko’p martalab hujumdan himoyaga va himoyadan hujumga o’tishdan iborat bo’lgani uchun ham, tabiiyki, har qaysi jamoaning hujum va himoya harakatlari uyushgan bo’lishi kerak.
Taktika uchrashuv vaqtida butun o’yin faoliyatining asosiy mazmuni hisoblanadi. Konkret raqibga qarshi to’g’ri tanlangan kurash taktikasi muvaffaqiyat qozonishga yordam beradi, noto’g’ri tanlangan yoki uchrashuv mobaynida asqotmagan taktika esa odatda mag’lubiyatga olib keladi.
Raqiblarni neytrallash vazifalarini to’g’ri hal qila bilish va hujumdagi o’z imkoniyatlaridan muvaffaqiyatli foydalana olish umuman jamoaning ham, uning alohida o’yinchilarining ham taktik yetukligini ko’rsatadi. Hujum va himoyada hamma futbolchilarning harakatlari yaxshi uyushtirilgan hamda, albatta, faol bo’lgandagina jamoa muvaffaqiyatga erisha oladi.
64-rasm. Futbol taktikasi tasnifi
Murabbiy o’yinning taktik rejasini qanday qilib tuzgan bo’lmasin, bu reja alohida futbolchilarning harakatlari bilan amalga oshiriladi. Ana shuning uchun ham individual taktik kamolotga erishmay turib, jamoaning o’yinini chiroyli va risoladagidek qiladigan aniq taktik harakatlarni oshirishni xayolga ham keltirib bo’lmaydi.
Futbol o’yinida taktika bilan texnika bir-biriga chirmashib ketgan bo’ladi. To’pni kimga va qanday uzatish lozim, raqibni dog’da qoldirish uchun aylanib o’tishni ishlatish kerakmi yoki to’pni sherikka oshirgan ma’qulmi, darvozaga qaysi paytda zarb berish zarur ekanligini Hal qilayotgan o’yinchi taktik tafakkurdan foydalanadi, ahd qilgan harakatini amalga oshirayotganda esa u texnik mahoratini namoyish etadi. Demak, texnika o’yinchining texnik rejalarini amalga oshirish vositasi bo’lib xizmat qiladi. Texnik tayyorgarlik a’lo darajada bo’lsagina xilma-xil taktik harakatlarni bajarish mumkin.
Teng kuchli jamoalar uchrashuvida ulardan birining g’alabasiga ko’pincha mag’lub bo’lganlarda irodaning kamlik qilgani yoki jismoniy va texnik tayyorgarlik bo’sh bo’lgani sabab qilib ko’rsatiladi. Biroq futbol o’yinidagi g’alaba aksariyat hollarda taktik rejalar kurashi bilan belgilanadi.
Taktika ikki jamoaning jismoniy, texnik va ma’naviy-irodaviy tayyogarlikdagi darajalari teng bo’lganda, ulardan birining g’alaba qilishini ta’minlab beradigan muhim omildir. Yirik musobaqalardagi ko’plab misollar shundan dalolat beradi.
Ustalik bilan ishlatilgan taktikagina muvaffaqiyat keltira oladi. Ba’zan jamoalar har qanday raqibga qarshi o’ynaganda ham bir xil taktika ishlataveradilar. Taktik jihatdan bunday qashshoqlik, bir xillik mahoratning o’sib borishiga to’sqinlik qiladi. Har bir jamoa, ayniqsa, yuqori darajali jamoa xilma-xil taktik planda o’ynay bilishi kerak, bo’lmasa u, ayrim yutuqlari bo’lishiga qaramay, musobaqalarda katta g’alabaga erisha olmaydi.
O’quv-trenirovka jarayonida taktik tayyorgarlikka jiddiy e’tibor beriladi. Har bir o’yinchi va, umuman, jamoa harakatlarning xilma-xil variantlarini mukammal egallagan bo’lishi kerak.
Hujum harakatlari bilan himoya harakatlarining doimiy kurashi natijasida o’yin taktikasi uzluksiz takomillashib boradi. Xuddi ana shu kurash futbol taktikasi taraqqiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi.
2. O’yinchilarning vazifalari
Raqibga qarshi kurashayotgan jamoa harakatlaridagi uyushqoqlikka alohida futbolchilar o’rtasida vazifalarni aniq taqsimlash bilan erishiladi.
Hozirgi vaqtda o’yinchilarni vazifalariga ko’ra taqsimlash ular tayyorgarligidagi universallikka asoslangan bo’ladi. Bu hamma ishni barcha birdek bajara oladi degan so’z emas, albatta. Ammo har bir futbolchi o’yinning hamma texnik usullarini egallagan bo’lishi, hujumda ham, himoyada ham bilib harakat qilishi kerak. O’yindagi ayrim vazifalarni esa o’yinchi ayniqsa yaxshi ijro etadigan bo’lishi lozim.
Futbolchilar vazifalariga ko’ra darvozabonlarga, qanot himoyachilari, markaziy himoyachilar, o’rta qator o’yinchilari, qanot hujumchilari va markaziy hujumchilarga bo’linadi.
Har qaysi ixtisos o’yinchilariga bo’lgan talablar va ularning asosiy vazifalarini qisqacha ko’rib chiqamiz.
4.1.1. Darvozabon
Hozirgi vaqtda darvozabonning o’yini turli-tuman va murakkabdir. Darvozabonning jismoniy, texnik va taktik tayyorgarligi, uning psixikasi mustahkamligiga yuksak talab qo’yilayotganligi ham ana shundan.
Odatda, darvozabon - baland bo’yli (175 sm va undan orti?), a’lo darajada jismoniy tayyorgarlik ko’rgan, reaksiyasi juda tez, start tezligi yuqori o’yinchi bo’ladi. U dovyurak va jur’atli, sakrovchan, epchil va hozirjavob, harakatlarini yaxshi muvofiqlashtira oladigan, yaxshi mo’ljal oladigan va rejalay biladigan bo’lishi; to’pning ehtimoliy uchish yo’nalishi, tezligi va traektoriyasini darhol aniqlay olishi, himoya jarayonini mohirona idora qilishi, ya’ni uning izchilligi va uyushqoqligini ta’minlay bilishi kerak.
Darvozabon joyida turib, harakatlanib va sakrab o’ynashning barcha texnik usullarini a’lo darajada bilishi zarur. Darvozabonning mahorat darajasi ana shu usullarning nechoqlik to’g’ri, aniq va ishonchli bajarilishiga bog’liq. Darvoza oldidagi o’yin bilan darvozadan chiqib harakat qilishni muvaffaqiyatli qo’shib olib borish, o’z darvozasini himoyalash va hujum uyushtirishda sheriklar bilan bahamjihat harakat qilish ham darvozabonning yuksak mahoratini ko’rsatadi.
4.1.2. Himoya qatorining o’yinchilari
Qanot himoyachilari.
Hozirgi futbolda qanot himoyachilarining vazifalari kengayib ketdi. Ularning vazifasi endilikda raqib hujumini "buzish" dangina iborat bo’lmay, balki himoyada ishonchli va mohirona o’ynash bilan o’z jamoasining hujum harakatlariga faol qo’shilishni uyg’unlashtirib olib borishdan iborat bo’lib qoldi. Ish hajmining juda ortib, harakat turlarining ko’payib ketishi himoyachilarning jismoniy tayyorgarlik darajasi ortishini - kuchi, tezkorligi, tezlik chidamliligi, epchilligi, sakrovchanligi, start tezligining yuksakligi rivoj topishini talab qilib qoldi. Bu o’yinchilarning harakat muvofiqligi yaxshi bo’lishi, yerda va havoda mohirona yakkama-yakka tortisha olishlari kerak. Ular jamiki texnik usullarni yaxshi bilishlari, raqiblarga mohirona bas kelib, himoya va hujumni uyushtirishda kerak vaqtida, bilib birgalashib harakat qilishlari kerak.
Mudofaada qanot himoyachilariga bo’lgan asosiy talablar:
a) zonada mohirona harakat qilish;
b) raqib darvozasiga yaqinlashib qolganda, qattiq qo’riqchilik qilishga o’tish (yakkama-yakka kurashda ham mohirona o’ynash bilan birga);
v) havoda kurash olib borish (yuqoridan to’p uzatilganda);
g) sheriklarini, lozim bo’lib qolganda esa darvozabonni ham straxovka qilish;
d) raqib zarba berganda va to’p uzatganda, shunga yarasha vaqtida harakat qilish.
Hujumda qanot himoyachilariga qo’yiladigan asosiy talablar:
a) to’pni raqiblardan olib qo’ygandan keyin uni sheriklariga vaqtida va aniq uzatib berish;
b) to’p jamoadosh sherigiga yoki darvozabonga o’tganda, qanot tomonda mohirlik bilan ochilish;
v) raqib uchun kutilmaganda hujumga qo’shilish; bunda to’p shu himoyachida bo’lib, u qanotda harakat qiladi, shuningdek, qanot hujumchisi bilan o’rin almashadi yoki qanotdagi zona bo’sh qolganda, shu hujumchi o’rnida o’ynaydi.
Markaziy himoyachilar.
Mudofaaning markaziy qismida o’ynaydigan futbolchilar haqli ravishda asosiy o’yinchilar hisoblanadi. Chunki ular darvoza zabt etiladigan eng xavfli joyda raqib bilan kurash olib boradilar.
Qanot himoyachilarining jismoniy va texnik fazilatlariga qo’shimcha tarzda markaziy himoyachilar havoda kurasha olish uchun baland bo’yli va juda sakrovchan ham bo’lishlari kerak.
Oldingi markaziy himoyachi o’ziga topshirilgan vazifa bilan zonada harakat qilishni mohirona uyg’unlashtirib olib borishi kerak. O’ziga topshirilgan o’yinchini nazorat qilib borish uning uchun birinchi galdagi vazifa bo’lib, zonada harakat qilish ikkinchi navbatdagi vazifadir.
Oldingi markaziy himoyachi mudofaada markaziy hujumchining harakatlarini e’tibor bilan kuzatadi, zarur bo’lganda esa orqa himoyachi bilan o’rin almashib, mudofaadagi sheriklarini straxovka qiladi. Hujumda u to’p olgandan keyin hujum harakatlariga qo’shilib, tezlik bilan olg’a boradi yoki sheriklariga to’p oshirib beradi. Ayrim paytlarda ikkinchi eshelondagi hujumni qo’llaydi va iloji bo’lsa darvozaga to’p tepadi.
Orqa chiziq markaziy himoyachisi taktik sharoitni nozik did bilan tushunishi, raqiblarining taktik yo’llarini "o’qiy" olishi hamda to’pni egallab olish va sheriklarini straxovka qilish uchun mudofaada to’g’ri pozisiya tanlashi kerak. Uning asosiy ishi - mudofaa qiluvchilarning hamma harakatlarini muvofiqlash, zonada o’ynash, darvozabon va sheriklar bilan hamkorlik qilish. Sun’iy "o’yindan tashqari holat" ni to’g’ri uyutirishga hammadan ko’p javob beradigan ham shu o’yinchidir.
Hujumga o’tayotganda, orqa chiziq markaziy himoyachisi darvozabon yoki sheriklaridan to’p olish uchun ochiq joyga chiqadi, keyin esa aniq va xilma-xil uzatishlar qilib, hujumning davom ettirilishiga imkon yaratadi. Keskin holatlar yaratishda nisbiy erkinlikdan maksimal foydalanishga intilib, gohida uning o’zi ham hujumga qo’shiladi, ba’zan esa uzoq yoki o’rtacha masofadan to’p tepib, hujumni yakunlaydi. Hozirgi vaqtda himoyachilarning vazifalari universallashuv tomon taraqqiy etib, ularning harakatlari yarim himoyachi va qanot hujumchilarining harakati bilan yaqinlashib bormoqda.
O’rta qator o’yinchilari.
Hozirgi futbolda o’rta qator o’yinchilarining harakatlariga ko’p jihatdan jamoaning muvaffaqiyat qozonishiga aloqador omillardan biri deb haraladi. Bu ixtisosdagi futbolchilar butun match davomida yuksak ishchanlikni ta’minlaydigan a’lo darajadagi har tomonlama tayyorgalikka ega bo’lishlari kerak. Ular hujum va mudofaa harakatlarida faol bo’lishlari, o’yinni yuksak sur’atda o’tkazishlari va uni bir dam ham susaytirmasliklari darkor. Taktik tayyorlik bo’yicha, jamoa bo’lib o’ynash vositalari va usullarini tanlashdagi epchillik va ixtirochilik bo’yicha o’rta qator o’yinchilari oldiga oshirilgan talablar qo’yilmoqda. Ular hujumda ham, himoyada ham hamma sheriklarining hamkorligini uyushtirib turadilar. O’rta qator o’yinchilari mudofaada ham, hujumda ham bir xilda yaxshi o’ynashlari, butun jamoa o’yinini tashkil eta bilishlari kerak. Ularning harakatlari yuksak darajadagi ijrochilik mahoratiga asoslangan va doimo mustahkam, kuchli bo’lishi lozim. Ular nihoyatda xilma-xil uzatishlardan, aylanib o’tish va hokazolardan foydalanadilar. Odatda o’rta qatordagi yuksak mahoratli o’yinchilar kuchli, a’lo darajali, zarba bera oladilar.
Hujumda o’rta qator o’yinchilariga qo’yiladigan asosiy talablar:
a) mudofaadan hujumga o’tishni tashkil etish va hujum rivojini davom ettirish;
b) maydon o’rtasini nazorat qilish va jamoaning to’pni uzoq vaqt boshqarib turishini, binobarin, tashabbusni qo’ldan bermay turishini ta’minlash;
v) hujumni yakunlashda qatnashish;
g) ham yaqinda turgan, ham uzoqdagi sheriklar bilan hamkorlik qilish;
d) hujumni rivojlantirishda to’pni qanotdan tez oshirish va bo’shagan zonaga tez ochilib chiqish yordamida qo’qqisdan ro’y berish holatini yuzaga keltirish.
Mudofaada o’rta qator o’yinchilariga qo’yiladigan asosiy talabalar:
a) maydonning bo’yi va eni bo’ylab to’g’ri taqsimlanib, joylashish hisobiga raqibning javob hujumi tez rivoj topishiga to’sqinlik qilish;
b) o’zi turgan zonadagi eng yaqin raqib o’yinchisini yoki shaxsan birkitib qo’yilgan raqibni kuzatib borish;
v) to’p uzatilishi va darvozaga to’p tepilishiga yo’l qo’ymaslik;
g) sheriklarni straxovka qilish va ular bilan hamkorlik qilish.
Jamoaning o’rta qatori ko’pincha turli taktik planda harakat qiluvchi futbolchilardan tuzilib, yarim hujumchi, dispetcher va yarim himoyachidan iborat bo’ladi.
Yarim hujumchi asosan hujum qiluvchi o’yinchi vazifasini bajaradi. Goho u hujumning oldingi qatorida harakat qiladi va harakatni faol yakunlaydi. Dispetcher hujumda guruh va jamoa harakatlarini uyushtiradi hamda ularni ikkinchi eshelondagi harakatlar bilan birga qo’shib olib boradi. Yarim himoyachi birinchi galda o’z darvozasi mudofaasini tashkil etishga yordam berib, ba’zi-ba’zidagina jamoasining hujum qatorlariga yorib kirib boradi.
O’rta qatorni tuzayotganda, o’yinchilar bir-birini to’ldirib, umuman shu o’yin ixtisosi uchun nazarda tutilgan barcha vazifalarning bajarilishini to’liq va ishonchli ta’minlaydigan qilib tanlanadi. Biroq yarim himoyachilar o’yin taktikasining rivojlanishidagi asosiy tendensiya shundayki, ular jamoaning yakunlovchi hujum harakatlarida bevosita ishtirok etadilar.
4.1.3. Hujum qatori o’yinchilari
Qanot hujumchilari.
Futbolda hujum qatorining boshqa o’yinchilari singari qanot hujumchilari ham tezkor, chaqqon, qo’rqmas va bardoshli bo’lishlari kerak. Harakat sur’ati va maromini o’zgartira bilish, raqib kutmaganda "portlay olish" forvardlar (qanot hujumchilari) uchun shart bo’lgan xislat. Yerda va havoda samarali kurasha olish uchun hujumchilar sakrovchan va kuchli bo’lishlari kerak. Hujumchilarning bisotida to’psiz mohirona manyovr qilish hamda zarba berish, to’pni moslash, to’p olib yurish, raqibni aldab o’tishdek xilma-xil texnik usullarni yuqori tezlik bilan bajara bilish malakalari mavjud bo’lishi shart. Qolgan hujumchilar kabi ular ham hujum harakatlarining yakunlovchi bosqichida qat’iylik va mustaqillik ko’rsatishlari, kombinasion o’yinda sheriklar bilan mohirona, bahamjihat harakat qilishlari, buni individual improvizasiya bilan birga qo’shib olib borishlari kerak.
Hujumda qanot hujumchilariga qo’yiladigan asosiy talablar:
a) "o’yindan tashqari holat" chegarasida mohirlik bilan o’ynash, shuningdek, orqa va o’rta qator o’yinchilari uzatgan to’pni olish uchun ortga qayta bilish;
b) qanotda tezkor shaxsiy manyovr qilib, keyin to’pni raqibning jarima maydoniga uzatish yoki g’izillatib oshirib berish;
v) hujum qatoridagi sheriklari bilan yoinki hujumga qo’shilgan himoyachilar va o’rta qator o’yinchilari bilan hamkorlik qilish;
g) hujumni yakunlashda qatnashish.
Hujumi bekor ketganidan keyin mudofaaga o’tayotganda, qanot hujumchisi qanot himoyachisini ta’qib qiladi yoki eng yaqinidagi to’pni egallagan raqib bilan kurash boshlaydi. Qanot hujumchisi natijali hujum qilish uchun kuch saqlab, mudofaa harakatlarida kam, lekin faol qatnashadi.
Markaziy hujumchi.
Hujumni keskin davom ettirish yo’llarini uzluksiz izlash, hujum qatorining "uchida" o’ynash, jamoa urinishlarini natijali yakunlashda faol qatnashish bu futbolchining asosiy vazifasi hisoblanadi. Markaziy hujumchi zarba pozisiyasiga eng qisqa yo’l bilan yetishga intilib, maydonning butun kengligi bo’ylab ko’p martalab va xilma-xil tarzda ochilib chiqadi. U tezkor manyovr qiladigan, bitta, ba’zan esa bir nechta himoyachi bilan kurashda darvozaga qarata zarba bera oladigan, sheriklari tepalatib uzatgan to’pdan mohirona foydalana biladigan, qaytgan to’pga qo’shimcha zarba berishga intiladigan bo’lishi kerak. Kurashda qo’rqmaslik, qat’iylik, fidoyilik - bu xislatlarning hammasi yuqori mahoratli markaziy hujumchilarga xos fazilatlardir.
Aslida mudofaada markaziy hujumchilarning muayyan vazifalari bo’lmaydi. Ularning hujumdagi faolligining o’zi hujum qatoriga borib qo’shilishga jur’at etolmayotgan bir necha himoyachilar harakatini bo’g’ib turadi, chunki ularning ort tomonida tezkor, manyovrli raqiblari bor. Markaziy hujumchi yakkama-yakka kurash va vaqt tanqisligi sharoitida individual harakatlar bilan guruh harakatlarini mohirona qo’shib olib boradigan, pozisiyani ustalik bilan tanlaydigan, yakunlovchi harakat yoki usullarni bajara oladigan bo’lishi kerak.
3. Darvozabonning o’yin taktikasi
Hozirgi futbol darvozabondan ustalik bilan darvozani himoya qilishnigina emas, balki jarima maydoni ichida faol harakat olib borishni, shuningdek, hamma himoyachilarni boshqaribturishni ham talab qiladi. U jamoasining hamma mudofaa harakatlarini muvofiqlashtirib turadi.
Darvozabon turadigan (hammadan orqada) joyning o’zi unga hujumchilar qanday tizilib kelayotgani va ular nima maqsadda ekanini ko’rib turish imkonini beradi. Vaholanki, bu narsa ba’zida maydonning ayrim joylaridagi o’yinchilar nazaridan chetda qoladi. Shuning uchun mudofaadagi sheriklariga vaqtida "shipshitib qo’yish" himoya harakatlarining mustahkamligiga muhim ta’sir ko’rsatishi mumkin. Buning ustiga, darvozabon o’z jamoasining ko’pgina hujumlarini boshlab beradigan (to’pni qo’lga kiritganida yoki darvozadan to’p tepib berganida) futbolchi, shu sababli ham hujum qatorlarida tashabbus va izchillik saqlanib turishi uchun uning mahorati juda zarur.
Jamoaning himoya va hujumdagi umumiy o’yini darvozabonning individual taktik tayyorgarligiga anchagina bog’liq. Darvozabonning texnik mahorat va jismoniy tayyorgarlikdan o’yinda to’laroq foydalanishiga uning taktik bilimi yanada ko’proq ta’sir qiladi. Ana shuning uchun ham darvozabonlarning taktik tayyorgarligi masalasiga nihoyatda jiddiy e’tibor berish kerak.
Darvozabon taktikasini quyidagilarga bo’lish mumkin:
a) mudofaadagi harakatlar;
b) hujumdagi harakatlar;
v) sheriklar harakatini boshqarish;
Darvozabonning mudofaadagi harakatlari.
Darvozabonning asosiy vazifasi bevosita o’z darvozasini himoya qilishdir. Bunda "darvozadagi harakatlar" bilan "darvozadan chiqqandagi harakatlar" ni ajratib ko’rsatish mumkin.
Darvozadagi harakatlar.
Raqibining yakunlovchi zarbalaridan darvozani bevosita himoya qilishda darvozabon quyidagilarga rioya qilish kerak:
1. Pozisiya (joy) tanlash. To’g’ri tanlangan pozisiya darvozabonga eng kam kuch sarflab, raqiblar darvozaga yo’naltirgan to’plarni ishonchli qabul qilib olish imkonini beradi. Bunda hujum qilayotgan jamoaning to’pni boshqarayotgan o’yinchisi holatini, ya’ni qanday burchak hosil qilib zarba berilishini hisobga olish zarur. Burchak qanchalik o’tkir bo’lsa (masalan, raqiblar jamoasining o’yinchisi qanotda darvoza chizig’iga yetib kolsa), darvozabon to’pni egallab turgan o’yinchi tomondagi ustunga shunchalik yaqinlasha boradi. Markazdan hujum bo’lganda darvozabon nishonga urish burchagini toraytirish va darvozaning istalgan burchagiga yo’naltirilgan to’pni olishni osonlashtirish uchun bir oz oldinroqqa chiqishi kerak. Pozisiyani yaxshi tanlovchi darvozabon to’pga kamdan-kam yiqilib tashlanadi. Bu esa hujumchi go’yo darvozabonni poylab to’p yo’naltirganday taassurot hosil qiladi. Xuddi shuning o’zi pozisiya tanlay bilishga berilgan eng yuksak bahodir.
2. Qaysi hujumchi qanday yo’nalishda zarba berishni yaxshi ko’rishini biladi. Tajribali darvozabonlar raqiblar harakatini sinchiklab o’rganib, ba’zan har qaysi yetakchi hujumchiga kartotekadek bir nima tuzib boradilar. Bu umumiy qonuniyatlargagina emas, balki mazkur muayyan raqibning xususiyatlariga asoslanib pozisiya tanlashni ko’p jihatdan osonlashtiradi. Shuning uchun darvozabon gohida "to’g’ri pozisiya"dan u yoki bu tomonga ko’proq siljib mantiqan to’g’ri qiladi.
3. O’z harakatlarining kuchli va zaif tomonlarini bilish. Ayrim hollarda darvozabon yiqila turib to’p olish qulayroq tomonda darvozaning kattaroq qismini qoldiradi. Bu hol darvozaning kattaroq qismini to’sish uchun eng qulay pozisiya tanlash imkonini beradi. Joy tanlashni takomillashtirish uzviy suratda trenirovka qilishni, har bir match davomida yig’inchoqlikni, nihoyatda e’tibor bilan o’ynashni, bosiqlik va shoshilmaslikni talab qiladi.
Harakat usulini tanlab olish darvozabonga berilgan zarbani qaytaruvchi texnik usulni to’g’ri ijro etish imkonini beradi. Bunda darvozabon: darvozadagi o’z pozisiyasini, to’pning uchish traektoriyasini (to’p yuqoridan, pastdan, yon tomonga yaqinroqdan, uzoqroqdan va hokazo kelayotganini); zarba kuchini, ya’ni to’pning uchish tezligini (to’pni ilib olish tomoniga surilish yoki uni yiqila turib ilish kerakligi shunga bog’liq); o’z o’yinchilari va raqib o’yinchilari qanday joylashganligini (shunga qarab to’pni ilib olish, qaytarib yuborish yoki tashqariga o’tkazib yuborish kerakligi hal qilinadi); maydon va to’pning ahvolini (to’pning sirti va yer ho’lmi yoki quruq ekani va hokazo) e’tiborga oladi.
Harakat usulini aniqlab olgandan keyin darvozabon tegishli texnik usul yordamida uni amalga oshiradi.
Darvozadan chiqqandagi harakatlar.
O’yindagi ahvol darvozabonni ko’pincha darvozani tashlab chiqib, jarima maydoni doirasida harakat qilishga majbur etadi. Bunday hollarda darvozabon yo jarima maydoni doirasiga yo’naltirilgan (uzatilgan yoki g’izillatilgan) to’plarni tutib qoladi, yo bo’lmasa to’pni qo’lga kiritish uchun raqib bilan yakkama-yakka kurash boshlaydi (bunda to’p darvozabon bilan yakkama-yakka chiqqan hujumchi nazoratida bo’lishi, uchib kelayotgan to’p esa "hech kimda" bo’lmasligi kerak).
Darvozabon quyidagi hollarda darvozani tashlab chiqishi mumkin.
- darvozadan chiqish nihoyatda zarur bo’lsa;
- darvozabon tepalatib uzatilgan to’pga yeta olishiga, ya’ni o’z o’yinchilarining va raqib tomon o’yinchilarining joylashishi birmuncha bemalol harakat qilish imkonini berishiga ishonsa;
- raqib g’izillatib uzatgan to’p darvoza yaqinida o’tayotgan bo’lsa.
Darvozabon quyidagi hollarda darvozani tashlab chiqmasligi kerak:
- to’pni qo’lga kiritish uchun kerakli pozisiyaga o’tib ulgurishiga ishonmasa;
- himoyachilardan birortasi to’pni egallagan hujumchi bilan yoki "neytral to’p" uchun kurashib turgan bo’lsa;
- jarima maydoni o’yinchilarga to’lib ketib, ular darvozabonning kerakli pozisiyaga chiqishiga xalaqit berishi mumkin bo’lsa.
Tashlab chiqilgan darvoza raqib uchun ochilib qolishini darvozabon hamma vaqt esda tutishi, shuning uchun ham qanday bo’lmasin, to’pni qo’lga kiritib, hujumdagilarni zarba berish imkoniyatidan mahrum qilishi kerak.
Darvozabonning hujumdagi harakatlari.
O’yin vaqtida to’pni qo’lga kiritgandan keyin yoki darvozadan tepish huquqini olgandan keyin, o’z jamoasining hujum harakatlari boshlang’ich bosqichini uyushtirib berish darvozabonning muhim vazifasi hisoblanadi.
Darvozadan tepishda hujum uyushtirish.
Darvozadan tepishda hujum uyushtirishning ikki xil varianti bor:
1. Darvozabonning to’pni qo’lga kiritish huquqini olishi mo’ljallangan kombinasiya. Darvozabon to’pni himoyachilardan biriga, ko’proq qanot himoyachisiga oshiradi, u esa to’pni darvozabonning o’ziga qaytaradi. Darvozabon to’pni qo’lga kiritib, hujumni turli usulda (qo’lda tashlab berib, qisqa, o’rtacha va uzoq masofalarga tepib berib) davom ettirishi mumkin.
Darvozadan tepib o’yin boshlaganda, hamma kombinasiyalar trenirovka paytida to’pni raqib tutib olishiga yo’l qo’ymaydigan darajada obdon ishlangan bo’lishi kerak.
2. To’pni ochilgan sheriklardan biriga uzatib berish. Darvozabon to’pni qulay pozisiyaga chiqib ochilgan sheriklaridan biriga oshiradi. To’p qancha uzoq masofaga uzatilsa, hujum shunchalik tez rivoj topa oladi, chunki bu xildagi birinchi uzatishdayoq raqibning bir qator o’yinchilari mudofaada faol qatnashishdan mahrum bo’lib qoladi.
Darvozabon turli masofalarga to’p uzatishning umumiy qonunlarini bilishi shart: to’p qanchalik qisqa masofaga uzatilsa, uni oldirib qo’yish ehtimoli shunchalik kam; qanchalik uzoq masofaga uzatilsa, o’yin shunchalik keskinroq bo’ladi. Shuning uchun to’pni qanot tomonda ochilgan o’yinchiga - qisqa masofaga uzatgan ma’qul, chunki raqib to’pni tutib qolganda ham, darvozaga bevosita xavf sola olmaydi.
Javob hujumi uyushtirish.
O’yin vaqtida to’pni qo’lga kiritganidan keyin darvozabon uni qo’li bilan uzatib, javob hujumi harakatlarini boshlab beradi yoki oyoq bilan tepib uzatadi. Bunda qo’l bilan tashlangan to’p sherikka juda aniq yo’naltirilsa ham, qisqa masofaga yetib borishini (to’g’ri, to’pni qo’l bilan 30-40 metrga etkazib beradigan darvozabonlar ham bor), tepilganda esa, masofa uzaysa-da, yetkazib berish aniqligi kamayib ketishini hisobga olish kerak.
Darvozabon javob hujumi boshlanayotganda muayyan taktik vazifani hal qiladi, chunki bu vaqtda uning sheriklari jamoa harakatlarining taktik rejasini amalga oshirish uchun eng qulay pozisiyaga chiqish niyatida manyovrlar qilishayotgan bo’ladi. Bu vazifaning to’g’ri hal etilishi jamoaga tashabbusni qo’lda saqlash, raqibni o’zi uchun qulay sharoitda o’ynashga majbur qilish imkonini beradi. Darvozabon javob hujumi uyushtirayotganda, undan nima talab qilinishini yaxshi bilishi kerak. Agar jamoa qanot hujumchilarining tezkor harakatlaridan bot-bot foydalanayotgan bo’lsa, to’pni qanotdagi uzoq joyga uzatib bergani ma’qul.
To’pni o’yinga kiritish usulini tanlash yoki javob hujumini boshlashda darvozabon quyidagilarga amal qiladi:
- darvozadan tepish yoki darvozabon boshlaydigan javob hujumida jamoa harakatlarini uyushtirish rejasi;
- o’yindagi vaziyat va sheriklardan har birining bu vaziyatni qanchalik tez baholay bilishi;
- o’z hujumchilarining "neytral to’p" uchun raqiblarga qarshi, ayniqsa havoda yakkama-yakka kurashi natijalar (agar himoyachilar osongina yutib chiqishayotgan bo’lsa, to’pni yuqorilatib maydon markaziga tepib berish maqsadga muvofiq emas va, aksincha, raqib to’pni yo’lda tutib qolishga intilib o’ynayotgan bo’lsa, unda to’pni uzoq joyga - himoyachilar orqasiga uzatib berishdan foydalanish mumkin va hokazo);
- o’z darvozasi xavfsizligini (ayniqsa, qo’l bilan to’p uzatayotganda) maksimal saqlab qolish vazifasi.
Sheriklar faoliyatini boshqarish.
Hozirgi vaqtda butun jamoaning hujumi va, ayniqsa, mudofaasini uyushtirishni boshqarmaydigan darvozabonni tasavvur ham qilib bo’lmaydi.
Darvozabon o’yin vaziyatini tezgina baholab, hujumning yo’nalishi, straxovka uchun to’g’ri joylashib olish to’g’risida sheriklariga qisqa va lo’nda ko’rsatmalar berishi shart. Bu ishni u to’pni e’tibordan chetda qoldirmay, hatto o’zi kurash olib borayotgan paytlarda ham qilishi kerak. Mudofaada ishonch bilan harakat qilish, mudofaaning barqaror va mustahkam bo’lishi ko’p jihatdan darvozabon bilan himoyachilarning (birinchi galda markaziy himoyachilarning) bir-birlarini nihoyatda yaxshi tushunishlariga bog’liq. Bevosita darvoza yaqinida jarima to’pi yoki erkin to’p tepilayotganda, "devor" yasashga, shuningdek, burchakdan tepish paytlarida darvozabonning bir o’zi boshchilik qiladi.
Darvozabonning taktik tayyorgarligini takomillashtirishda quyidagilar ko’zda tutiladi:
a) tanlanadigan harakatlarni aniq, vaqtida va tez belgilab olish;
b) darvozada, jarima maydonida mo’ljal ola bilish;
v) yuksak mahorat bilan "o’yinni o’qiy olish", ya’ni mudofaa va hujumda o’yin sharoitini a’lo darajada tushunish asosida sheriklar bilan hamkorlik qilish.
4. Hujum va himoya taktikasi
Hujum taktikasi
Hujum taktikasi deganda to’p ixtiyorida bo’lgan jamoaning raqib darvozasini zabt etish uchun qiladigan harakatlarini uyushtirish tushuniladi. Hujum harakatlari tuzilishining xilma-xilligi, hujum rivoji sur’atining, asosiy yorib o’tish yo’nalishining o’zgartirilishi, nihoyat, yakkama-yakka kurash, texnik usullarning xilma-xil bo’lishi - bularning hammasi hujumni barbod etishga intilayotgan himoyachilarni nihoyatda qiyin ahvolda qoldiradi.
Hujumdagi harakatlar individual harakatlarga, guruh harakatlari va jamoa harakatlariga bo’linadi.
Individual taktika
Hujumdagi individual taktika - bu futbolchining muayyan maqsadni ko’zda tutgan harakatlari, uning mazkur o’yin vaziyatida mavjud bo’lgan bir qancha imkoniyatlardan eng to’g’risini tanlay bilishi, futbolchining to’p o’z jamoasida bo’lganda, raqibning diqqat-e’tiboridan chetga chiqa olishi, o’zi va sheriklari uchun o’ynaydigan bo’sh joy topishi hamda paydo qila bilishi, kerak bo’lib qolgan taqdirda esa himoyachi bilan kurashda yutib chiqishi demakdir.
To’psiz harakatlar.
To’psiz harakatlar quyidagilardan: ochilish, raqibni chalg’itish va maydonning ayrim qismida o’yinchilarning son jihatdan ortiqligini yaratishdan iboratdir.
Ochilish - bu futbolchining sheriklaridan to’p olish uchun qulay sharoit yaratish maqsadida joy o’zgartirishi. Mohirlik bilan ochilish uchun hujumchi u yoki bu vaziyatning qanchalar qulayligini juda yaxshi baholay oladigan bo’lishi kerak. Eng qulay pozisiyaga vaqtida chiqib olish hujumchi va unga qarshi o’ynayotgan himoyachining tezkorlik xislatlariga, sheriklarning harakatiga va boshqa omillariga bog’liq bo’lishi mumkin. Muvaffaqiyat ko’p jihatdan hujumchining to’p qabul qiladigan pozisiyaga qanchalar tez chiqib olishiga va to’p olgandan keyin qanday harakat qilishiga bog’liq.
Hujumchilar asosan maydon bo’ylab manyovr qilib, to’psiz harakatlanib yuradilar. Manyovr qilish - bu futbolchining ochilib chiqishga va raqibni chalg’itishga qaratilgan ko’p martalab joy almashtirishi. Hamma harakatlarning natijasi, pirovardida matchning qanday tugashi, o’yinchilar qanchalar to’g’ri pozisiya tanlashiga, ayni paytda to’pni diqqat-e’tibordan chetda qoldirmay, futbolchiga sheriklaridan qanchasi o’zini "taklif etishi" ga bog’liq.
Qanotda o’ynaydigan hujumchining qanday ochilgani ma’qulroq ekani 65-rasmda ko’rsatilgan. 3-o’yinchi to’pni qanotga uzatib bermoqchi; uning sherigida ochilishning ikkita varianti bor: a) to’pning himoyachi orqasiga, uzoqdagi bo’sh joyga uzatilishi uchun qulay sharoit yaratib, himoyachi bilan qariyb bir chiziqqa chiqish (bu variant hujumchi himoyachiga nisbatan tez yugura olsagina ish beradi); b) o’zi bilan himoyachi orasidagi masofani uzoqlashtirib hamda shundoqqina oyog’iga uzatib berishlari yoki "chala" uzatishlari uchun sharoit yaratib, o’z darvozasi tomon harakatlana boshlash.
|
|
Shartli belgilar: to’pning yo’nalishi o’yinchining to’psiz harakatlanishi o’yinchining to’p bilan harakatlanishi raqib |
65-rasm. "Ochilish" taktik harakati
Sheriklaridan hech biri markazdan hujum qilmayotgan bo’lsa, qanot hujumchisi raqib darvozasiga bevosita xavf solish uchun eng qulay pozisiyaga chiqib, butun maydon kengligi bo’ylab ochilishi mumkin.
Hamma hollarda ham futbolchi pozisiya tanlashda quyidagilarga amal qilishi kerak:
1. Ochilish raqib uchun kutilmaganda va katta tezlikda ijro etilishi kerak. Bu himoyachidan uzoqlashib, to’p olish uchun ma’lum darajada vaqtdan yutish imkonini beradi.
2. Ochilish hali to’p tegmagan sheriklar harakatini qiyinlashtirib qo’ymasligi lozim.
3. To’pni egallagan o’yinchiga ortiqcha yaqinlashib borish tavsiya etilmaydi - bu hujum rivojlanishini sekinlashtirib qo’yadi.
4. "O’yindan chiqib qolmaslik" uchun juda ehtiyot bo’lish zarur. Raqibni chalg’itish - bu sheriklariga individual harakat uchun qulay sharoit yaratib berish maqsadida futbolchining harakatlanishi. Qo’riqchisini ergashtirib ketish maqsadida ma’lum zonaga soxta harakatlana borib, yo to’pi bor o’yinchining, yoki darvozaga bevosita xavf solish uchun qulay pozisiyada turgan sherigining bemalol harakat qilishini ta’minlab berish yaxshi manyovr hisoblanadi.
66-rasmda hujumchilarning qanot himoyachilariga hujum uchun bo’sh zona yaratib berish maqsadidagi chalg’ituvchi harakatlari tasvirlangan.
To’p 8-o’yinchida, 9 va 7-hujumchilar chap tomonga harakatlanib, qo’riqchilarini ergashtirib ketadilar-da, 2-qanot himoyachi hujumga bemalol qo’shilishi uchun zonani ochiq qoldiradilar. Bu paytda maydonning darvozani zabt etish eng qulay bo’lgan qismiga to’p uzatish uchun juda yaxshi imkoniyat yuzaga keladi.
|
|
66-rasm. "Zonani bo’shatish" uchun chalg’ituvchi harakatlar |
67-rasm. Sherikka qulay sharoit yaratish uchun chalg’ituvchi harakat |
67-rasmda hujumchi o’yinchilarning ikkinchi eshelondan hujum qiluvchi 8-o’yinchiga qulay sharoit yaratadigan chalg’itish harakatlari ko’rsatilgan. 9 va 4-o’yinchilar oldinga yon tomonga keskin yugurib, himoyachilarni ergashtirib ketadilar-da, 8-o’yinchiga yanada ilgarilab borishi va darvozaga qarata zarba berishi uchun yaxshi sharoit yaratib beradilar. Bordi-yu himoyachilar yugurib ketganlar ortidan bormasalar, unda to’pni ochilgan sheriklariga uzatib yuborish mumkin.
Chalg’itish harakatlarini amalga oshirganda quyidagilarni yodda tutish kerak:
1. Harakatlanishlar "rostakam" bo’lishi, ya’ni chinakam xavf solib, himoyachilarni harakatlanayotganlar ortidan quvishga majbur etadigan bo’lishi zarur.
2. Harakatlanishlar maksimal tezlikda bo’lmasligi kerak, chunki raqib uning harakatlarini ilg’amay g’olib, quvishni boshlamasligi mumkin (tez harakatlanish chalg’itish bo’lmay, balki yuqorida aytilganidek ochilish bo’ladi).
3. Chalg’itish harakatlarining bir qancha variantlarini bilgan ma’qul, shundagina himoyachilar faoliyati nihoyatda qiyinlashib qoladi.
Maydonning ayrim qismida o’yinchilarning son jihatdan ustunligini hosil qilish. Hujumchi o’yinchilar maydonning biron qismida himoyachilar bilan yakkama-yakka kurashni uddalay olmayotgan bo’lsa, o’yinchilardan biri to’pni egallagan hujumchi o’ynab turgan zonaga o’tgani ma’qul. Shunda maydonning ma’lum qismida miqdoriy ustunlik hosil qilinib, bundan raqibni yutib chiqish uchun foydalansa bo’ladi.
Son jihatdan ustunlikka manyovr qilish bilan, shuningdek, yakkama-yakka kurashda raqibni yutib chiqish bilan hamda kombinasiya yordamida erishiladi. Bu taktik yo’l ko’pincha hujumga anchagina o’yinchilar qo’shiladigan tadrijiy hujum paytida ishlatiladi.
68-rasm. Son jihatdan ustunlikni yuzaga keltirish
68-rasmdan ko’rinib turibdiki, 6-o’yinchi to’pni boshqaribturgan 7-o’yinchi tomonga o’tib, son jihatdan ustunlik hosil qiladi. Bordi-yu 10-yarim himoyachi 6-yarim himoyachini ta’qib qilib bormasa, unda 6-o’yinchida faol individual harakat qilish imkoniyati paydo bo’ladi.
Maydonning ayrim qismida ko’p martalab ochilib chiqib turish, chalg’itishlar va son jihatdan ustunlik hosil qilishni uyg’unlashtirish to’pni egallagan o’yinchilari tomonidan ta’minlanadi. To’pni boshqarayotgan jamoaning o’yinchilari qanchalik faol manyovr qilsalar, hujumni rivojlantirishda turli kombinasiya variantlaridan shunchalik ko’p foydalanish mumkin va aynan bir hujumning muvaffaqiyatli tugashi aniqroq bo’ladi.
Ayrim o’yinchining ham, umuman jamoaning ham taktik jihatdan qanchalar savodli ekanini manyovr qilishga qarab aytsa bo’ladi.
To’p bilan harakatlar.
To’pni boshqarayotgan futbolchi harakatlarining asosiy variantlari to’p olib yurish, aylanib o’tish, zarba berish, to’pni uzatish va to’xtatishdan iborat.
O’yinchilarning hamma texnik harakatlari "O’yin texnikasi" bobida mufassal tahlil qilingan. Bu yerda esa turli o’yin vaziyatlarida qaysi bir harakatdan foydalanish ma’qulroq ekani haqida ba’zi tavsiyalar berish bilan cheklana qolamiz.
To’pni olib yurish. To’pni egallagan o’yinchining sheriklarini raqiblar to’sib olgan bo’lib, to’pni uzatish imkoni bo’lmasa, u holda mana shu taktik vosita ishlatilgani ma’qul. Bunday vaziyatda o’yinchi quyidagi maqsadlarda to’p bilan birga maydonda uzunasiga yoki ko’ndalangiga harakat qila boshlashi kerak:
a) sheriklarining ochilishiga, shuningdek, ulardan birortasining hujum zonasiga o’tishiga imkoniyat yaratib berish. Bu holda sheriklarining yangi pozisiyalarga chiqib olishiga vaqt yetarli bo’lsin uchun harakatlanish tez bo’lmasligi lozim;
b) raqib darvozasiga bevosita xavf solish uchun o’z-o’ziga sharoit yaratish. Bunda akschora ko’rishni qiyinlashtirish uchun to’p maksimal tezlikda olib yuriladi. Bundan tashqari, sheriklarning pozisiyasi qulayligidan darhol foydalanib qolish uchun to’pni boshqarayotgan futbolchi ularning harakatlanishini e’tibor bilan kuzatib borishi kerak.
To’pi yo’q futbolchi to’pni egallagan futbolchiga nisbatan tezroq yugurishini hamma vaqt yodda tutish kerak: shuning uchun ham to’pni uzatish imkoniyati bo’lmagan taqdirdagina uni olib yurgan ma’qul. To’pni ortiqcha ushlab turish hujumning rivojini sekinlashtirib qo’yadi va sheriklar ishini qiyinlashtiradi, chunki ular qulay pozisiyaga chiqib, to’p olmaganlaridan keyin yana pozisiya almashtirishga majbur bo’ladilar.
Aylanib o’tish. Aylanib o’tish, ya’ni to’pni boshqarayotgan o’yinchining raqib bilan kurashda yutib chiqish maqsadidagi harakatlari mudofaadan individual o’tishning muhim vositasidir. Aylanib o’tish usullari qanchalik xilma-xil va samarali bo’lsa, hujum shunchalik xavfliroq bo’la boradi.
Aylanib o’tishning quyidagi turlari mavjud: harakat tezligini o’zgartirib aylanib o’tish; harakat yo’nalishini o’zgartirib aylanib o’tish; aldash harakatlari (fintlar).
Harakat tezligini o’zgartirib aldab o’tish mana bunday bajariladi: to’pni egallagan futbolchi unga yonidan, oldindan - yon tomondan yoki orqadan - yon tomondan hujum qilayotgan himoyachi yaqinroq kelishini kutib, o’rtacha tezlikda harakat qila boradi. Taxminan himoyachi bilan uchrashiladigan paytda, oraliq 2-3 metrcha qolganda, ya’ni himoyachi bevosita hujum qilish masofasiga kelib qolganida hujumchi harakat tezligini keskin oshiradi. Bunda u go’yo himoyachi bilan shartli uchrashish nuqtasidan o’tib ketib qoladi. Aylanib o’tishning bu turi maydonning yon chizig’i bo’ylab to’p olib ketayotganda yoki to’pi bor o’yinchi diagonal bo’ylab harakatlanayotganida ko’proq foyda beradi. Aylanib o’tishning bu usulini boshqacharoq, muayyan harakat uchastkasida tezlikni kamaytirib ham qilsa bo’ladi.
Harakat yo’nalishini o’zgartirib aylanib o’tishning ikki asosiy varianti bor. Bulardan birinchisi himoyachi to’pni boshqarayotgan o’yinchidan oldinda bo’lganida ishlatiladi. To’pi bor o’yinchi o’rtacha tezlikda to’ppa-to’g’ri himoyachiga qarab ketaveradi. Taxminan 5-6 m qolganda, to’pi bor o’yinchi tezlikni o’zgartirmay olg’a tomon chaproqqa harakat qila boshlaydi. Agar himoyachi harakat yo’nalishi o’zgarganiga e’tibor qilmasa, unda tezlikni birdan oshirib, raqibni orqada koldirib ketish mumkin. Bordi-yu, himoyachi to’pi bor o’yinchining yangi harakat yo’nalishini to’smoqchi bo’lib, shu tomonga o’ta boshlasa, unda to’la tezlikda yo’nalishni o’zgartirib, olg’a tomon o’ngga ketib qolsa bo’ladi. Agar himoyachi to’pni egallagan o’yinchi harakatining yo’nalishlari o’zgarishiga tez e’tibor berib, bu yo’nalishni ham to’sib ulgursa, unda yo’nalishni bir necha bor o’zgartirgan tuzuk. Xullas, muayyan yo’nalishda ilgarilashga himoyachi halaqit bermaydigan bo’lib qolganidagina maksimal tezlikka o’tishni yoddan chiharmaslik kerak.
Ikkinchi variant himoyachi orqada yoki orqada - yon tomonda bo’lib, to’pi bor o’yinchi bilan bir tomonga harakatlanayotgan va unga yetib olayotgan bo’lganda qo’llaniladi. Himoyachi yaqinlashib qolgan paytda hujumchi to’pni to’xtatadi-da, 180˚ ga burilib, o’tib ketib qolgan himoyachini chetlab harakatda davom etadi. Aylanib o’tishning bu turi maydonda uzunasiga ham, ko’ndalangiga ham to’p olib yurishda qo’llaniladiki, bu to’pi bor o’yinchi uzunasiga va diagonaliga harakatlanib borayotganida ayniqsa foydali.
Aldash harakatlari (fintlar) yordamida aylanib o’tish - o’yin joyi nisbatan chog’roq sharoitda kurash olib borshning eng samarali vositasidir. Fintlarning quyidagi turlari mavjud:
1. Zarba berib fint qilish. To’pi bor o’yinchi himoyachiga yaqinlasha turib, unga 3-4 m qolganda, go’yo to’pni shundoqqina raqibga tepmoqchidek, oyog’ini qattiq orqaga tortadi. Raqib zarba tegishiga chog’lanib, odatda, o’yinchi yonidan o’tib ketganiga tez e’tibor berolmay qoladi. Bu fint himoyachining yonida bo’sh joy bo’lgan hollardagina qo’llaniladi. Yo’qsa hujumchi o’zi bilan kurashayotgan himoyachining yonidagi himoyachiga ro’para kelib qoladi.
2. Qochib g’olib fint qilish. To’pi bor hujumchi to’ppa-to’g’ri himoyachiga qarab ketaveradi. Orada 2-3 m masofa qolganida hujumchi chap tomonga ketmoqchidek harakat qiladi-da, keyin maksimal tezlikda himoyachining o’ng tomonidan aylanib o’tib ketishga harakat qiladi. Aylanib o’tishning bu turi maydonning istalgan joyida va turlicha o’yin vaziyatida muvaffaqiyat bilan qo’llanilishi mumkin.
3. To’pni to’xtatib turib fint qilish. To’pi bor o’yinchi izma-iz kelayotgan himoyachi yetib olayotganini ko’rib, tezligini bir oz kamaytiradi. Orada 1,5-2 m masofa qolganda, hujumchi to’pni to’xtatadi, keyin esa ilgarigi yo’nalishda maksimal tezlikda harakatni davom ettiradi.
Fint qilib aylanib o’tishning umumiy prinsiplari. Aylanib o’tish ikki harakatdan - soxta va chin harakatlardan iborat bo’ladi. Soxta harakat "mazkur himoyachi tezligida" bajarilishini, ya’ni fintni raqib "ko’rishi" kerak, yo’qsa u soxta harakatga e’tibor berib, akschora ko’ra ulgurmaydi. Vaholanki, hujumchi raqibni soxta yo’nalishda qarshilik ko’rsatishga majbur etishni, binobarin, aylanib o’tishni davom ettirish uchun kerakli yo’nalishni bo’shatib olishni mo’ljallab harakat qiladi.
Fint iloji boricha tabiiy bo’lishi kerak, shundagina himoyachi bajarilayotgan harakatning chinakam ekaniga ishonadi.
Himoyachidan aylanib utib olgandan keyin to’pni gavda bilan to’sib olib, raqib to’pni ola olmaydigan holatga o’tish lozim.
Aylanib o’tishdan maqsad uni namoyish qilishdangina iborat bo’lmasligi kerak. Aylanib o’tish hamma vaqt zarba berish, to’p uzatish, maydonning ayrim qismida miqdor ustunligi hosil qilish va hokazolar uchun qulay sharoit yaratish imkonini beradigan vosita bo’lib qolishi lozim.
Aylanib o’tishni raqiblar jarima maydoni va unga yaqin joylarda ishlatgan ma’qul. Maydonning o’rta qismida va, ayniqsa, o’z jarima maydonida aylanib o’tishni kamroq qo’llash tavsiya etiladi, chunki bunda oldirib qo’yilgan har qanday to’p o’z darvozasi uchun xavfli bo’lib qoladi.
Darvozani mo’ljallab zarba berish. Bu barcha hujum harakatlarini amalga oshirishning eng asosiy vositasi hisoblanadi. Ana shu "pirovard" harakatlar taktik jihatdan mohirona ishlatilmasa, jamoaning yutib chiqishga qaratilgan barcha urinishlari zoe ketadi.
Darvozani mo’ljallab zarba berish taktikasining umumiy asoslari:
1. Zarba berish oldidan darvozabonning pozisiyasini mohirona baholash va uning yaxshi ko’rgan harakatlarini bilish (u to’pni qaysi tomondan iladi - chapdanmi yoki o’ngdan, yerdanmi yoki havodan - yaxshi bilish) kerak.
2. Konkret o’yin vaziyatiga qarab zarba berish usulini to’g’ri tanlash lozim.
3. Bajarish xarakteri (kuchliligi, aniqligi, buramaligi, pastlatilganligi va hokazo) jihatidan aynan shu vaziyatda qulay bo’lgan zarbadan foydalanish zarur.
4. Zarba darvozabon uchun iloji boricha kutilmagan bo’lishi (zarba tayyorgarliksiz, oldindan moslab olmay, darvozaning ilib olish eng qiyin joyi tomon va h.k. berilishi) darkor.
5. Darvozani zabt etish uchun qulayroq pozisiyada turgan sherikka to’p oshirib bergan ma’qul.
6. O’yinchi turli usullarda zarba berishni bilishi kerak. Darvozani mo’ljallab kalla zarba berishni bilish nihoyatda muhim, chunki to’p havolatib uzatilganda hujumni yakunlash uchun bu juda qo’l keladi.
To’p uzatish. To’pni uzatish ikki o’yinchining biri ikkinchisiga to’p yo’naltirayotgandagi o’zaro hamkorligi bo’lib, buni futboldagi individual va guruh harakatlari o’rtasidagi oraliq zveno desa bo’ladi. Kimga, qachon va qanaqa qilib to’p uzatib berish masalasini hal qilayotgan, shuningdek, bu maqsadni amalga oshirayotgan futbolchi individual mahoratini namoyish qiladi. Ayni vaqtda to’p uzatish ikki-uch sportchining birgalikdagi harakatlarini amalga oshirish vositasi hisoblanadi.
"Guruh taktikasi" bo’limida to’p uzatish taktikasi haqida mufassal so’z yuritiladi.
Guruh taktikasi
Futbol matchi davomida yuzaga keladigan taktik vazifalarning ko’pchiligi kombinasiyalar vositasida hal etiladi. Kombinasiya - bu muayyan taktik vazifani hal etayotgan ikki yoki bir necha o’yinchining harakatlari bo’lib, butun o’yin kombinasiyalar va unga qarshi harakatlar zanjiridan iborat. Bunda kombinasiyalar oldindan trenirovkalar vaqtida tayyorlab qo’yilgan va tayyorlab qo’yilmagan, ya’ni matchning o’zi davomida yuzaga kelgan bo’ladi.
Har bir jamoa o’yinning muayyan paytlarida qandaydir bir vazifani birgalikda hal qiladigan zvenolardan, ya’ni taktik birliklardan iborat. Mutlaqo ravshanki, kombinasiya qatnashchilarining hammasi bir-biriga mos harakat qilsalargina muvaffaqiyat qozonsa bo’ladi. Ana shuning uchun ham muayyan kombinasiya tanlash va amalga oshirishda bir-birini tushunish yoki ba’zan aytilishicha, "sheriklik hissi" alohida ahamiyatga ega bo’ladi. O’yinni bir xilda tushunadigan sportchilargina qo’yilgan vazifani yagona rejada hal eta olishlari va kerakli kombinasiya tanlab, uni muvaffaqiyatli amalga oshira olishlari mumkin.
Kombinasiyalarning ikkita asosiy turi bor, deb hisoblanadi: standart holatlardagi kombinasiyalar va o’yin epizodi davomidagi kombinasiyalar.
Standart holatlardagi kombinasyalar. Bunday holatlardagi (to’pni yon chiziqning narigi tomonidan tashlab berish, jarima to’pni tepish, erkin to’p tepish, darvozadan tepish paytidagi) kombinasiyalar o’yinchilarni maydon zonalarida kombinasiyani amalga oshirish uchun eng qulay qilib joylashtirib olish imkonini beradi. Odatda har qaysi kombinasiyaning variantlari ham bo’ladi.
Yon chiziqning narigi tomonidan to’p tashlab berish-dagi kombinasiya. Birinchi variantda to’pni o’z jamoasida saqlab qolish ko’zda tutiladi. (69-70-rasmlarda o’yinchining darvozabon va sherigi bilan munosabatlari kombinasiyalari ko’rsatilgan). Ikkinchi variantning maqsadi esa o’yinchini zarba berish pozisiyasiga olib chiqishdir (71-rasm).
Burchakdan to’p tepishdagi kombinasiyalar. Birinchi variant - to’pni jarima maydoniga oshirish. To’p, odatda, yuqorilatib uzatiladi, bunda futbolchi to’pni darvoza tomonga qayirib (to’p darvoza to’riga bevosita borib tushadigan hollar ham bo’ladi), yoy bo’ylab uchadigan qilib burab tepishga harakat qiladi. Bu darvozabon bilan himoyachilar faoliyatini qiyinlashtirib qo’yadi. Gohida to’pni darvozadan (darvozabondan ham) uzoqlashadigan, ammo yugurib kelayotgan hujumchiga yetib boradigan, yoy bo’ylab uchadigan qilib burab tepiladi. Kamdan-kam hollarda sherigining oyoq qo’yib qolishini yoki raqib oyog’iga tegib darvoza tomon burilishini mo’ljallab, to’pni darvozaning uzunasi bo’ylab "g’izillatib" pastdan beriladi.
|
|
69-rasm. To’pni tashlab berishdagi kombinasiya |
70-rasm. To’pni tashlab berishdagi kombinasiya |
|
|
71-rasm. To’pni tashlab berishdagi kombinasiya |
72-rasm. Burchakdan to’p tepish varianti |
Ikkinchi variant - burchakdan tepishda o’zaro o’ynash. Burchakdan tepuvchi to’pni yonginasidagi sherigiga uzatadi, u esa bir tepib qaytarib beradi. Keyin to’pi bor o’yinchi yo o’zi zarba berish pozisiyasiga chiqadi, yo bo’lmasa to’pni qulay pozisiyasiga chiqqan sherigiga uzatib yuboradi.
Har qaysi variantning ham yaxshi tomonlari bor, ammo to’pni burama tepish yordamida tepalatib zarba bilan uzatib berilganda, darvozaga burchakdan tepishda o’zaro o’ynalgandagiga nisbatan ko’proq xavf solinadi.
Bevosita raqib darvozasi yaqinida jarima to’pi tepishdagi kombinasiyalar. Birinchi variant bevosita darvozani mo’ljallab tepish. Bunda ko’pincha burama to’p tepishdan foydalaniladi, chunki raqiblar to’p yo’lini to’sish uchun, odatda, "devor" yasaydilar. Darvozaning "devor" yopib to’rgan tomoniga yo’naltirgan qulayroq, chunki darvozabon darvozaning to’g’ridan-to’g’ri zarba berish uchun ochiq qolgan tomoniga ko’proq e’tibor beradi. Ikkinchi variant - sheriklardan birini darvozani zabt etish uchun qulay pozisiyaga chiqarish.
73-rasm. Jarima to’pi tepishdagi kombinasiya
73-rasmda jarima maydonining chap qanotidagi o’yinchini hujumga qo’shish kombinasiyasi ko’rsatilgan. 8 va 9-o’yinchilar yonma-yon turadilar. 8-o’yinchi zarba berish uchun yugura boshlaydi-da, to’pga tegmay o’tib ketadi. Bu bilan himoyachilarning 9-o’yinchi harakatlarini kuzatishlarini qiyinlashtiradi.
9-o’yinchi esa kutilmaganda oldinga - o’ng tomonga jarima maydoni yaqinida to’rgan 7-o’yinchiga to’p uzatib beradi. 7-o’yinchi bir tepib to’pni jarima maydoniga yetib kelishga ulgurgan 8-o’yinchiga oshiradi.
Bevosita raqib darvozasi yaqinida erkin to’p tepishdagi kombinasiyalar. Bunday kombinasiyalardan maqsad - jarima to’pi tepishdagi kombinasiyalarning ikkinchi variantida qanday bo’lsa, xuddi shunday, ya’ni sherigini darvozani zabt etish uchun qulay pozisiyasiga chiqarish.
Darvozadan tepishdagi kombinasiyalar. Bu kombinasiyaning ikki ko’rinishi bor. Birinchi holda darvozabon ochilgan sheriklaridan biriga, ko’pincha yon chiziq yaqinida ochilgan sherigiga to’pni tepib chiharib beradi. Ikkinchisida esa darvozabon jarima maydonining yon chizig’i yaqinida ochilgan himoyachiga to’pni tepib chiharib beradi, himoyachi esa to’pni darvozabonga qaytaradi. Keyin darvozabon to’pni oyog’i bilan tepib maydonga chiharadi yoki qo’li bilan sheriklaridan biriga tashlab beradi.
Maydonning boshqa qismlarida jarima to’pi tepish va erkin to’p tepishdagi kombinasiyalar "o’yin epizodlaridagi kombinasiyalar" bo’limida qarab chiqiladi, chunki ular aslida bir-biridan kam farq qiladi.
Standart holatlardagi kombinasiyalar bir xilda bo’ladi, deb o’ylash noto’g’ri. Yuksak mahoratli jamoa bir xildagi dastlabki holatda ham xilma-xil kombinasiyalar chihara bilishi kerak.
Qo’yilgan vazifa qandayligiga qarab kombinasiyani yo kuchli, yoki a’lo darajada to’g’ri tepa oladigan, yoki taktik tafakkuri zo’r o’yinchi boshlab beradi. Shunda raqiblar to’p darvozani mo’ljallab tepiladimi yoki o’yinga tepib beriladimi - oldindan bila olmaydilar.
O’yin epizodlaridagi kombinasiyalar jamoa to’pni olishga erishganidan keyi yuzaga keladi. Ravshanki, to’p olgan jamoaning o’yinchilari kombinasiyani amalga oshirish davomida joydan-joyga o’tib harakatlanib turishlari zarur. Shuning uchun ham bu xildagi kombinasiyalar tayyorgarliksiz bajarilganga o’xshab ketadi. Aynan shu xildagi kombinasiyaning asosiy prinsiplarini saqlab qolgan holda o’yin vaziyatiga qarab uning mazmunini o’zgartira bilish faqat taktik tafakkuri yuksak darajada bo’lgan futbolchilarninggina qo’lidan keladi.
Shunday qilib, ayrim futbolchilarning va, umuman, jamoaning taktik tayyorgarligi eng yuqori darajada bo’lishi murabbiy belgilagan rejani ijodiy bajara bilishdan, tayyorlab qo’yilgan kombinasiyalar bilan tayyogarliksiz yuzaga kelgan kombinasiyalarni mohirona birga qo’shib olib borishdan iborat.
O’yin epizodlaridagi guruh harakatlari ikki kishi, uch kishi va h.k. o’rtasida hamkorlik qilishga bo’linadi. Biroq bevosita kombinasiyalar tafsilotiga o’tishdan oldin uzatishlar taktikasiga to’xtalib o’tish lozim.
Kombinasiyalar manyovr qilish va uzatishlar yordamida amalga oshirilishi yuqorida aytilgan edi. Biroq o’yinchilar qancha manyovr qilishmasin, to’pni uzatish ularni bir-biriga bog’lovchi bo’g’in - baayni "kombinasiya tili" bo’lib qolaveradi.
Uzatish taktikasi. Futboldagi hamma uzatishlarni mazmuniga binoan quyidagi tarzda tasniflasa bo’ladi:
1. Nimaga mo’ljallanganiga qarab: a) oyoqqa borib tushadigan; b) yugurib borishga - himoyachilar orqasiga, bo’sh joyga; v) zarba berishga; g) "chala" - o’z darvozasi tomonga yoki maydonning ko’ndalangiga - ochilgan sherigiga; d) g’izillatib.
2. Masofaga qarab: a) qisqa (5-10 m); b) o’rtacha (10-25 m): v) uzoq (25 m dan ortiq).
3. Yo’nalishga qarab: a) uzunasiga; b) ko’ndalangiga; v) diagonaliga.
4. Traektoriyasiga qarab: a) pastlatib; b) tepalatib; v) yoy bo’ylab.
5. Ijro usuliga qarab: a) sekingina (aniq mo’ljallab); b) burama; v) orqaga.
6. Ulgurishga qarab: a) vaqtida; b) kechikib; v) barvaqt.
Hujum qilayotganlar xilma-xil uzatishlar ishlatish natijasida himoyachilarni goh oldinga chiqib (ko’ndalangiga uzatganda), goh qanot tomonlarga yaqinlashib (uzunasiga uzatganda) harakatlanib yurishga majbur qiladilar, shuningdek, hujum yo’nalishini tezlik bilan qanotdan-qanotga o’tkazib (uzoq joyga diagonaliga uzatganda) o’ynaydilar.
Uzatishlarning har biri muayyan sharoitdagina (himoyachining tezkor yoki sustkashligiga, to’pni olib qolishga ustaligi yoki olib qo’yishni ma’qul ko’rishiga, kallasi bilan yaxshi yoki yomon o’ynashiga va h.k. qarab) samarali chiqishi mumkin. To’p uzatayotgan o’yinchi bularni albatta hisobga olishi kerak.
Maydonning ko’ndalangiga qisqa va o’rtacha masofaga uzatish ishonchliroq bo’ladi. Biroq bunday uzatishlar hujumda tezkor manyovr qilishni qiyinlashtiradi, raqiblarga o’z kuchini hujumning eng xavfli uchastkasida qayta guruhlab olish imkonini beradi. Uzoq masofaga, uzunasiga va diagonaliga (qisman o’rtacha masofaga) uzatish esa yuqori tezlikda hujum qilish imkonini beradi. Bunga kutilmaganlik elementi qo’shiladi-da, mudofaadagilar harakatini qiyinlashtiradi. Natijada, o’yinchilarga zarba berish pozisiyasiga chiqish uchun qulay sharoit yuzaga keladi. Shubhasiz, bu xil uzatishlarda to’pni oldirib qo’yish xavfi oz emas. Biroq bundan qo’rqmaslik kerak, chunki uzatish yaxshi chiqib qolsa, raqib darvozasi bevosita xavf ostida qoladi.
Shunday qilib, uzatish qanchalik qisqa bo’lsa, to’p shuncha kam oldirib qo’yiladi, qanchalik uzoq va keskin uzatilsa yo’l qo’ysa bo’ladigan oldirib qo’yish xavfi shunchalik ko’p bo’ladi. Biroq har ikkala holda to’pni boshqarayotgan futbolchining uzatganda to’pni oldirib qo’yishi minimum darajaga tushirilishiga, har galgi uzatish o’yinni keskinlashtiradigan bo’lishiga erishish kerakligini yodda tutishi lozim.
Quyidagilar uzatish samaradorligiga ta’sir ko’rsatadigan omillar hisoblanadi: futbolchining texnik mahorati; maydonni (sheriklar va raqiblar qayerda va qanday pozisiyada turganini) ko’ra bilishi; to’pni boshqarayotgan o’yinchining taktik fikrlashi, uning to’pni mazkur o’yin vaziyatida sheriklaridan qaysi biriga va qanday tarzda uzatib berish ma’qul ekanini tez va to’g’ri aniqlay bilishi; sheriklarining manyovrchanligi, ya’ni to’pni boshqarayotgan o’yinchiga qilinayotgan "takliflar" miqdori.
Ikki kishilik kombinasiyalar. Quyidagi kombinasiya turlari ikki sherik o’rtasidagi o’zaro hamkorlikka kiradi: "devor", "kesishuv" va "to’p uzatish".
"Devor" kombinasiyasi himoyachi bilan kurashni sherik yordamida yutib chiqishning eng samarali usuli hisoblanadi. Buning mohiyati shundan iboratki, to’pni boshqarayotgan o’yinchi sherigiga yaqinlashib kelib (yoki sherigi yaqinlashib kelganda), to’satdan unga to’p uzatib yuboradi-da, o’zi maksimal tezlikda himoyachining orqasiga o’tib ketadi. Sherigi bir tepishdayoq to’pning tezligi va yo’nalishini to’p uzatib bergan o’yinchi yugurish tezligini sekinlashtirmay turib to’pni yana egallab oladigan, himoyachilar esa bunga halaqit berolmaydigan yoki to’pni olib qololmaydigan qilib o’zgartirib yuboradi (74-rasm).
Kombinasiyaning bu turi sheriklar bir-birini a’lo darajada tushunadigan bo’lishi va texnik jihatdan mahoratli bo’lishini talab qiladi. "Devor" rolini o’tovchi futbolchi to’pi bor sherigining old tomonidagi, diagonal bo’ylab, yon va hatto orqa tomonidagi pozisiyada bo’lishi mumkin. "Devor" kombinasiyasi maydonning istalgan qismida qo’llanilishi mumkin. Biroq ko’plab o’yinchilar to’planib kolgan joyda uning samaradorligi kamayib ketadi. Ana shuning uchun ham hozirgi mudofaadagi taktik joylashishlarda bu kombinasiyani raqiblar jarima maydonida bajarish qiyinlashib qolgan bo’lib, bu esa juda ham aniq o’yin tashkil etishni talab qiladi.
"Kesishuv" kombinasiyasi (to’pi bor o’yinchi bilan uning sherigi ro’parama-ro’para kela turib, uchrashuv nuqtasida to’pni sherigiga qoldirib ketadigan hamkorlik) ko’proq maydon o’rtasida yoki jarima maydoni bo’sag’asida qo’llaniladi.
|
|
74-rasm. "Devor" kombinasiyasi |
75-rasm. "Kesishuv" kombinasiyasi |
O’yinchilarning "kesishuv" dagi hamkorligi 75-rasmda yaxshi ko’rinib turibdi. To’pni boshqarayotgan 8-o’yinchi maydonning ko’ndalangiga harakatlanib boradi, 9-sherigi esa unga ro’para kelaveradi. Ma’lum bir nuqtada ular uchrashib, andakkina pauza qiladilar-da, oldingi yo’nalishda harakatni davom ettiradilar (endi ular bir-birlaridan uzoqlasha boradilar). Shundan keyingi tashabbus to’pni boshqaribkelgan o’yinchida bo’ladi. Agar 6-himoyachi qo’riqchilikni davom ettirib, hech ham 9-o’yinchi ketidan qolmasa, unda 8-o’yinchi individual harakat qilaverishi uchun zo’r imkoniyat paydo bo’ladi. Bordi-yu, 6-himoyachi to’pi bor o’yinchiga hujum qilishga jazm etsa, bu o’yinchi pauza paytida to’pni qo’riqchidan qutulgan va erkin harakat qilish imkoniyatiga erishgan 9-o’yinchiga qoldirib ketadi.
"To’p uzatish" kombinasiyasi ko’pincha vaqtdan yutish maqsadida qo’llaniladi. Kombinasiyaning mohiyati shundaki, to’p yetib kelgan o’yinchi uni moslab turmay, sheriklaridan biriga yuboradi. Bunda sheriklaridan birining tezlik bilan yangi pozisiyaga chiqishi nazarda tutiladi. Bir tepish bilan uzatish yordamida hujumchilar himoyachilarning hujum qaysi yo’nalishda rivojlanishini aniqlab olishini qiyinlashtiradilar, shuningdek, raqiblar darvozasigacha bo’lgan masofani kamaytirish bilan bir vaqtda himoyachilarning to’pni olib qo’yish uchun hujumchilardan birortasiga yaqin kelishiga yo’l qo’ymaydilar.
Uch kishilik kombinasiyalar. Quyidagi kombinasiya turlari uch sherik o’rtasidagi o’zaro hamkorlikka kiradi: "to’pni tegmay o’tkazib yuborish", "joy almashuv" va "bir tegishdayoq uzatib o’ynash".
76-rasm. "Joy almashish" kombinasiyasi
"Joy almashuv" kombinasiyasi. Bu juda samarali kombinasiya bo’lib, uning asosiy maqsadi - sherigi bunga qarshilik ko’rsatayotgan raqibni ergashtirib ketganidan keyin, o’yinchi uning zonasiga o’tish hisobiga raqiblarni yutib chiqishi kerak.
76-rasmda "joy almashuv" kombinasiyasi ko’rsatilgan. O’ng qanot himoyachisi hujumga qo’shiladi. To’pni boshqarayotgan o’ng qanot himoyachisi, ya’ni 2-himoyachi raqiblar himoyachisi ro’parasiga ketayotgan o’ng qanotdagi 7-hujumchiga to’pni uzatadi. Qo’riqlab turgan himoyachi hujum qilmoqchi bo’lganida, 7-o’yinchi to’pni o’zining 6-sherigiga oshiradi, u o’z navbatida to’pni o’ng qanotda juda katta tezlik bilan hujumga qo’shilgan 2-himoyachiga darhol uzatib yuboradi. Shunday qilib, qanotdagi 7-hujumchi bilan qanotdagi 2-himoyachi joy almashib qoladi. Kombinasiya natijasida maydonning o’zi tomonidagi yarmidan chiqib kelib hujumga qo’shilgan o’ng qanot himoyachisi uchun o’yin joyi kengayadi. Maydonning istalgan qismida "joy almashuv" kombinasiyasini muvaffaqiyat bilan qo’llasa bo’ladi. Buning ustiga, shu xildagi bir nechta kombinasiyaning ishlatilishi hujumning muayyan uchastkasidagi miqdor ustunligi hosil qilish hisobiga raqiblarni yutib chiqish bilan ancha vaqtgacha olg’a tomon boraverish imkonini beradi.
"To’pni tegmay o’tkazib yuborish" kombinasiyasi qanot hujumlarini bevosita raqiblar jarima maydonida tugallashda muvaffaqiyat bilan qo’llaniladi..
Qanot bo’ylab hujumni yakunlayotgan hujumchilar ko’pincha darvozaning uzunasi bo’ylab ko’ndalangiga kuchli (g’izillatiladigan) to’p uzatishadi. Bunday uzatish, odatda, oldinda turgan yoki yugurib chiqayotgan sherikka yo’naltirilgan bo’ladi. Biroq bu futbolchini raqiblar, odatda, juda qattiq qo’riqlashadi, sharoit yo’qligidan darvozaga tepish yoki to’pni moslab olishning epini ?ilolmaydi. Shuning uchun har ikkala holatda ham to’p yo’naltirilgan o’yinchi uni sherigiga o’tkazib yuborishi mumkin. Futbolchi g’izillatib uzatilgan to’pni qabul qilishga faol chiqib boradi-da, darvozani mo’ljallab zarba bermoqchidek harakat qilib, to’pni sherigiga o’tkazib yuboradi. Himoyachilarning butun e’tibori, odatda, boshqalardan ko’ra to’pga yaqin turgan o’yinchida bo’lgani uchun ham, to’pni o’tkazib yuborgan o’yinchining orqasida kelayotgan sherigiga darvozani mo’ljallab zarba berish uchun qulay sharoit hosil bo’lib qoladi.
"Bir tegishdayoq uzatib o’ynash" kombinasiyasi uchta sherik o’rtasida ham, ikki sherik o’rtasidagi prinsiplar asosida bajariladi. Farq faqat shundaki, endi to’p boshqa-boshqa yo’nalishlarda uzatilishi mumkin bo’ladi. Ko’proq uchburchak shaklida kombinasiya qilinadi. Bir tegishdayoq uzatish hujumning rivojlanish yo’nalishini kutilmaganda, katta tezlik bilan o’zgartirib yuborish, zarur bo’lib qolganda esa kuchlarni qayta jamlab olish yoki pozisiyalarni o’zgartirib olish uchun vaqtdan yutish imkonini beradi.
Kombinasion o’yin yuzasidan umumiy ko’rsatmalar
1. Trenirovkalar vaqtida kombinasiya tuzilmasini, uning mazmuni, bajarish prinsiplarini o’zlashtirib olish kerak. Shundagina kombinasiyalarni muayyan o’yin sharoitiga moslab bajarish mumkin.
2. Taktik kombinasiya individual taktik tafakkur bilan guruhda bir-birini tushunishning, ya’ni o’zaro hamkorlikning sintezi hisoblanadi. Shuning uchun guruh harakatining u yoki bu tuzilmasini tushunmasdan yodlab olish emas, balki o’z bilim va mahoratini match mobaynida ijodiy tatbiq etish kombinasiyani amalga oshirishdagi asosiy vazifa hisoblanadi.
3. Futbol uchrashuvi boshdan-oyoq oddiy, o’ynab tobiga yetkazilgan va amalga oshirishda ko’p o’yinchilar ishtirok etadigan, murakkab, ko’p yurishli taktik kombinasiyalardan iborat. Lekin ko’p yurishli kombinasiyalar ham, aslida, ketma-ket bajariladigan bir nechta oddiy kombinasiyalardan tashkil topadi. Ko’p yurishli kombinasiyalarni mashq qilish anchagina qiyin bo’lib, ular uchrashuv davomida yuzaga kelib, ko’pincha tayyorgarliksiz bajariladigan bo’lsa ham, ularning qanday saviyada bajarilishi ko’p jihatdan futbolchining oddiy, yaxshi ishlov berilgan kombinasiyalarni bajara olish mahoratiga bog’liq.
4. Kombinasiyalarning turli variantlarini o’rganayotganda, ilgari o’rganilgan biron kombinasiyaning qanchalik ko’p qismi yangi o’rganiladigan kombinasiyaga qo’shilsa, uni o’zlashtirish shunchalik oson va tez bo’lishini yodda tutish lozim. Bir standart holatdan boshlanadigan kombinasiyalar rivojlanishining xilma-xil variantlarini bilishning foydasi ko’p. Kombinasiyalarning bunday turli-tumanligi raqibning mudofaa uyushtirishini juda qiyinlashtirib qo’yadi.
5. Kombinasiyalarni amalga oshirishda jamoadagi sheriklarning chalg’ituvchi harakatlari alohida ahamiyatga ega bo’ladi. O’zlarining harakatlanishlari bilan ular raqib darvozasiga potensial xavf soladilar va mudofaadagilarning e’tiborini chalg’itadilar.
Jamoa taktikasi
Jamoa taktikasi bu muayyan o’yin sharoitida paydo bo’lgan vazifalarni hal qilishda butun jamoa harakatlarini uyushtirishdir. Butun jamoaning hujum va mudofaa harakatlari aniq uyushtirilmasa, o’yin betartib, bemaqsad bo’ladi, unda o’yinchilar o’rtasida vazifa taqsimlashning iloji bo’lmaydi. Bunday hollarda o’yinchilar qanday bo’lmasin to’pni egallab olib, bir amallab darvozaga kiritish uchun u yoqdan bu yoqqa yugurishaveradi.
Futbolning yuz yildan ortiqroq tarixi mobaynida o’yinchilarni aniq joylashtirib, ular o’rtasida vazifalar aniq taqsimlanishini nazarda tutgan ko’plab taktik tizimlar yaratilgan. Hujumdagi jamoa taktikasini, ya’ni muayyan o’yin sharoitida paydo bo’ladigan vazifalarni hal qilishda butun jamoa jamoaviy harakatlarini uyushtirishning asosiy prinsiplarini ko’rib chihamiz.
Har qanday taktik tizimda ham jamoa taktikasi ikki tur harakat, ya’ni tez hujum va tadrijiy hujum vositasida amalga oshiriladi.
Tezkor hujum.
Tezkor hujum jamoa hujum harakatlarining eng samarali usuli hisoblanadi. Buning mohiyati shundan iboratki, unda bitta-uchta uzatishda o’yinchilardan birini darvozani zabt etish uchun qulay pozisiyaga chiharadigan hujum yoki javob hujumi uyushtiriladi. Hujum - bu jamoaning raqib darvozasini zabt etishga qaratilgan harakatlarini uyushtirish. Tez hujumning afzalligi shundaki, bunda mudofaadagi kuchlarini qayta uyushtirib olishga raqiblarning vaqti bo’lmaydi. hujumdagilarning hamma harakatlari kutilmaganlik elementlariga boy bo’lib, yuqori tezlikda bajariladi. O’yinchilar maydonda ko’p manyovr qiladilar va to’pni uzatish bilan eng qisqa vaqt ichida sheriklaridan birini zarba berish pozisiyasiga chiqarish imkoniyatini yaratadilar. Tez hujum javob hujumlari vaqtida, ya’ni o’yin epizodi davomida to’pni qo’lga kiritgan jamoaning harakatlarini uyushtirish vaqtida eng ko’p samara beradi.
Hozirgi futbolda jamoa to’pni qo’lga kiritganidan keyin, o’yin epizodi davomida hujumning uchta fazasi bo’ladi.
Birinchi faza - "o’tish", ya’ni mudofaadan tez hujum usulida hujumga o’tishdagi tayyorgarlik harakatlari. Bu harakatlar to’pni oldindagi o’yinchiga tez uzatib berishni va mudofaada qatnashgan hujum o’yinchilarining hujum qatoridagi o’z joylariga qaytishini o’z ichiga oladi.
Ikkinchi faza - "hujum", ya’ni raqiblar hujumning oldini olish hamda bartaraf etish harakatlarini kuchaytirish va uyushtirishga ulgurmasdanoq, uning mudofaasini yorib o’tish.
Uchinchi faza - "hujumni tugallash", ya’ni gol vaziyati hosil qilish va darvozani mo’ljallab zarba berish.
77-rasm. Tez hujum
77-rasmda o’z jarima maydonida o’ng qanot bo’ylab to’p yo’naltirganda - hujum qilganda yutib chiqqan jamoaning keyingi tez hujum varianti ko’rsatilgan. O’ng tomon markaziy himoyachisi bo’lgan 3-o’yinchi yuqorilab kelgan to’p uchun kurashda yutib chiqib, to’pni 8-o’yinchiga oshiradi. U darhol qo’riqchisiz bo’lgan 11-hujumchiga uzatadi-da, o’zi katta tezlikda olg’a o’tib, oldingi qatorda miqdor ustunligi hosil qiladi. 11-o’yinchining bundan keyingi harakati ikki variantda bo’lishi mumkin: biri sheriklarining chalg’ituvchi manyovridan foydalanib, zarba berish pozisiyasiga chiqish bo’lsa, ikkinchisi oldingi tomon o’tib, himoyachilardan birini o’ziga jalb etgandan keyin darvozani mo’ljallab zarba berish uchun bo’shagan sherigiga to’pni uzatib yuborishdir.
Tez hujumni uyushtirishga bo’lgan asosiy talablar:
1. Raqib hujumchilari mudofaaga qaytib ulgurmasligi uchun ularni "kesib qo’yish" maqsadida to’pni oldinga, albatta, tez uzatib yuborish. 11-o’yinchiga to’p uzatib yuborilganidan keyin raqiblarning 10-, 2-, 8- va 6-o’yinchilari "kesilib qolganligi" ko’rinib turibdi. Albatta, bularning har biri mudofaaga mumkin qadar tez qaytishga harakat qiladi, lekin hujumdagilarning vaqtdan yutganligi va ular bundan mohirlik bilan foydalanib, darvozani zabt etish uchun real imkoniyat hosil qilishlari mumkinligi aniq ko’rinib turibdi.
2. O’yinchilarning ikkinchi va uchinchi fazadagi harakatlari o’ynab tobiga yetkazilgan, yuksak tezlikda bajariladigan kombinasiyalar asosida bo’lishi kerak.
3. Tezlik bilan yorib o’tish manevri qanot bo’ylab, markazda va maydonning butun kengligi bo’ylab amalga oshirilishi mumkin. Bundagi asosiy maqsad - zarba berish pozisiyasiga chiqishning eng qisqa yo’lini topish. Hujumni rivojlantirishda sal bo’lsa ham sustkashlik qilish raqib tomonidan oldin "kesilib" qolgan o’yinchilarning mudofaaga qaytib olishiga imkon berishini, binobarin, hujumni qiyinlashtirib qo’yishini doim yodda tutish kerak.
4. Hujumning oldingi qator o’yinchilari yakkama-yakka kurash san’atini yaxshi egallagan bo’lishlari, ya’ni yakka holda raqibni yengib chiqishni bilishlari kerak. Zarba berish pozisiyasiga chiqish uchun qisqa yo’llardan foydalanib, dastlabki imkoniyat paydo bo’lgani zahoti darvozani mo’ljallab zarba berishi yoki darvozani zabt etish uchun sheriklarga sharoit yaratib berishi lozim.
5. Jamoada mudofaadan dastlabki uzoqqa uzatib berishni kutadigan ma’lum bir o’yinchi bo’lishi shart. Sheriklari eng kam vaqt ichida unga to’p yetkazib berishlari uchun shu futbolchining yaxshi ko’rgan pozisiyasini albatta bilishlari kerak. Jamoa harakatlarining kutilmagan bo’lib chiqishi to’pni hujumning oldingi qatoriga ana shunday maksimal tezlikda o’tkazib berilishiga bog’liq. Ko’pincha dastlabki uzoqqa uzatishda to’p jamoaning dispetcheriga yo’naltiriladi. U o’yindagi sharoitni boshqa sheriklariga qaraganda tez va aniqroq baholaydigan bo’lgani uchun, shiddatli hujumni hammadan ko’ra yaxshiroq davom ettira oladi.
6. Agar tez hujum ko’ngildagidek chiqmasdan, raqiblar mudofaani uyushtirib olsalar, unda o’rta qator o’yinchilari maksimal tezlikda raqiblar jarima maydoniga yaqinlashib, hujumning ikkinchi eshelonini yaratishlari kerak.
Tadrijiy hujum.
Tadrijiy hujum yoki javob hujumini uyushtirishda biron o’yinchi juda ko’p uzatishlar yordamida darvozani zabt etish uchun qulay pozisiyaga chihariladi.
Bu tadrijiy hujumning tezkor hujumdan asosiy farqidir. Bu tur hujumdagi jamoa harakatlarini bajarishda kombinasiyalar qisqa va o’rtacha uzatishlar yordamida amalga oshirilgani uchun, to’pni uzoq vaqt nazorat qilib turish imkoniyati tug’iladi. Yana shuni aytish kerakki, to’plar qisman ayniqsa himoya qatori o’yinchilari hujumga qo’shilganda, maydonning ko’ndalangiga uzatiladi. To’p uzoq vaqt boshqarib turilganiga qaramay, tadrijiy hujumning samaradorligi aytarlik ko’p bo’lmaydi. Hujum rivojlanishiga ko’p vaqt sarflanishi mudofaadagilarga kuchlarni bemalol qayta guruhlab olishga va darvoza zabt etilishi uchun eng xavfli zonalarni to’sib olishga imkon yaratib beradi. Uyushqoqlik bilan amalga oshirilgan mudofaa esa hujum qilayotganlardan himoya qatorini bo’g’inlardan birida yorib o’tish niyatida yana bir turkum kombinasiyalar qilishni talab etadi.
Hujumning muvaffaqiyati ko’p jihatdan hujumchilarning mohirona harakatiga bog’liq. Tamomila ravshanki, yaxshi mudofaadan oz kuch bilan o’tib ketish qiyin, demak hujumga ko’proq o’yinchi qo’shilishi kerak. Bunda maydonning ayrim qismida son jihatdan ortiqlik hosil qilib, shuning hisobiga raqiblar mudofaasini yorib o’tish mumkin bo’ladi.
Maydonnnig butun uzunasiga va ko’ndalangiga manyovr qilish hujum enini kengaytirish imkonini berish bilan birga himoyachilar harakatlarini qiyinlashtiradi, ayni chog’da hujum qiluvchilardan puxta va maxsus tayyorgarlik ko’rgan bo’lishlarini talab etadi. Hozirgi zamon futbolida hujum va himoyada o’yinchilarning katta guruhi qatnashadigan bo’lgani uchun, o’yin mobaynida jamoa bajaradigan ish hajmi ham ancha ko’payib ketadi. Bu esa o’yinning taktik qiyofasini murakkablashtirish, maydonning butun bo’yi va eni bo’ylab ko’p yurishli kombinasiyalar qilish imkonini beradi. Bularsiz tadrijiy hujumda jamoa yutib chiqishini umid qilmasa ham bo’ladi.
78-rasmda darvozabon boshlab, 10-yarim himoyachi unga qo’shiladigan hujum ko’rsatilgan. Tadrijiy hujum paytidagi ko’p yurishli kombinasiyalar natijasida maydon o’rtasining 10-o’yinchisi zarba berish pozisiyasiga chihariladi.
Tadrijiy hujum uyushtirishga bo’lgan asosiy talablar:
1. To’p olgan o’yinchi uni mudofaa zonasida ochilgan sheriklaridan biriga aniq oshirib berishi kerak. To’pni hammadan ko’ra yon chiziq yaqiniga uzatib bergan ma’qul, chunki u yerda o’yinchilar ko’p bo’lmaydi, xato qilib qo’yilgan taqdirda ham, raqib tomon darvozaga bevosita xavf sola olmaydi.
78-rasm. Tadrijiy hujum
2. Oldingi va o’rta qatordagi hamma o’yinchilar maydonning bo’yi va eni bo’ylab faol manyovr qilishlari lozim. To’pi bor o’yinchiga eng yaqin bo’lganlarning mohirlik bilan ochila bilishi ayniqsa muhim.
3. O’yinchilar hujumning oldingi qatoriga istalgan vaqtda uzunasiga yoki diagonaliga tezlik bilan to’p uzatilib qolishi, ya’ni tezkor yorib o’tishga kirishib ketilishi mumkinligini nazarda tutishlari kerak.
4. Jamoa hujumni rivojlantirishda harakat maromini o’zgartirishdan, tezlikni oshirish va sekinlatishdan ("portlay olish"dan) foydalanishi kerak. Shunday qilish mudofaani uyushtirishni hamma vaqt nihoyat darajada murakkablashtirib qo’yadi.
5. O’yinchilar uzunasiga, ko’ndalangiga va diagonaliga uzatishlar hisobiga hujum yo’nalishlarini bir qanotdan ikkinchi qanotga o’tkazishni bilishlari kerak. Bu hujumni maydonning butun kengligida rivojlantirishni ta’minlaydi va raqiblar himoya qatorini uzaytirib yuboradi.
6. Oldindan tayyorlab qo’yilgan, ma’lum bir o’yinchini zarba berish pozisiyasiga chiharadigan kombinasiyalarni ko’proq qo’llash kerak. Bunday jamoa harakatlarini o’yinchilar guruhi ijodiy amalga oshiradi. Ular bunda ba’zan yuzaga kelayotgan sharoitga qarab tayyorlab qo’yilmagan harakatlar ham qilishi mumkin.
7. Hujum qilayotgan jamoaning o’rta qatordagi, ba’zan esa orqa qatordagi o’yinchilari zarba berish pozisiyasiga qo’shilib turishdan foydalanish juda ham muhim, chunki oldingi qator o’yinchilari bo’larga nisbatan qattiqroq qo’riqlanadi.
8. Hujum qilayotganlar to’pni nihoyatda e’tibor bilan, aniq uzatishlari kerak, chunki ular ikkala jamoa o’yinchilari g’uj bo’lib to’plangan sharoitda harakat qiladilar, bu esa raqiblarning to’pni yo’lda olib qolishini osonlashtiradi.
9. Hujum qilayotganlarning joylanishi albatta eshelonlangan, boshqacha qilib aytganda, tabaqalangan bo’lishi kerak. Shunda, raqiblar vaqti kelib to’pni adressiz qaytarib olgan taqdirda ham, hujumni davom ettirish mumkin bo’ladi.
O’yinchilarning hujumdagi hamkorligi
Hozirgi vaqtdagi hamma saflanishlarda himoya qatorida kamida to’rt o’yinchi bo’lishi nazarda tutiladi. Shuning bilan birga sof hujumchilarning (oldingi qatorning) va maydon o’rtasi o’yinchilarining miqdori o’zgarib turishi mumkin. Ana shuning uchun ham muayyan ampluadagi (ixtisosdagi) o’yinchilarning hujumdagi harakatlari xususiyatlari haqida gapirganda, jamoaning har qaysi qatorida qanchadan futbolchi borligini hisobga olib mulohaza yuritish lozim.
Qanot himoyachilari.
Agar jamoada ikkita qanot hujumchisi bo’lsa, o’rta qator o’yinchilari bilan birgalikda hujumning ikkinchi eshelonini hosil qilish uchun himoyachilar oldinroqqa chiqqani ma’qul. Himoyachi epizodik tarzda hujumning oldingi safiga chiqib turishi mumkin.
Bunda u qanot hujumchisi bilan o’rin almashadi, bo’lmasa himoyachi hujumchilarning o’yin joyini toraytirib qo’yadi, natijada mudofaadagilarning straxovka qilishi, bir-biriga yordam berishi osonlashib koladi.
Agar jamoada qanot hujumchisi bitta bo’lsa, unda qanot hujumchisi yo’q tomondagi himoyachi hujumni yakunlashda oldingi eshelon harakatlarida faol ishtirok etish uchun bo’sh joyga yorib kirishi mumkin. Bunda uning harakatlari hujum jabhasi keng bo’lishini ta’minlaydi. Biroq himoyachining bunday reydlari hamma vaqt raqib uchun kutilmagan va o’z mudofaasining mustahkamligini buzmaydigan bo’lishi kerakligini yodda tutish kerak. Hujumga qo’shilgan himoyachi tashlab ketgan zonaga uning sheriklaridan qaysi biridir chiqishi kerak.
Markaziy himoyachilar.
Markaziy himoyachilardan ayni paytda raqibini qo’riqlamayotganigina hujumga qo’shilishi mumkin. Bunda uni sheriklaridan biri (yaxshisi - o’rta qator o’yinchilaridan biri) straxovka qiladi - bu markazda mudofaa mustahkamligi buzilmasligini ta’minlaydi.
Markaziy himoyachi hujumda mohirlik bilan o’ynay oladigan va uzoq masofadan yaxshi zarba bera oladigan bo’lgandagina, uning hujumga qo’shilishi samarali bo’ladi. Hujumga o’tgan markaziy himoyachini odatda hech kim qo’riqlamagani uchun u raqib darvozasi to’g’risidan bostirib boraverishi kerak. Shuning uchun ham markaziy himoyachining hujumga qo’shilishi hamma vaqt begona darvozani real xavf ostida qoldiradi.
O’rta qator o’yinchilari.
Hujumga moyil bo’lgan o’yinchi (uni yarim hujumchi desa ham bo’ladi) oldingi marraga o’tadi va zarba berish pozisiyasiga chiqish imkoniyatini oladi, chunki uning manevri maydonning ichkarisidan yuqori tezlikda boshlanadi-da, uni qo’riqlashni nihoyatda qiyinlashtirib yuboradi. O’rta qator o’yinchilari hujumning oldingi safiga muntazam ravishda qo’shilib turadilar. Bunda ular raqibini chalkashtirib yuborish maqsadida manevrlari yo’nalishini o’zgartirib turishga harakat qiladilar. Bu esa, jamoadagi sheriklari o’rta qator o’yinchisining yaxshi ko’rgan harakat zonalarini yaxshi bilishlari va u qulay pozisiyaga chiqqani zahoti unga darhol to’p oshirib berishlari kerak degan so’z. Bunday futbolchi raqiblardan kimgadir yoki muayyan zonaga bevosita javobgar bo’lmasa ham, hujum bo’qilib qolgan paytlarda mudofaada ishtirok etishi kerak. Bunday hollarda u vaziyatga qarab ish tutadi.
Asosiy vazifasi jamoaning hujum harakatlarini uyutirishdan iborat bo’lgan o’yinchini dispetcher deb atashadi. To’p jamoaga o’tgani zahoti dispetcher maydon o’rtasidagi uchastkalaridan biriga ochilib chiqadi. To’pni olganidan keyin u darhol hujumni qanday usulda (tez yoki tadrijiy) uyushtirish haqida qarorga keladi. U hujumni boshlab, o’zi odatda ikkinchi eshelonda harakat qiladi va epizodik tarzdagina hujumning old qismiga yorib chiqib turadi. Hujumni muvaffaqiyatli yakunlash uchun dispetcher qattiq va yaxshigina tepa oladigan bo’lishi kerak, chunki u ko’pincha 18-25 m masofadan to’p tepishi kerak bo’ladi.
Asosiy vazifa mudofaa harakatlarida qatnashishdan iborat bo’lgan (ko’pincha ma’lum raqib o’yinchisiga o’yin bermaslik - uni neytrallashdek shaxsiy vazifasi bo’ladigan) maydon o’rtasi o’yinchisining hujumda ishtirok etishi, odatda, ikkinchi eshelonda harakat qilish bilan cheklanadi. Bu, hujumning oldingi saflariga o’tish uning uchun mumkin emas, degan ma’noni anglatmaydi, albatta. O’yin sharoiti tavsiya etgan ayrim epizodlarda bunday o’yinchi hujumning oldingi marrasida to’satdan paydo bo’lishi va yakunlovchi zarba berish uchun to’p olishi mumkin.
Maydon o’rtasi o’yinchilarining umumiy vazifalari to’p jamoada bo’lganida tashabbusni uzoq vaqt saqlab turishga yordamlashish, maydon o’rtasini nazorat qilish, hujumning oldingi qatorlariga qo’shilish, ya’ni tadrijiy hujum qilinayotganda, ko’p o’yinchilarni qatnashtirib eshelonlashgan (tabaqalangan) hujum uyushtirishni yoki tezkor hujum paytida o’yinni keskinlashtiradigan to’p uzatishlarni ta’minlashdan iborat.
Hujumni jamoa bo’lib uyushtirish birinchi galda jamoa o’rta qatorining turli ixtisosdagi o’yinchilari qanchalik to’g’ri tanlangani va ularning mahoratiga bog’liq.
Qanot hujumchilari.
Qanotdagi harakatlar yo to’pni boshqarayotgan qanot himoyachisi yoki maydon o’rtasi o’yinchisi bilan hamkorlik qilish uchun orqaga qaytib yoki olg’a tomon faol ilgarilab (sherigining himoyachilar ortidagi bo’sh joyga uzoqdan to’p uzatib berishiga sharoit yaratish maqsadida "o’yindan chiqqan" holat chegarasiga yaqin borib) bajarilishi mumkin.
Maydonning eni bo’ylab harakatlanishlar to’pni boshqarayotgan maydon o’rtasi bilan hamkorlik qilish uchun orqaga qaytish yoki hujumning oldingi marrasiga tez ilgarilab chiqish bilan uyg’unlashtirib bajarilishi mumkin.
Qanot hujumchisi to’p olganidan keyin o’zini yakka yoki sherigi bilan birgalikda qo’riqlayotgan o’yinchidan o’tib ketishga, qariyb raqib darvozasi chizig’igacha yetib borish va to’pni jarima maydonidagi sheriklariga g’izillatib yoki uzatib berishga harakat qiladi. Sheriklaridan birontasi to’p olish uchun ochiq turgan bo’lsa yoki hujumchilar himoyachilarga qarshi havoda muvaffaqiyat bilan kurashayotgan bo’lsa, bunday hollarda to’pni yuqorilatib uzatish samaralidir. G’izillatib uzatishlar esa hamma hollarda ham maqsadga muvofiqdir. Bunda g’izillab kelayotgan to’pga hujumchilardan birontasi chiqib kelishi mumkin bo’lgani uchungina emas, balki vaqt nihoyatda ziq sharoitda qolganidan, buning ustiga goho o’z vazifasini ko’ngildagiday bajarolmay qoladigan himoyachilarning oyog’idan "rikoshet" bo’lishi mumkinligidan ham mudofaadagilarning harakati murakkablashib ketadi. Bunday holda qarshi tomon qanot hujumchisi darvozaning uzoqdagi ustuni yaqinigacha yetib boradi.
Qanot hujumchisi raqib himoyachilari orasini maksimal darajada uzaytirib ketish uchun yon chizig’iga yaqin joyda o’ynaydi. Markaziy hujumchi yon chiziq yaqiniga o’tib, maydon markazi bo’shab qolgan hollarda esa qanot hujumchisi bo’shab qolgan zonaga katta tezlikda yorib kiradi.
Ayrim o’yin epizodlarida qanot hujumchilari o’rin almashadilar. Maydonning eni bo’ylab bunday manevr qilish mudofaa uyushtirishni qiyinlashtiradi va qanot himoyachilarining biror hujumchi harakat xususiyatlariga moslashib olishiga halaqit beradi. Goh u, goh bu qanotda uzoq vaqt g’olib ketish ham muvaffaqiyat qozonishga yordam bersa-da, lekin hujumning rivojlanishi mobaynida o’rin almashish ayniqsa samarali chiqadi.
Qanot hujumchisi doimo tezkor manevr qilishga tayyor turishi va shuning bilan birga yakkama-yakka kurashning hamda zarba berishning xilma-xil usullarini a’lo darajada bilishi kerak.
Markaziy hujumchi.
Bu ixtisosdagi futbolchi hamma vaqt darvozaga intilib turadi va zarba berish pozisiyasiga chiqish uchun eng yaqin yo’l izlaydi. U hamma vaqt raqiblardan bir nechtasining qattiq nazorati ostida bo’ladi, shuning uchun ham ochilib chiqishlar bilan raqib mudofaasidagi asosiy o’yinchilarni chalg’itishlarni birga qo’shib, ko’p manyovrlarni amalga oshirish kerak. Markaziy hujumchi qanot hujumlari vaqtida jarima maydoni markaziga yoki darvozaning o’ziga yaqin turgan ustuniga qanot hujumchisi g’izillatib yoki uzatib turgan to’p qarshisiga chiqib, to’p uchun kurashda himoyachilardan ko’ra ildamlik qilishga intiladi.
Markaziy hujumchi to’p olganidan keyin, asosan raqibni aylanib o’tish vositalaridan foylanib, darvozani mo’ljallab zarba berish uchun sharoit yaratishga harakat qiladi. Biroq sheriklarni ham unutib bo’lmaydi. Markaziy hujumchi raqibdan ustun kelishni osonlashtirish va darvozani zabt etishga qulayroq pozisiyada to’rgan sherigiga to’p oshirib berish uchun ular bilan hamkorlik qilishdan foydalanishi kerak.
Ayrim epizodlarda markaziy hujumchi orqaga chekinib ochilishi ham mumkin. Sherigiga zonani bo’shatib berish yoki raqib qo’riqchilaridan nariroqda to’p olib, keyin tezkor manyovr qilish uchun shunday yo’l tutiladi.
Hujumchilar soni turlicha bo’lgandagi hujum harakatlari
To’rt hujumchi bilan hujum qilish.
To’rtta hujumchi bilan bo’ladigan hujumda qanotlardan foydalangan ma’qul. Tezkorlik xislatlari yuksak bo’lgan qanot hujumchilari yakka kurashda yoki eng yaqin turgan sherigi yordamida uni qo’riqlayotgan o’yinchini dog’da qoldirib, ilgarilab keta boshlaydi. Bunda quyidagicha harakatlarni amalga oshirish mumkin:
a) darvoza chizig’i yaqiniga chiqish va to’pni kalla qo’yib hujumni yakunlash uchun mumkin qadar uzoqdagi ustun yaqiniga tepalatib uzatish;
b) darvoza chizig’i yaqiniga chiqib, keyin sherigi zarba berishini yoki raqib oyog’idan rikoshet bo’lishini mo’ljallab to’pni darvozaning uzunasiga yoki sal orqaroqqa pastdan g’izillatib berish;
v) qanot hujumchisining darvoza ro’parasiga zarba berish pozisiyasiga, ya’ni "burchak kesib" chiqishi.
Markaziy hujumchilarning asosiy vazifalari - markazdan yorib o’tishni uyushtirish. Darvozani zabt etishga qulay pozisiya egallay turib, ular aylanib o’tish va sherik bilan hamkorlik qilishini birga qo’shib olib borishdan keng foydalangan holda dadil, keskin harakat qilishlari kerak. Bu ixtisosdagi o’yinchilar darvozabondan yoki shtangadan qaytgan to’plarni qayta urib kiritishga, darvozani mo’ljallab zarba berish uchun paydo bo’lib kolgan ozgina imkoniyatdan ham foydalanib qolishga hamma vaqt tayyor turadilar. Agar hujum markazdan bo’layotgan bo’lsa, unda markaziy hujumchilar soxta manyovrlardan va joy almashinishlardan foydalanib, o’zgaruvchan tezlikda o’ynab, zarba beradigan pozisiyaga ochilib chiqishga harakat qiladilar. Markaziy himoyachilardan birining orqasidan ochilib chiqish eng foydali ochilish hisoblanadi. O’rta qator o’yinchisini hujumga qo’shib kombinasiya qilishda markaziy hujumchi soxta manyovr qilib, sherigi kirib keladigan zonadan markaziy himoyachini olib ketishi kerak.
O’rta qator o’yinchilari oldingi marralarga chiqishi mumkin. Bunda ulardan biri hujumda faol ishtirok etadi, ikkinchisi esa qanot himoyachilari bilan birgalikda hujumni quvvatlab, sal orqaroqda harakat qiladi. Biroq o’rta qator o’yinchilari epizodik tarzdagina hujumning birinchi esheloniga qo’shilishlari kerak. O’rta qator o’yinchilarining hadeb ilgarilab ketaverishi to’rtta hujumchining harakatlarini qisib, ularni operativ o’yin joyidan mahrum qilib qo’yadi.
Qanot himoyachilari ham hujumga epizodik tarzda qo’shilib turadilar. Mudofaadagilar to’p olganlaridan keyin javob hujumi vaqtida asosan shunday qilganlari ma’qul. Markaziy himoyachilar esa kamdan-kam hujumga tashlanadilar, chunki maydon markazida raqiblarning hamkorlik qilayotgan o’yinchilari borligini, buning oqibatida o’z darvozalari xavfda qolishi mumkinligini hamma vaqt yodda tutadilar.
Agar raqiblar faqat zona himoyasi tizimini qo’llasalar, unda hujumchilar harakatiga quyidagilar xos bo’ladi:
a) o’rta qator o’yinchilari va qanot himoyachilarining hujumga qo’shilib, jamoaviy manyovr qilishi hisobiga hujumning ayrim uchastkasida son jihatdan ustunlik hosil bo’lishi;
b) darvoza oldidagi ma’lum zonada raqiblardan birini yakka kurashda shaxsan yutib chiqib, keyin qo’shni zonada son jihatdan ustunlik xosil qilish yoki hujumni zarba berib tugatish.
Agar raqiblar aralash himoya tizimini qo’llab, asosiy o’yinchilarni juda yaqindan qo’riqlasalar, unda hujum qilayotganlar quyidagi harakatlarni bajarishlari kerak:
a) himoyachilarni tarqatib yuborish va ayni vaqtda qanot hujumchisi bilan ikki kishilik kombinasiyalar uchun yaxshi imkoniyat yaratish maqsadida dispetcherlik vazifasini sheriklaridan biriga o’tkazib, dispetcherning o’zini shaxsiy qo’riqchisi bilan birga qanotga o’tkazib yuborish;
b) maydonning eni bo’ylab va qisman maydon ichkarisida faol manyovr qilish.
Uchta hujumchi bilan hujum qilish.
Uchta o’yinchisini oldinga chiharib hujum qiladigan jamoalar, odatda, ikkita kanot hujumchisi va bitta markaziy hujumchi bilan, ahyon-ahyonda esa ikkita markaziy hujumchi va bitta qanot hujumchisi bilan o’ynaydilar.
Bundagi hujum uyushtirishning quyidagi holatlari yuqorida bayon etilganlardan farq qiladi:
a) hujumning birinchi esheloniga maydon o’rtasidagi uch o’yinchidan ikkitasi faol qo’shiladi (ko’pincha bu orqaroqda o’ynaydigan yarim hujumchi va dispetcher bo’ladi);
b) yarim himoyachi hujumga uzviy tarzda qo’shilib turadigan qanot himoyachilari bilan birgalikda hujumning ikkinchi eshelonini hosil qiladi;
v) ikkita markaziy himoyachidan biri epizodik tarzda hujumga qo’shilib turadi (odatda, bu katta tezlikda bajariladi va raqib darvozasiga real xavf solinadi).
Hujumga qo’shiladigan o’yinchilarning hammasi hujumchi harakatlarini mohirona bajara olishi, ya’ni universal tayyorgarlik ko’rgan o’yinchilarning anchagina bo’lishi chinakam zo’r hujumni ta’minlash uchun zaruriy shart hisoblanadi.
Qanot hujumchilari maydonning eni bo’ylab tez-tez manyovr qilib turadilar, chunki ularning zonalariga hujumning ikkinchi eshelonidagi sheriklaridan birontasi kirib kelishi mumkin. Bularning hammasi hujumchilarga hujum yo’nalishini uzluksiz o’zgartirish, kuchlarni qayta guruhlab turish imkonini beradi. Ana shuning uchun hozirgi zamon futbolida uchta "sof" hujumchi bilan hujum uyushtirish juda keng tarqalgan.
Agar jamoa ikkita markaziy hujumchi bilan o’yin qilayotgan bo’lsa, unda qanotlardan biri bo’shab qoladi. Bundan qanot himoyachisini yoki o’rta qator o’yinchilaridan birini hujumga qo’shish uchun foydalangan ma’qul.
Ikkita hujumchi bilan hujum qilish.
Ikkita hujumchi bilan hujum qilish oldingilaridan anchagina farq qiladi. Bu xil hujumni uyushtirishda kamida ikkita yarim hujumchi va dispetcher qatnashishi shart. Yaxshi tayyorgarlik ko’rgan ana shunday ixtisosdagi o’yinchilar bo’lmasa, ikkita hujumchili sxema ochiqdan-ochiq mudofaa sxemasi bo’lib qoladi va match davomida tashabbusni qo’lga olishni qiyinlashtirib qo’yadi.
Bu sxemadagi asosiy taktik variantlaridan biri sheriklardan birining (qanot himoyachisining, o’rta chiziq o’yinchisining) hujumga faol qo’shilishi uchun biron qanotni sun’iy bo’shatib qo’yishdir. O’rta qatordagi to’rt o’yinchining deyarli har biri hujumchi vazifasini zimmasiga ola biladi. Bu individual tarzdagina emas, balki ikki, uch kishi bo’lib improvizasiya qilish imkonini yaratib, maydonning turli pozisiya va nuqtalaridan muvaffaqiyatli hujum qilishga yordam beradi.
Hujumchilar hujumni tayyorlashda maydonning eni bo’ylab manevr qiladilar. Ular tez hujum paytida o’yinni keskinlashtiradigan qilib uzatilgan to’pni olib, zarba pozisiyasiga chiqish imkonini yaratadilar yoki o’ziga xos "ochiqliklar" - sheriklar kelib qo’shilishi uchun bo’sh zonalar hosil qiladilar.
Bu "ochiqlik" larga o’rta qator o’yinchilari, qanot himoyachilari va hatto markaziy himoyachilar uzluksiz yorib kirib turadilar. Bularning hammasi orqadagi ahvoldan xavfsiramaydigan va ko’p yurishli kombinasiyalarda hamkorlik qiladigan 5-6 faol o’yinchining hujumga qo’shilib, tadrijiy hujum qilishiga qulaylik yaratadi. Hujumda o’rta qator o’yinchilariga juda muhim o’rin ajratilgan. Ular hujum harakatlarini uyushtiribgina qolmay, balki ko’pincha hujumni yakunlaydilar ham. Vazifasi hujumda muntazam ravishda va o’ylab ishtirok etishdan iborat qanot himoyachilari ham ko’tarinki faollik bilan harakat qiladilar. Ular yo qanot hujumchilari singari harakat qilib, qanotdan o’tib boradilar, yoki ikkinchi eshelonda harakat qilib, sheriklarini quvvatlab turadilar.
Markaziy himoyachilarning hujum harakatlari ahamiyati ham ortib, ular raqiblar mudofaa qatoriga tez-tez yorib kiraveradigan hamda nisbatan "nazoratsizliklari"dan foydalanib, zarba berish pozisiyasiga tez-tez chiqadigan bo’lib qoladilar. Shunday paytlarda ular yo darvozani zabt etishga urinib ko’radilar, yoki mudofaadagi o’yinchilarni chalg’itib, sheriklarining harakati uchun qulay sharoit yaratib beradilar.
Himoya taktikasi
Himoya taktikasi to’pni boshqarmayotgan jamoaning harakatlarini raqiblar hujumini bir yoqlik qiladigan - neytrallaydigan qilib uyushtirishni nazarda tutadi.
Himoyada o’ynashning umumjamoa uslubi shaxsiy, zona va aralash bo’lishi mumkin. Biroq qisman bo’lsa ham boshqa uslub elementlaridan foydalanmasdan birgina uslubda o’ynayverish xato. Chunki bu hol himoya taktikasini oddiylashtirib qo’yadi. Himoyada o’ynash uslublarini himoyachilarning individual xislatlari va imkoniyatlarini hisobga olib tanlash kerak.
Himoyada o’ynashning taktik san’ati raqibni qachon o’z holiga qo’ymasdan ta’qib etishni, qachon sheriklardan biriga berib yuborish va qachon zonada o’ynashni bilishdan iborat.
Mudofaa qilayotgan jamoa harakatlarining hammasi hujum qilayotganlar harakatiga javob tariqasida bo’lib, raqiblar taktikasining xususiyatlariga qarab uyushtiriladi. Mudofaaning yaxshi uyushtirilganligi jamoaga hujum harakatlarini ham muvaffaqiyatli bajarish imkonini beradi.
Himoyada o’ynash xilma-xil va ko’p planli bo’lib, darvozani mudofaa qilishga, to’pni qo’lga kiritish uchun faol kurashish va hujum uyushtirishga qaratilgan bo’ladi. Himoyadagi o’yin ham hujumdagi singari individual, guruh va jamoa harakatlaridan iborat.
Individual taktika
Mudofaadagi muvaffaqiyat bir guruh o’yinchilarning to’g’ri straxovka qilishlariga, o’zaro almashuvchanligi va ularning bir-biriga mos harakatlarigagina emas, balki himoyachilarning to’pi bor va to’p yo’q o’yinchiga qarshi individual harakat qilish mahoratiga, ya’ni himoyachining muayyan vaziyatda o’z "homiy" ligidagi o’yinchiga nisbatan qanchalik to’g’ri joy tanlashiga ham bog’liq. Oqilona pozisiya tanlash mudofaada muvaffaqiyatli harakat qilishning asosi hisoblanadi.
To’p boshqarayotgan va to’p boshqarmayotgan o’yinchiga qarshi harakatlar himoyadagi individual taktik harakatlarga kiradi.
To’psiz o’yinchiga qarshi harakatlar.
Himoyachi to’pni boshqarayotgan o’yinchiga qarshi harakat qilayotganda quyidagilarga intiladi:
a) raqiblarning to’p olishiga yo’l qo’ymaslikka, ya’ni to’pni "to’sib" olishga;
b) raqibga yo’naltirilgan to’pni yo’lda "olib qolish" harakatini bajarishga.
To’sib olish - bu mudofaadagi jamoa o’yinchisining raqib o’yinchisi yo’lini to’sib, uning to’p olish imkoniyatini qiyinlashtiradigan harakati. Raqib yo’lini to’sib olish uchun himoyachi shu o’yinchi bilan o’z darvozasi orqasiga o’tishi (darvozaga nisbatan yonlamaroq yoki orqa o’girib turishi) kerak. Himoyachi bilan hujumchi orasidagi masofa to’p bilan o’yinchi darvozaga yaqinlashgan sari yoki darvozadan uzoqlasha borgan sayin kamayib yoki ko’payib borishi mumkin. Pozisiya, shuningdek himoyachining yugurish tezligiga, o’zaro kurashayotganlarning kuchlari nisbati va boshqa omillarga bog’liq bo’lishi mumkin.
To’sib olishda himoyachi quyidagilarga amal qilishi kerak:
1. Raqib darvozasiga xavf solayotganida yoki o’z harakatlari bilan darvozani zabt etishga qulay vaziyat yaratib berish mumkin bo’lib qolganda, uning yo’li to’siladi.
2. Raqib darvozaga qanchalik yaqin kelsa, unga shunchalik yaqin masofada yo’lini to’sish kerak.
3. O’yin vaziyatiga va o’yinchilar qanday turganiga qarab, "o’yindan chiqqan" holat hosil qilishi mumkin.
Olib qolish - bu mudofaadagi jamoa o’yinchisining o’ziga bevosita yaqin turgan raqib o’yinchisiga yo’naltirilgan to’pni qo’lga kiritish niyatidagi harakati. To’sib olishdagi singari olib qolishdagi muvaffaqiyat ham himoyachining to’g’ri pozisiya tanlashiga, to’pga vaqtida chiqishiga, vaziyatni to’g’ri baholashiga, tezkorligiga va h.k.larga bog’liq. Olib qolishda himoyachi bilan hujumchi o’rtasidagi masofa, odatda, to’sib qolishdagiga nisbatan ko’proq bo’ladi. Boisi - bunda himoyachi faol tomon bo’lib, to’p uchishi kerak bo’lgan tomonga otilib chiqishga ulguradi.
Olib qolishda o’ynaganda himoyachi quyidagilarga amal qilishi kerak:
a) to’p yoki to’pni olayotgan raqib qayerdaligiga qarab, hujumchiga bo’lgan masofani keragicha saqlash;
b) sharoitni to’g’ri baholash va harakat boshlash paytini to’g’ri aniqlash;
v) to’pni olib qolishning eng ma’qul vositasini tanlash.
To’pi bor o’yinchiga qarshi harakatlar.
To’pi bor o’yinchiga qarshi individual o’yin ilgarilama mudofaa taktikasiga, ya’ni raqib o’yinchisini kuzatish va unga qarshi o’ynashga asoslangan bo’ladi.
Ko’p hollarda mudofaadagilar raqib o’yinchisi to’p olayotganda yoki to’pni nazorat qilib turganda kurash boshlaydilar. Yakka kurashning muvaffaqiyatli yoki muvaffaqiyatsiz chiqishi mudofaadagilarning to’p olib qo’yishda kerakli vosita va usullarni tanlash va qo’llashda qanchalar tajribali ekaniga bog’liq.
Himoyachi to’pni raqibdan u to’p qabul qilayotgan paytda olib qo’yishga intilishi kerak, chunki bu paytda hujumchining e’tibori asosan texnik usulni qanday bajarishga qaratilgan bo’lib, u keyingi taktik harakatiga kamroq e’tibor berayotgan bo’ladi.
To’pni boshqarayotgan o’yinchiga qarshi harakatda himoyachi quyidagilarni bajarishga intiladi:
a) to’pni raqibdan olib qo’yish;
b) to’p uzatilishiga to’sqinlik qilish;
v) to’p olib yurilishiga to’sqinlik qilish;
g) zarba berilishiga to’sqinlik qilish.
To’pni olib qo’yish. To’pni olib qo’yishda tezkorlikning, masofani his etish va vaqtni mo’ljallashning, shuningdek, butun o’yin vaziyatini baholay bilishning ahamiyati kattadir.
Futbolda bir xilda takrorlanadigan holat va vaziyatlar bo’lmaydi, shuning uchun hujum qilayotgan o’yinchiga to’p bermaslik uchun qachon va qayerda bo’lishini himoyachining o’zi aniqlashi kerak. Ba’zan o’yinchiga juda yaqin kelib, uning ketidan qolmasligi, ba’zida esa o’z joyidan ketmasligi kerak bo’ladi. Ammo har qanday holda ham hujum qiluvchiga bemalol to’p olish imkonini bermaslik lozim.
Himoyachi hujum qilayotgan o’yinchi harakatlarini kuzatayotib, unga darhol hujum qilish kerakmi yoki ozroq kutish kerakmi - o’zi hal qiladi. Raqib ro’parada ekanida u aylanib o’ta boshlashini yoki to’pni olib yura boshlashini kutgan ma’qul. Raqib aylanib o’tishga tayyorlanib, himoyachiga yaqin kelganida, himoyachi to’pni olib qo’yish yoki tepib chiharib yuborish paytini topa bilishi kerak.
O’yin sharoiti va oqibat qanday chiqishiga qarab himoyachi raqibdan to’p olib qo’yishning ma’lum bir usulini tanlaydi. Bunda sirpanish, to’pni tepib yuborish, yelkada turtish va shu kabi usullardan foydalansa bo’ladi.
To’p uzatishga qarshi harakat. Goho himoyachi qulay pozisiyaga chiqib qolgan o’yinchiga to’p uzatilishiga qarshilik ko’rsatishi kerak bo’lib qoladi. Bunday vaziyatda to’pni olib qo’yishga yoki yakkakurash boshlashga kirishmagan ma’qul, chunki himoyachining noo’rin harakati ahvolni keskinlashtirib yuborishi mumkin. Bunday vaziyatda to’p yuqorilatib yoki yonlamasiga uzatilishiga to’sqinlik qilish uchun himoyachi to’pni boshqarayotgan o’yinchiga 2-3 m qolguncha yaqin boradi. Uning asosiy maqsadi mudofaadagi sheriklari o’z pozisiyalariga borib olishlari uchun vaqtdan yutishdir.
To’p olib yurishga qarshi harakat. Basharti himoyachi to’pni olib qolishga yoki raqib to’p olayotganda uni olib qo’yishga ulgurmasa, unda butun harakati-yu ishg’ol qilgan pozisiyasi bilan to’pi bor raqibning tez ilgarilashiga halaqit beradi. Bordi-yu hujumchi har qalay olg’a harakat boshlab qolsa, himoyachi unga parallel harakat qila boshlab, uni yon chiziqqa qisib qo’yishga harakat qiladi. Shunda hujumchining harakat joyi torayib, sheriklarining bevosita yordamidan mahrum bo’lib qoladi.
Raqib jarima maydoni yaqinida diagonaliga yoki darvoza chizig’iga parallel tarzda to’p olib ketayotgan bo’lsa, himoyachi to’p olib yurishga to’sqinlik qilibgina qolmay, balki hujumchini to’pni orqaga yoki maydonning ko’ndalangiga uzatib yuborishga majbur qilishi kerak.
Zarba berishga qarshi harakat. Hujumchi jarima maydoni yaqinida darvozani mo’ljallab zarba bermoqchi bo’lganida eng xavfli vaziyat yuzaga kelishi barchaga ayon. Bunday holda himoyachi o’z darvozasiga orqa o’girib yoki yonlama turib, o’z pozisiyasi yoki harakati bilan darvoza tomon zarba berilishiga qarshilik ko’rsatishi kerak. Himoyachining butun e’tibori raqibning oyoqlarida bo’lishi zarur: to’p uchib ketishi lozim bo’lgan yo’lga o’z oyog’ini qo’yib qolish uchun uning zarba beruvchi oyog’i orqaga tortilgan paytni payqab olishga harakat qilish kerak.
Guruh taktikasi
Butun futbol o’yini boshdan-oyoq kombinasiyalar asosiga qurilgan bo’lib, o’yinning mazmuni ham aslida shu kombinasiyalardan iborat. O’yin vaqtida qayta takrorlanmay-digan holatlar ko’p uchraydi. har bir shunday holatning o’z asosi bor. Bunday asoslarni har qanday o’yinchi, eng avvalo, himoyachilar bilishi va tushunishi lozim. Shunda taktik planda hujumchilarga qarshi harakat qilish va zarur usullarni qo’llash oson bo’ladi.
Mudofaadagi guruh o’yinining asosiy mazmuni himoya o’yinchilarining hujum qilayotgan raqiblariga qarshi uyushgan harakatlari hisoblanadi. Mudofaadagilar o’zining raqib bilan yakkama-yakka kurashayotgan har bir sherigiga yordam beradi yoki yordam berishga tayyor turadi. Shunday qilib, sherigiga bevosita va kerakli yordam berishdan tashqari, straxovka qilish ham uyushtiriladi. Mohirlik bilan joy tanlash esa aniq hamkorlik qilishga yordam beradi.
Himoyadagi guruh taktikasi darvozaga xavf solayotgan har qanday raqibga qarshi guruh bo’lib harakat qilishni nazarda tutadi va sheriklariga yordam berishga qaratilgan bo’ladi.
Straxovka, shuningdek, "devor" va "kesishuv" kombinasiyalariga qarshi harakatlar himoyada ikki o’yinchining hamkorlik qilish usullariga kiradi.
Maxsus uyushtirilgan qarshi harakatlar, chunonchi, "devor" yasash, sun’iy "o’yindan tashqari" holat hosil qilish va darvozabon ishtirokidagi harakatlar uch va undan ortiq o’yinchining hamkorlik qilish usullari sanaladi.
Straxovka. O’yin vaqtida o’z sherigiga yordam berish usullaridan biri straxovka hisoblanadi. himoya straxovkaning to’g’ri va vaqtida bo’lishi, uning mustahkamligi va ishonchliligining garovidir. Straxovka qilish uchun tanlangan pozisiya zarur hollarda sherik yo’l qo’ygan xatoni tuzatadigan bo’lishi kerak. Bunday pozisiya hamma vaqt orqada, o’yinchining o’z darvozasiga yaqinroq joyda bo’ladi. 79-rasmda straxovka qilayotgan 3-o’yinchi to’g’ri joy tanlaganligi ko’rsatilgan. To’p raqiblarning 10-yarim himoyachisida, 11-qanot hujumchisi 2-himoyachidan qochib, bo’sh joyga chiqadi. 10-o’yinchi to’pni o’sha tomonga uzatadi. Biroq 2-himoyachini straxovka qilish uchun pozisiyani to’g’ri tanlagan 3-himoyachi qanot hujumchisidan oldin to’pga yetib boradi.
"Devor", "kesishuv", "to’pni tegmay o’tkazish" va "bir tegishdayoq uzatish" kombinasiyalariga qarshi kurashish mudofaadagilar uchun anchagina murakkab bo’lishiga qaramay, himoyachi bir o’zi va mudofaadagi sheriklari bilan kelishib o’ynab, bu kombinasiyalarga qarshi muvaffaqiyatli harakat qila oladi.
"Devor" kombinasiyasiga qarshi harakat. "Devor" kombinasiyasiga qarshi kurashda bu kombinasiya qayerda bo’layotganini hisobga olish kerak. Ba’zan hujumchilardan birini juda yaqin qo’riqlashdan voz kechib, zonada o’ynagan yoki "devor" kombinasiyasini amalga oshirishga bo’sh joy qoldirmaslik maqsadida mudofaa kuchlarini jarima maydoni yaqiniga to’plagan ma’qul bo’ladi. Birinchi uzatilgan to’pni olayotgan raqibga nisbatan pozisiyani tanlash bu kombinasiyaga qarshi harakatdagi asosiy payt hisoblanadi. To’pni tepib chiharib yuborishni, raqibning javob uzatishini qiyinlashtirishni yoki uni dastlabki rejasidan qaytishga majbur qilishni mo’ljallab raqib yaqinidan joy tanlash kerak.
79-rasm. Straxovka
Bunda orqadagi o’yinchining ahamiyati juda muhim bo’ladi. Voqealarning keyin qanday bo’lishi ko’p jihatdan uning kombinasiyasi qanday davom etishini ko’ra bilishiga, shuningdek, vaqtida yordamga kela bilishiga bog’liq.
"Kesishuv" kombinasiyasiga qarshi harakat. Bu kombinasiya darvozaga tahdid solish nuqtai nazaridan "devor" kombinasiyasidek xavfli emas. Odatda, bu kombinasiya darvozadan ancha uzoqda qo’llanilib, asosan, tashabbusni saqlab turishga qaratilgan bo’ladi. "Kesishuv" paytida himoyachilar o’zi qo’riqlayotgan o’yinchilarning harakatiga, ayniqsa, to’p bilan qolgan o’yinchining harakatiga qattiq e’tibor berib, darvoza yo’lini to’sib olganlari ma’qul.
"To’pni tegmay uzatish" kombinasiyasiga qarshi harakat. Bu kombinasiya jarima maydoni doirasida eng samarali chiqadi. U kutilmagan harakatlarga asoslangan bo’lganligi uchun ham himoyachilar nihoyatda ehtiyot bo’lishlari kerak. Odatda, o’zi qo’riqlayotgan o’yinchi bilan ozgina fursat qarovsiz qoldirilgan hujumchi o’rtasida to’g’ri pozisiya tanlagan himoyachi bu kombinasiyaga qarshi harakat qila olishi mumkin. Himoyachi to’p uzatilgan hujumchidan epchillik qilish va unga darvozani mo’ljallab zarba urishga imkon bermaslikka harakat qilishi kerak.
Ayni vaqtda hujumchi tepmoqchidek chog’lanib turib, to’pni sherigiga o’tkazib yuborishi mumkin. Shuning uchun himoyachi darvozani mo’ljallab tepishga halaqit berishgagina emas, balki tegmay o’tkazib yuborilgan to’pni olib qolishning ilojini qilishga ham tayyor turishi darkor. Birinchi bo’lib kurashga kirayotgan himoyachining sheriklari uning harakatlari muvaffaqiyatsiz bo’lgan taqdirda uni straxovka qilishga va hujumchi tegmay o’tkazib yuborgan to’pni olib qolishga tayyor bo’lishlari kerak.
Sun’iy "o’yindan tashqari" holatni vujudga keltirish. Bunday holatni vujudga keltirish mudofaadagi samarali uslub hisoblanadi.
Odatda, quyidagi hollarda sun’iy "o’yindan tashqari" holat vujudga keltiriladi:
a) raqib jamoasi tashabbusni qo’lga olib, zo’r berib hujum qilganda va olg’a intilaverganda;
b) raqib hujumchilari keskin ochilishga intilib, mudofaa ichkarisida bo’sh joyga chiqmoqchi bo’lganda;
v) tashabbus sizning jamoada bo’lib, raqiblarning mudofaaga o’tib olishdan boshqa iloji qolmay, oldinda bir-ikki o’yinchinigina qoldirib, to’plarni uzoqdan aynan shularga uzatib bermoqchi bo’lganda.
"O’yindan tashqari holat"ni vujudga keltirish san’ati avvalo himoya qatoridagi o’yinchilar harakatining bir-biriga mosligiga bog’liq.
Odatda, o’z darvozasiga hammadan ko’ra yaqin turgan himoyachining "o’yindan tashqari holat"ni uyushtirish imkoniyatlari eng ko’p bo’ladi. U boshqa himoyachilarning harakatlari va qanday turganligini, shuningdek, to’pni boshqarayotgan raqiblarning harakatlari va niyatlarini zo’r e’tibor bilan kuzatib borishi kerak. To’p darvozaga qanchalik yaqin bo’lsa, himoyachilarning o’z harakatlarini moslab olishlari va "o’yindan tashqari" holatni uyushtirishlari shunchalik murakkablasha boradi. Tajribalar bunday holatni vujudga keltirish hammadan ko’ra maydonning markaziy chizig’i bilan jarima maydoni chizig’i oralig’ida muvaffaqiyatli chiqishini ko’rsatmoqda.
80-rasmda "o’yindan tashqari" holatni to’g’ri uyushtirish ko’rsatilgan. 10-o’yinchi to’pni uzoqdan 11- yoki 9-o’yinchiga uzatib beradi. Ikkala holda ham 3-himoyachi shundaygina zarba berilishi oldidan ilgariga o’tib, hujumchilarni o’z orqasida "o’yindan tashqari" holatda qoldirib, hujumni tez to’xtatib qolishi mumkin.
"Devor" yasash va uni uyushtirish mudofaada o’ynashning juda yaxshi taktik vositasi hisoblanadi. Darvozasiga erkin to’p tepish yoki jarima to’pi tepish belgbilangan jamoa "devor" yasashdan foydalanadi. Raqib tomon mudofaadagilar darvozasi yaqinida jarima to’pi yoki erkin to’p tepayotgan bo’lsa, to’p yo’lini to’sish maqsadida mudofaadagilarning bir guruhi qator saf tortib turadi. To’g’ri yasalgan "devor" ko’p jihatdan darvoza xavfsizligini ta’minlab beradi. Odatda, 4-5 o’yinchi (ko’pincha ikki himoyachi va bir hujumchi) "devor" yasashga turadi. Zarba beriladigan joy darvozadan qancha uzoqda bo’lsa, shuncha kam o’yinchi "devor" yasashga turadi.
Mudofaadagilarning "devor" yasashdan maqsadi o’z darvozasining yaqin burchagini to’ppa-to’g’ri zarba berilishidan saqlashdir (uzoqdagi burchakni darvozabon qo’riqlaydi).
80-rasm. Sun’iy "o’yindantashqari holat"
"Devor"ning turlari taktik rejalarga, o’yinchilarning saf tortishi va soniga bog’liq. "Devor" yasaganda, raqibning burama zarba berishi mumkinligini ham hisobga olish kerak.
Jamoa taktikasi
Himoyada o’ynashning umumiy taktika prinsiplari bor ekaniga qaramay, himoyachilar harakatida qator xususiyatlar mavjudki, bular ayrim o’yinchilarning yoki bir guruh o’yinchilarning asosiy vazifa va majburiyatlaridan kelib chiqadi. Ana shu xususiyatlarni hujum endigina yuzaga kelayotgan paytda va hujumning boshida himoyalanayotgan jamoa o’yinchilarining harakatlarida ko’rish mumkin. Shundan keyin, hujum rivojlanayotgan va yakunlanayotganda esa jamoalar bir xil prinsiplarga rioya qiladilar. Biroq himoyada o’ynashning prinsip va individual usullarini bir-biriga bog’lamay qarash noto’g’ri bo’lur edi. Ularni bu xilda ajratish shartli tarzda bo’lishi mumkin, xolos. Mana, masalan, himoyada zona usulida o’ynayotgan jamoada ayrim o’yinchi yoki bir necha o’yinchi zona prinsipi doirasidan chiqadigan individual vazifalarni bajarishi mumkin.
Tez hujumga qarshi himoya.
Agar raqib tomon hujumga o’tayotganda, taktik vosita sifatida markaz yoki qanot bo’ylab to’p uzatib berishdan foydalanib, asosan, tez hujumga zo’r beradigan bo’lsa, himoyalanayotgan jamoa o’yinchilari mudofaaning birinchi bosqichida to’p boshqarayotgan raqibga faol hujum qilib, bunda quyidagilarga intilishlari kerak:
a) hujumning muvaffaqiyatli yoki muvaffaqiyatsiz chiqishini belgilaydigan birinchi uzatishga to’sqinlik qilish;
b) raqibni xato qilishga, eng yaqin turgan sheriklariga keraksiz uzatishlar qilishga majbur etish;
v) har kim o’zi qo’riqlayotgan o’yinchisini juda yaqindan to’sib oladi, chunki to’pi bor o’yinchi oldi to’silgan sherigiga to’p uzatmaydi, uzoq pozisiyadagi o’yinchiga to’p uzatishga urinish esa himoyachilarning to’p uchun kurashini osonlashtiradi.
Agar raqib faol manyovr qilayotgan bo’lsa, mudofaaning ikkinchi bosqichi qattiq shaxsiy qo’riqlashni yoki (zona tizimidagi mudofaada) ayrim zonalarda paydo bo’lib turgan raqiblarni sinchiklab kuzatib, ularning hujumni rivoj toptirishga urinishlarini barbod qilishini nazarda tutadi.
Agar raqiblar markaz bo’ylab o’ynayotgan bo’lsa, himoya qatori o’yinchilari markaziy zonani mustahkamlash va hujum qilish burchaklarini kichraytirish uchun jarima maydoni hududiga zichroq to’planib oladilar. Bordi-yu qanot bo’ylab hujum qilinayotgan bo’lsa, unda himoya qatori o’yinchilari hujum yo’nalishi tomonga yaqinlasha borib, ishonchliroq straxovka qilish maqsadida qarshi tomondagi qanotni ko’pincha kimsasiz qoldiradilar. Birinchi holda, ya’ni raqiblar markazdan hujum qilayotganida, straxovka orqaga haragan burchak shaklida bo’lib, bunda ortki markaziy himoyachi bosh rol o’ynaydi. Ikkinchi holda esa o’yinchi bilan faol kurashdan ozod bo’lgan va darvoza tomonga yaqin diagonal bo’ylab orqada turgan qanot himoyachisi ham straxovka uchun ortdagi markaziy himoyachi bilan bab-baravar javobgar bo’ladi.
Mudofaaning uchinchi bosqichida to’p va o’yin joyi uchun bevosita kurash nazarda tutiladi.
81-rasm. Tez hujumga qarshi harakatlar
81-rasmda tez hujumga qarshi himoya variantlaridan biri ko’rsatilgan. 3-ortki markaziy himoyachi ochilib chiqqan 9-o’yinchiga yo’naltirilgan to’pni olib qoldi. himoyachi to’pni olib qo’yganiga qaramay, 9-o’yinchi 7- va qisman 6-o’yinchilar yordamida to’p uchun kurashni davom ettiradi.
Tezkor hujumga qarshi himoyaga bo’lgan asosiy talablar:
1. To’pni yana qo’lga kiritish yoki raqibning uzoqqa birinchi to’p uzatishiga xalaqit berish uchun, albatta to’p uchun kurashga kirishish kerak.
2. Raqiblarning tezkor manyovr qilishi oldini olish bilan bir vaqtda maydonning hal qiluvchi qismlarida o’yinchilar guruhlarini ko’paytirish hisobiga darvoza tomon o’tadigan hamma yo’llarni yopib qo’yish uchun ikkinchi va uchinchi bosqichlarda o’yinchilar aniq harakat qilishlari lozim.
3. Uzoqdan to’p birinchi marta kimga uzatib berilsa, o’sha o’yinchi neytrallanadi.
Tadrijiy hujumga qarshi himoya.
Tadrijiy hujumga qarshi kurash jamoa mudofaa harakatlarini uyushtirishning juda keng tarqalgan turi hisoblanadi.
Mazkur himoya jamoa harakatlarini amalga oshirayotganda, bunday o’yin raqiblar uchun foydaliroqday tuyulishi mumkin.
Chunki tashabbus ular qo’lida bo’ladi, vaqtdan ular ham tanqislik sezmaydilar. Biroq, himoyadagilar bir-biriga mos harakat qilib, raqibni muhim omil - darvozaga o’tadigan yo’ldan mahrum qilib qo’yadilar.
Agar raqib tomon hujumga o’tayotganda taktik vosita sifatida qisqa va o’rtacha uzatishlardan foydalanib, asosan tadrijiy hujumga zo’r beradigan bo’lsa, himoyalanayotgan jamoa hujumning birinchi bosqichida faol kurash qilmay orqaga chekinishni ma’qul topadi. Bunda raqiblar to’pni olg’a surib borishni qiyinlashtirishni maqsad qilib qo’ygan bo’ladilar.
Tadrijiy hujumning ikkinchi bosqichida mudofaa o’yinchilari hujum yo’nalishida ko’payishadi yoki jabha bo’ylab tarhalib, joy va to’p uchun kurashda qatnashadilar. Bunda straxovka uyushtirilishi shart.
Hujumning uchinchi bosqichida darvozaga yaqinlashgan sari raqiblarning to’pi borlari ham, to’pi yo’qlari ham harakat tezligini, ayni chog’da hujumdagi o’yinchilar sonini ham oshira borayotgan bir paytda himoyachilar zich to’siq hosil qilishlari va raqiblarning zarba berish pozisiyasiga chiqishlarini qiyinlashtirib qo’yishlari kerak.
Tadrijiy hujumga qarshi himoyaga bo’lgan asosiy talablar:
1. O’yinchilarning orqaga chekinishi. Bu manyovr qulay pozisiya ishg’ol qilib, raqiblarni ko’ndalang uzatishlarga o’tishga majbur qilish maqsadida qo’llaniladi. Ayni vaqtda mudofaadagi o’yinchilar raqiblarning ham, to’pning ham harakatlanishini e’tibor bilan kuzatib boradilar.
2. Himoyachilarning to’p va joy uchun bevosita kurashda ishtirok etishi. Odatda, bunday kurash raqiblar maydonning himoyalanayotgan jamoa tomoniga o’tib, harakat tezligi va hujumda qatnashayotgan o’yinchilar sonini oshirgandan keyin boshlanadi.
3. Straxovka va o’zaro almashinish vaqtida mudofaa qatorlari batartibligini saqlab qolish, shuningdek, o’yinchilarning raqiblar hujumi yo’nalishida harakatlanishi.
Mudofaada o’ynashning asosiy prinsiplari:
1. Butun jamoa bilan mudofaalanish. Jamoaning hamma o’yinchilari o’yinning turli bosqichlarida mudofaada ishtirok etadilar. Hujumchilar berib qo’yilgan to’pni qaytarib olishga yordam beradigan faol mudofaa harakatlari qilishlari kerak.
2. Xavfli zonada hujum qilayotgan jamoaning hamma o’yinchilari yo’lini to’sib olish. Agar hujum qilayotgan jamoaning o’yinchilari to’pni boshqarayotgan sheriklaridan qisqa yoki o’rtacha uzatish yetib boradigan masofada bo’lsa va to’pni to’ppa-to’g’ri ular oyog’iga tushirib berishi yoki ochiq joyga chiharib berishi mumkin bo’lsa, bu o’yinchilar yo’li shaxsan to’silgan bo’lishi kerak.
3. Straxovka va o’zaro straxovka prisiplariga qat’iyan rioya qilish. Straxovka qilayotgan o’yinchi sherigining xatosini vaqtida tuzata oladigan pozisiyada bo’lishi kerak. Bunday pozisiya hariyb hamma vaqt straxovka qilinayotgan sherikning ortida, o’z darvozasiga yaqinroq joyda bo’ladi.
4. Aytib turishdan foydalanish. Odatda, o’z darvozasiga yaqinroq bo’lgan o’yinchi sheriklarining harakatini boshqaribturadi. Shu ma’noda darvozabonning o’rni alohidadir. Uning pozisiyasi raqiblar hujumi rivoji va sheriklarining mudofaadagi harakatlarini e’tibor bilan kuzatish, o’yin vaziyatini to’g’riroq baholab, vaqtida aytib turish bilan sheriklari xatosining oldini olish va uni tuzatish imkonini beradi.
5. Sun’iy "o’yindan tashqari" holatdan foydalanish. Agar raqiblar mudofaani yorib o’tishga juda qattiq kirishib ketgan, hujumchilar esa o’yinni keskin davom ettiradigan bo’sh joyga ochilib chiqishga zo’r berayotgan bo’lsalar, sun’iy "o’yindan tashqari" holatdan bemalol foydalansa bo’ladi. Bu taktik usulni qo’llaganda, darvozaga boshqalardan ko’ra yaqinroq turgan maydon o’yinchisiga eng ko’p huquq beriladi.
6. Raqib zarba berayotgan paytda o’z darvozasi tomonga chiqish. Raqib qaytgan to’pga zarba berib, darvozani zabt etmasin uchun u to’pga zarba berayotganda, o’yinchi undan oldin o’z darvozasiga tomon chiqib olishi kerak.
Jamoa harakatlari.
O’yinchilarning hujum qilayotgan raqiblarga qarshi uyushqoq taktik harakatlari mudofaada jamoa bo’lib o’ynash negizida yotadi. Bunday harakatlar hujumni muvaffaqiyatli qaytarish va mudofaa holatidan chiqib, hujumga o’tish imkonini beradi. Bu harakatlarning himoya qilish maqsadi xavfli zonada tez kuch to’plab, o’yinchilarni qayta joylashtirish va bir-birini almashlashdan iborat bo’ladi. Ko’proq qanday vazifani hal etishga qaratilganligiga qarab, himoyadagi jamoa harakatlarini shaxsiy himoya, aralash himoya va zona himoyasiga bo’lish mumkin.
Shaxsiy himoya - bu mudofaa qilayotgan har bir o’yinchi o’ziga topshirilgan raqib o’yinchisi uchun qat’iyan javobgar qilib uyushtirilgan mudofaa. Bunda jamoaning har bir o’yinchisiga raqiblarning ma’lum bir o’yinchisini qattiq "tutib", uning harakat qilishini, sheriklari bilan hamkorlik qilishini qiyinlashtirish topshirib qo’yiladi.
O’yinchini qattiq "tutish" dan ko’zlangan maqsad raqibning o’yin harakatlarini boshlashiga yo’l qo’ymaslik uning boshlab ulgurgan o’yinini buzishdan ko’ra oson ekanligidir.
Buning uchun hujumchi bilan oraliq masofani shunday saqlash kerakki, toki unga yo’naltirilgan to’pni olib qolish yoki hujumchi bilan birga harakatlana borish yoxud to’pni qabul qilish paytida unga hujum qilish mumkin bo’lsin.
Biroq, ko’pincha shunday bo’ladiki, unda qat’iyan shaxsiy himoyaga qarshi hujum to’g’ri uyushtirilsa, hujum qilayotgan tomon manyovrlar yordamida o’ziga kerakli zonani bo’shatib olish yoki qo’riqlovchilarni ular uchun o’rganish bo’lmagan, qolaversa, o’zlariga xos vazifalarni bajara olmaydigan pozisiyalarga olib ketish imkoniyatiga ega bo’ladi. Shunda himoyachilarning o’zaro hamkorligi, straxovka qilish imkoniyati buziladi.
Shaxsiy qo’riqlash o’yinchilardan o’yinni taktik jihatdan juda nozik tushunishni, tez harakat qilishni va o’xshash vazifalarni bajara bilishni talab qiladi.
Hozirgi futbolda shaxsiy himoyada o’ynash usuli sof ko’rinishda ishlatilmaydi-yu, lekin himoyaning taktik vositalari xazinasida u hamon muhim rol o’ynab kelmoqda.
Zona himoyasi bu himoyada o’yin olib borishning himoya qatori o’yinchilaridan har biri maydonning ma’lum uchastkasini nazorat qilib, shu zona doirasida paydo bo’lgan har bir raqib o’yinchisi bilan to’p uchun kurashga kirishadigan taktik usulidir.
Zona himoyasida mudofaadagi o’yinchi darvozaga nisbatan paydo bo’lgan har bir xavf uchun o’zini javobgar his etishi kerak. Bundan tashqari, zona himoyasida sheriklarning straxovka tarzida bir-biriga yordam berishi ham bo’ladi.
Qo’riqlanayotgan o’yinchilarning bir-biriga "oshirishi" bunday himoyadagi zarur element hisoblanadi. Bu "oshirish" hujum boshlanishi oldidan yoki u endigina boshlangan vaqtda amalga oshirilishi kerak. Hujumning yakunlovchi bosqichida o’yinchilarning bevosita o’z darvozasi yaqinida "oshirish" elementini bajarish tavsiya etilmaydi.
Himoyadagi zonali o’yin tizimining shaxsan qo’riqlashga nisbatan afzalligi shundaki, bunda maydonning hech bir qismi mudofaadagilarning nazoratidan chetda qolmaydi. Biroq bu sistema ham kamchilikdan holi emas. Bunda hujumchilar nisbatan bemalol harakatlanib joylarini o’zgartiradigan bo’lib, bu ularga har qalay behalaqit to’p qabul qilish, son jihatdan ustunlik hosil qilish va h.k. imkoniyatlarini yaratadi.
Aralash himoya hozirgi futbolda himoyada o’ynashning eng tarqalgan va eng oqilona taktikasi hisoblanadi. Bunda shaxsiy himoya bilan zona himoyasining prinsiplari uzviy qo’shilgan bo’ladi: ba’zi bir o’yinchilar topshiriqqa binoan faqat o’ziga topshirilgan raqib o’yinchisini qo’riqlab yursalar, boshqa birlari ko’proq zonada o’ynaydilar.
Shuningdek, bitta o’yinchi ham bu ikkala metodni birga qo’shib qo’llashi mumkin. Shunday qila bilish himoyada o’ynash metodlarini ko’paytirib, jamoaning mudofaa harakatlari xazinasini boyitadi va bu harakatlarni kuchaytiradi.
Nazorat savollari:
1. Futbol o’yin taktikasi deganda nima tushuniladi?
2. Futbolda o’yin taktikasi, texnikasi va jismoniy tayyorgarligi orasida qanday aloqa mavjud?
3. Hujumni tashkillashtirishda darvozabon vazifasi?
4. Individual hujum taktikasi?
5. Guruhli hujum taktikasi?
6. Jamoaviy hujum taktikasi?
7. O’yin jarayonida hujumning asosiy fazalari?
8. Tez hujum uyushtirishda asosiy shartlari?
9. Pozitsion hujum uyushtirishda asosiy shartlari?
10. Individual himoya taktikasi?
11. Himoyada guruhli o’yin taktikasining asosiy vazifasi?
12. Jamoaviy himoya taktikasi nima?
13. Himoyadagi asosiy o’yin printsiplari?
14. Taktik tizimlar evolyutsiyasi?