10. Mavzu: TAFAKKUR
Reja:
10.1. Tafakkur va uning xususiyatlari.
10.2. Tafakkur turlari va shakllari
10.3. Tafakkur operatsiyalari va qonuniyatlari.
10.4. Tafakkur sifatlari.
10.5. Tafakkurning individual xususiyatlari va rivojlanishi.
Adabiyotlar:
1. G‘oziev E.G. Umumiy psixologiya. Toshkent. 2002.1-2 kitob.
2. A.X.Þãàé, Í.À.Ìèðàøèðîâà “Îáùàÿ ïñèõîëîãèÿ” – Tàøêåíò 2014.
3. Äðóæèíèíà Â.. “Ïñèõîëîãèÿ “. Ó÷åáíèê. “Ïèòåð”, 2003.
4. Áîëîòîâà À.Ê., Ìàêàðîâà È.Â. Ïðèêëàäíàÿ ïñèõîëîãèÿ: ó÷åáíèê äëÿ âóçîâ. –Ì., Àñïåêò Ïðåññ, 2002. – 383ñ.
Blits-so’rov savollari
1. Tafakkurning asosiy xususiyatlarini aytib bering.
2. Tafakkur va nutqning o‘zaro aloqasi nimada ifodalanadi?
3. Tafakkurning qanday turlari va shakllarini bilasiz? ular haqida gapirib bering.
4. Fikrlash operatsiyalarining xususiyatlari haqida gapirib bering.
5. Tafakkur qonuniyatlari haqida gapirib bering.
6. Aql nima? qanday intellektual testlarni bilasiz?
7. Ijodkorlik va ijodkorlik tafakkuri xususiyatlari haqida gapirib bering.
8. Tafakkurning qanday psixologik nazariyalarini bilasiz?
9. Tafakkurning individual xususiyatlari va rivojlanishi haqida gapirib bering.
10. Tafakkur rivojlanishining asosiy bosqichlari nimalardan iborat?
TAYANCH TUSHUNCHALAR:
Tafakkur - narsa va hodisalar o‘rtasidagi eng muhim bog‘lanishlar va munosabatlarning ongimizda aks ettirilishi.
Analiz – narsa va hodisalarni fikran yoki amaliy jihatdan xususiyatlarini tahlil qilish.
Sintez –narsa va hodisalarning analizda bo‘lingan, ajratilgan ayrim qismlarini, bo‘laklarini sintez yordami bilan fikran va amaliy ravishda birlashtirib, butun holiga keltirish.
Abstraksiya –moddiy dunyodagi narsa va hodisalarning muhim xususiyatlarini farqlab olib, ana shu xususiyatlardan narsa va hodisalarning muhim bo‘lmagan ikkinchi darajali xususiyatlarini fikran ajratish.
Inson atrof-olam (narsa, hodisalar, insonlarni) va o‘zini turli xil faoliyatlarni bajarish va bu ob’ektlarga ta’sir ko‘rsatgan holda ma’lum bir ijtimoiy va shaxsiy ahamiyatga molik maqsadlarga erishish uchun o‘rganadi. Sezgi, idrok va tasavvurlar ixtiyorsiz diqqat va ko‘rgazma-obrazli xotira bilan hamkorlikda insonga aniq bir ob’ektlar va ularning bevosita o‘rganiladigan xossalari haqida ma’lumot beradilar. Psixik aks ettirishning bu shakllari inson tomonidan ob’ektiv reallikni bilishning hissiyotli asoslaridir. Lekin alohida jismlar va real olam hodisalarini bilish istalgan amaliy vazifani hal etishda yuzaga keladigan uch ahamiyatga ega bo‘lgan savolga javob topish uchun etarli emas. Bu savollar: «yuaga kelgan vaziyatda nimani, qay tarzda bajarish mumkin, va bu harakat natijasida nima hosil bo‘ladi?»dan iborat.
Bu savollarga javob izlashda bizlarga tafakkur yordam beradi. Avvalambor, tafakkur yuksak darajadagi bilish psixik jarayoni hisoblanadi. Ushbu jarayonning mohiyati inson tomonidan voqelikning faol ijodiy aks ettirish va o‘zgartirishdan iborat. Tafakkur bevosita idrokda anglaymaydiganlarni ochib beradi; u olamni ahamiyatli aloqalar va munosabatlarda, uning turli xildagi vositalarida aks ettiradi. Tafakkurning asosiy vazifasi real bog‘liqliklarga asoslangan zarur aloqalarni vaqt va fazodagi tasodifiy mos kelishlardan ajratgan holda aniqlashdan iborat. Tafakkur jarayonida tasodifiydan zaruratga, ayrimlikdan umumiylikka o‘tish sodir bo‘ladi.
Shunday qilib, tafakkurni voqelikni umumlashtirilgan va vositalangan aks ettirish sifatida ta’riflash mumkin. Bundan tafakkurning muhim belgilaridan biri umumlashtirishdan iboratligi kelib chiqadi. Voqelikni umumlashtirgan holda aks ettirish birgina odam va zamondoshlarining emas, balki, o‘tmish avlodlarining ham tajribasini qayta ishlab chiqish natijasidir. Bu tajriba til yordamida og‘zaki va yozma nutqda (o‘qituvchilar ma’ruzalarida, kitob, darsliklarda va h.k.) Ifodalangan. Shuning uchun tafakkur ko‘plab odamlar bilimlarini umumlashtiradi.
Tafakkur jarayonida inson amaliy faoliyat, obrazlar va tasavvurlar, modellar, chizmalar, belgilar, til kabi jismli va ijtimoiy olamning ahamiyatli aloqa va munosabatlariga kirib borish maqsadida, insoniyat tomonidan ishlab chiqilgan turli xildagi vositalardan foydalanadi.
Tafakkurning ikkinchi muhim belgisi voqelikni analizatorga bevosita ta’sir ko‘rsatmay, ko‘pchilik hollarda asboblar ko‘magida olingan qo‘shimcha belgilar yordamida anglanadiganlarni tushunish va namoyon qilish imkonini yaratuvchi vositali tarzda aks ettirishdir. Hodisalarning qonuniyatlari, ichki aloqalari bizning ongimizda hodisalarning tashqi belgilarida vositali tarzda namoyon bo‘lishi bilan inson ichki, barqaror o‘zaro aloqalarning belgilarini aniqlab oladi.
Tafakkurning o‘ziga xos xususiyati bilish yoki amaliy faoliyat jarayonida yuzaga keladigan u yoki bu vazifani bajarish bilan bog‘liqligidan iborat. Tafakkur muammoli vaziyatdan, tafakkurning maqsadi bo‘lgan savolga javobdan boshlanadi.
Tafakkur muammosini ko‘rib chiqqan a.a.smirnov tafakkur va aqliy jarayonlarning assotsiativ tarzda kechishini tafovutlash zaruriyati haqida ogohlantirgan edi. Gap shundaki, aqliy faoliyatda biz assotsiatsiyalardan keng foydalanamiz, chunki ular tafakkur masalalarini echishda ahamiyatli yordam ko‘rsatadi. Aqliy jarayonlarning assotsiativ kechishida holat o‘zgacha bo‘ladi. Muhim tafovut shundan iboratki, bu vaziyatda o‘z oldimizga hech qanday maqsad qo‘ymaymiz, chunki hech qanday vazifani bajarmaymiz. Bunda bir jarayon ikkinchisi bilan almashadi, chunki ular bir-biri bilan assotsiativ tarzda bog‘langan bo‘ladi. Tafakkur jarayonlarining assotsiativ tarzda kechishi ko‘p hollarda inson toliqqan bo‘lib, hordiq olishni xohlayotganida kuzatiladi. Uyquga ketishdan oldin xayolingizdan ketma-ket turli xildagi o‘ylar o‘tishini kuzatgansiz. Mana shu o‘ylar ma’lum assotsiatsiyalarga kiradi.
Tafakkurning alohida muhim o‘ziga xos xususiyati – bu uning nutq bilan uzluksiz aloqasi. Tafakkur va nutqning bunday aloqasi, avvalambor, fikrlarning, hatto, nutq tovush shakliga ega bo‘lmagan holat, masalan, kar-soqov odamlarda ham nutq shakliga mujassamlashtirilishida o‘z ifodasini topadi. Biz doimo so‘zlar orqali fikr yuritamiz.
Qisqartirilganlik, muxtasarlik, ixchamlilik xususiyatiga ega bo‘lgan yashirin, tovushsiz, ichki nutq insonning tafakkur mexanizmi bo‘lib hisoblanadi.
Nutq tafakkur qurolidir. Ma’lum fikr so‘zlar bilan ifoda etilganida tafakkur jarayoni amalga oshiriladi. Fikrni so‘z bilan ifoda etish – ifodalash motivi (nutqiy maqsad), ichki nutq, fikrni tashqi tomondan nutqiy ifodalash kabi bosqichlaridan iborat bo‘lgan murakkab jarayon.
Tafakkur – bu narsalar mohiyatini ochib beruvchi g‘oyalar harakati. Uning natijasi obraz emas, balki ma’lum bir fikrdir. Tafakkur – bu kiritilgan yo‘nalishli-tadqiqiy, qayta o‘zgarishli va bilish xususiyatiga ega bo‘lgan harakatlar va muolajalar tizimini taxminlovchi alohida turga ega bo‘lgan nazariy va amaliy faoliyat.
Tafakkur moddiy olam qonuniyatlari, tabiat va ijtimoiy-tarixiy hayotdagi sababiy-oqibat aloqalari, insonlar psixikasi qonuniyatlarini tushunish imkonini beradi. Aqliy faoliyat natijalarini qo‘llash sohasi bo‘lgan amaliyot tafakkur faoliyatining manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Tafakkur psixik faoliyat sifatida miyaning vazifasi hisoblanadi. Oddiy psixik jarayonlar, masalan, sezgilar uchun asos vazifasini o‘taydigan yuqoriroq darajadagi miya jarayonlari tafakkurning fiziologik asosini tashkil etadi. Lekin hozirda tafakkur jarayonini ta’minlovchi barcha fiziologik tuzilmalarning o‘zaro ta’sir etish tartibi va ahamiyati haqida aniq fikr mavjud emas. Tafakkur faoliyatida miya peshona qismlari alohida ahamiyatga ega ekanligi shubhasizdir. Bundan tashqari, bosh miya po‘stlog‘ining tafakkurni gnostik (bilish) vazifasi bilan ta’minlovchi doirasi, shuningdek, tafakkur jarayonini ta’minlovchi miya nutq markazlari ham katta ahamiyatga ega.
Tafakkurning ikki darajasi mavjud: fahm-farosat – abstraksiyalardan foydalanish o‘zgarmas chizmalar, namunalar chegarasida sodir bo‘ladigan oddiy tafakkur, sog‘lom fikr, tafakkurning boshlang‘ich darajasi, uning mantiqiy mazmunini emas, balki, ibora va dalillar tuzilishini o‘rganadi, bu aniq, izchilliklik bilan mulohaza yuritish, fikrlarni to‘g‘ri tuzish, dalillarni qat’iy tizimlashtirish, tasniflash layoqati; aql (dialektik tafakkur) – abstraksiyalarni ijodiy qo‘llash va ular tabiatini ongli tadqiq etish xususiyatiga ega bo‘lgan nazariy bilishning oliy darajasi, aql yordamida inson narsalar mohiyati, ularning qonunlari va qarama-qarshiliklarini anglab etadi.
Tafakkurning psixik faoliyat sifatidagi umumiy xususiyatlarni chizma shaklida keltirish mumkin (10.1 rasm).
10.1 rasm. Tafakkurning psixik jarayon sifatidagi umumiy xususiyatlari.
Tafakkur – bu o‘z tuzilishi va turlariga ega bo‘lgan o‘ziga xos faoliyat. Tafakkurning turlarga bo‘linishi shakli, xususiyati, ochib berilganlik, yangililik va voqelikka moslik darajasiga ko‘ra amalga oshiriladi (10.2 rasm).
10.2 rasm. Tafakkur turlari.
Tafakkur, odatda, nazariy va amaliy tafakkurlarga bo‘linadi. Nazariy tafakkurda tushunchali va obrazli tafakkur, amaliy tafakkurda esa –ko‘rgazmali-obrazli va ko‘rgazmali-harakatli tafakkur ajratiladi.
Tushunchali tafakkur – bu ma’lum tushunchalar qo‘llaniladigan tafakkur. U yoki bu aqliy masalalarni echishda boshqa odamlar tomonidan aniqlangan va tushunchalar, mulohazalar, xulosalar shaklida ifodalangan tayyor bilimlardan foydalanamiz.
Obrazli tafakkur – bu obrazlar yordamida mulohaza yuritish jarayonining bir turi. Ular xotiradan olinadi yoki tasavvurda hosil qilinadi. Ko‘pincha tafakkurning bu turi badiiy ijodkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi odamlarda ustun bo‘ladi.
Tushunchali tafakkur voqelikni aniq va umumlashtirgan holda aks ettiradi, lekin bunday aks ettirish mavhumdir. O‘z navbatida, obrazli tafakkur atrofimizdagi olamni aniq va sub’ektiv aks ettirish imkonini beradi. Shunday qilib, tushunchali va obrazli tafakkurlar bir-birini to‘ldiradi.
Ko‘rgazmali-obrazli tafakkur obrazlarni qo‘llash bilan bog‘liq. Bu tafakkur odam biror masalani echishda turli obrazlarni, hodisalar va jismlar haqidagi tasavvurlarni tahlil qilishida, qiyoslashtirishida, umumlashtirishida namoyon bo‘ladi.
Ko‘rgazmali-harakatli tafakkur – mohiyati real jismlar bilan amalga oshiriladigan amaliy o‘zgartiruvchi faoliyatdan iborat bo‘lgan tafakkurning alohida turi. Tafakkurning bu turi biror-bir moddiy mahsulot ishlab chiqarish maqsadidagi mehnat bilan mashg‘ul bo‘lgan odamlarda kengroq ifodalanadi.
Yana til vositalari asosida vazifa bajaruvchi so‘z-mantiqiy tafakkur mavjud bo‘lib, u tafakkur tarixiy rivojlanishining so‘nggi bosqichidir. Unga tushunchalar va mantiqiy hosilalarni qo‘llash xosdir.
Amaliy tafakkur tajriba, amaliy harakatlar asosida amalga oshiriladi va aniq vazifalarni bajarishga qaratilgan, nazariy – tajriba bilan ish ko‘rmasdan tushunchalardan foydalanadi. Diskursiv tafakkur – kengaytirilgan tafakkur, ichki sezgi kechishining tezligi, aniq ifodalangan bosqichlarning mavjud emasligi, oz darajada anglanganligi bilan xaraterlanadi. Reproduktiv, ishlab chiqaruvchi tafakkur – bu namuna bo‘yicha tafakkur, ijodkorlik esa – yangi kashfiyotlar, yangi natijalarga olib boruvchi tafakkur. Realistik tafakkur voqelikni to‘g‘ri aks ettiradi, odam o‘z hulq-atvorini anglaydi, autistik tafakkur esa, asosan, ob’ektga emas, affektga mos bo‘lganlarni ifodalaydi, ehtiyojni qondirishga, kelib chiqqan hissiy zo‘riqishni kamaytirishga yo‘naltirilgan bo‘ladi.
Tafakkurning aqliy jarayonning natijasi hisoblangan uch xil shakli: tushuncha, mulohaza va xulosa farq qilinadi.
Tushuncha – bu jism va hodisalarning umumiy, ahamiyatga ega bo‘lgan va farqlanuvchi belgilarini aks ettiruvchi tafakkur shakli. Tushunchalar asosida hodisalar va jismlar haqidagi mavjud bilimlarimiz yotadi. U aniq va mavhum bo‘lishi mumkin. Jismning barcha belgilaridan aynan ushbu jism yoki o‘xshash jismlar guruhini xarakterlab beruvchi ma’lum belgilar yig‘indisi ajratilgan bo‘lsa, u holda aniq bir tushuncha haqida gap ketadi. Bunday tushunchalarga shahar, g‘oya, jamiyat va boshqalar kiradi. Agar jismdagi biror-bir alohida belgi ajratilib, va bu belgi o‘rganish predmeti bo‘lib xizmat qilsa, alohida jism sifatida o‘rganilsa, mavhum tushuncha hosil bo‘ladi. Bunday tushunchalarga fidokorlik, tenglik, vijdoniylik va boshqalar kiradi.
Tushunchalar ayrim va umumiy bo‘lishi mumkin. Ayrim belgilar deb, jismning qaysi sinfga tegishliligidan qat’iy nazar, yagona jismga taalluqli bo‘lgan tushunchaga aytiladi. Ayrim tushunchalarga moskva, toshkent, baykal ko‘li va boshqalar kiradi. Umumiy tushuncha deb, bir jismga emas, balki, jismlar sinfiga, bu sinfdagilarning istalgan jismiga tegishli bo‘lgan tushunchaga aytiladi. Masalan, samolyot, davlat, korxona, institut va h.k.
tushunchalarning tasavvurdan farq qiluvchi o‘ziga xos xususiyatlariga, tasavvurlarning doimiy obrazga ega ekanligi, tushuncha esa – bu so‘zda o‘z ifodasini topgan fikr ekanligidan iboratligi kiradi; tasavvur ahamiyatli va ahamiyatga ega bo‘lmagan belgilarni o‘z ichiga oladi, tushunchalarda esa faqatgina ahamiyatli belgilar saqlanib qoladi. Tushuncha tasavvurdan ko‘ra ko‘proq umumlashtirilgan aks ettirish hisoblanadi.
Hukm – jismlar va hodisalar o‘rtasidagi aloqani aks ettiruvchi tafakkur shakli; biror narsani tasdiqlash yoki inkor etish. Tasdiqlovchi hukmga misol sifatida: «psixika miyaning vazifasi», «barcha metallar elektr tokini o‘tkazadi», inkor etishga – «suvda hech qanday yog‘ erimaydi» kabi hukmlarni keltirish mumkin.
Biz tasdiqlayotgan yoki inkor etayotgan hukmning ma’lum sinfning jislaridan birortasi, ba’zilari yoki har qaysi jismga taalluqli bo‘lishiga bog‘liq ravishda hukmlar ayrim, xususiy yoki umumiy bo‘lishi mumkin. Ayrim hukm: «bu odam hech qachon aldov yo‘liga kirmaydi». Xususiy hukm: «ba’zi metallar suvdan og‘irroq». Umumiy hukm: «suyuqlikdagi har bir jismga u siqib chiqargan suyuqlikka teng bo‘lgan bosim ta’sir ko‘rsatadi».
Hukmlarning ob’ektiv voqelikni aks ettirishiga ko‘ra ular chin va soxta bo‘lishi mumkin. Chin hukm jismlar va ularning xossalari o‘rtasidagi voqelikda mavjud bo‘lgan aloqalarni ifodalaydi. «massa – inertlik o‘lchovi» chin hukmdir. Xato hukm ob’ektiv hodisalar o‘rtasidagi voqelikda mavjud bo‘lmagan aloqani ifodalaydi, masalan: «barcha odamlar uchun o‘lim muqarrar emas».
Bir yoki bir necha hukmlardan yangi hukm yuzaga keladigan tafakkur shakli xulosa deb ataladi. Boshqa hukmlar keltirib chiqariladigan boshlang‘ich hukmlar xulosa dalillari deb ataladi. Masalan, barcha slanetslarning yonuvchanligi ma’lum, va ushbu modda slanets bo‘lsa, u holda «ushbu moddaning yonuvchanligi» haqida xulosa yasash mumkin.
Xulosa chiqarishning sodda va tipik shakli sillogizm hisoblanadi. Masalan: «barcha metallar – elektr o‘tkazuvchi. Qalay – metall bo‘lgani uchun, qalay – elektr tokini o‘tkazadi».
Inson asosan xulosalarning ikki turi – induksiya va deduksiyadan foydalanadi. Induksiya – bu xususiy xulosalardan umumiy xulosalarni keltirib chiqarish, ayrim dalillar va hodisalarni o‘rganish asosida umumiy qoidalar va qonunlar o‘rnatish usuli.
Deduksiya – bu umumiy mulohazalardan xususiy mulohazalar keltirib chiqarish, umumiy qonunlar va qoidalar asosida ayrim dalillar va hodisalarni bilish.
fikrlash jarayonida inson atrof-olamni o‘ziga xos aqliy opersiyalar vositasida o‘rganadi. Asosiy fikrlash operatsiyalariga analiz va sintez, taqqoslash, abstraksiya va umumlashtirish, aniqlashtirish, tasniflash va tizimlashtirish kiradi.
Analiz – bu yaxlitlikni fikran qismlarga yoki yaxlitlikni tomonlar, harakatlar, munosabatlarga ajratish. Stolni, masalan, qopqog‘i, tirgaklari, g‘aladonlari va boshqalarga bo‘lish mumkin. Fikrlash jarayoni bevosita nutqiy faoliyatga kiritilganida analiz amaliy, va nazariy holatda aqliy bo‘ladi.
Sintez – bu qismlar, xossalar, harakatlarni fikran yaxlitlikka birlashtirish. Xuddi shunday, o‘quvchi biror mavzuni o‘rganishda matnning hammasini o‘qib chiqadi, so‘ngra esa alohida ma’noga ega bo‘lgan qismlarni ajratadi, ya’ni matnni tahlil qiladi. Keyin eslab qolish uchun reja tuzadi – bu sintez operatsiyasi bo‘ladi.
Taqqoslash – bu jism va hodisalar, yoki ularning alohida belgilari o‘rtasidagi o‘xshashlik yoki farqlarni aniqlash. Taqqoslash bir tomonlama (chala) va ko‘p tomonlama (to‘liq); yuzaki va chuqur; bevosita va vositali bo‘lishi mumkin.
Umumlashtirish – jism va hodisalarni ularning umumiy va ahamiyatli belgilari bo‘yicha fikran birlashtirish. Masalan, olma, nok, olxo‘ri, o‘rik va h.k.lardagi o‘xshash belgilar «mevalar» so‘zi bilan ifodalanadigan yagona tushunchada namoyon bo‘ladi. Sodda umumlashtirishlar ob’ektlarni alohida, tasodifiy belgilar asosida birlashtirishdan iborat, majmuiy umumlashtirish murakkab bo‘lib hisoblanadi, bunda ob’ektlar turli asoslarga ko‘ra birlashtiriladi.
Abstraksiya – bu jism va hodisalarning muhim bo‘lgan xossa va belgilarini fikran ajratib, bir vaqtning o‘zida ahamiyatsiz belgilar va xossalardan ayro holatda ko‘rsatish. Xuddi shunday, mas’uliyatlilik hissi haqida so‘z yuritganimizda, biror-bir ishchi, muhandis, talabaning emas, balki har bir insonning muhim xususiyati sifatida gapiramiz. Abstraklashtirish odatda tahlil natijasida amalga oshiriladi. Aynan, abstraktlashtirish vositasida uzunlik, kenglik, miqdor, narx va boshqa tushunchalar yuzaga kelgan.
Aniqlashtirish – bu umumlashtirilgan bilimlardan yagona, alohida vaziyatga fikran o‘tish. O‘quv faoliyatida aniqlashtirish – umumiy nazariy qonun, qoida, nizomni tasdiqlovchi misol, rasm, aniq dalilni keltirish demakdir.
Jism va hodisalarni tizimlashtirish yoki tasniflash ularni bir-biriga o‘xshashlik yoki farqlari asosida guruhlarga bo‘lish. Masalan, o‘quvchilarni o‘zlashtirish, intizom, jamoat ishlaridagi faollik bo‘yicha guruhlarga bo‘lish mumkin.
Tafakkur quyidagi asosiy qonuniyatlarga bo‘linadi:
1. Tafakkur muammoni hal etish bilan bog‘liq ravishda yuzaga keladi; muammoli vaziyat yuzaga kelish sharoiti vazifasini o‘taydi, u boshlang‘ich ma’lumotning taqchilligi, sub’ektning aqliy faolligi yordamida engib o‘tish zarur bo‘lgan ma’lum bilish to‘siqlari, qiyinchiliklarning yuzaga kelishi bilan xarakterlanadi.
2. Tafakkurning asosiy mexanizmi, uning umumiy qonuniyati sintez orqali tahlil qilish: ob’ektni boshqa ob’ektlar bilan taqqoslash vositasida unda yangi xossalarni ajratish hisoblanadi; shunday qilib, «ob’ektdan, yangi mazmun yig‘ib olinadi, u har safar o‘zining boshqa tomonlari bilan o‘girilgandek bo‘ladi, unda yanada yangi xossalar namoyon bo‘ladi» (s.l. rubinshteyn).
3. Tafakkurning asoslanganligi: har bir dalil, har bir hodisa o‘tmishdagi dalillar va hodisalar asosida tayyorlanadi. Hech bir narsa etarlicha asossiz sodir bo‘lmaydi. Etarlicha asoslash qonuni inson fikrining har bir mulohazada o‘zaro bog‘langan bo‘lishini, birining ikkinchisidan kelib chiqishini talab etadi. Har bir xususiy fikr umumiyroq fikr bilan asoslangan bo‘lishi kerak.
4. Selektivlik (lot. – tanlash, tanlanish) – ma’lum vaziyat uchun zarur bo‘lgan bilimlarni tanlash, barcha imkoniyatga ega bo‘lgan holatlarni chetlab o‘tgan holda ularni muammoni hal etishga safarbar qilish.
5. Antitsipatsiya (lat. – oldindan sezish) voqealar rivojini oldindan ko‘ra bilish, oldindan sezishni bildiradi. Inson voqealar rivojini oldindan ko‘ra bilish, ularning natijalarini bashorat qilish, muammo echimining ehtimolligi chizmasini tasavvur qilish qobiliyatiga ega.
6. Tafakkur refleksivligi. Fikrlovchi sub’ekt doimiy refleksiya holatida bo‘ladi, o‘z mulohazalarini aks ettiradi, ularni tanqidiy baholaydi, o‘zini baholash mezonlarini ishlab chiqadi. Refleksiya deb sub’ektning o‘zini aks ettirishi bilan birga muloqotda bo‘ladigan sheriklarini ham o‘zaro aks ettirishiga aytiladi.
Tafakkur boshqa bilish jarayonlari kabi o’zining individual xususiyatlariga ega bo’lib, fikr yuritish faoliyatining shakllari, vositalari va operatsiyalarining munosabatlari kishilarda turlicha namoyon bo’lishida o’z ifodasini topadi. Odatda tafakkurning individual xususiyat-lari, sifatlariga bilish faoliyatining mazmundorligi, mustaqillik, epchillik, samaradorlik, fikrning kengligi, tezligi, chuqurligi va boshqa sifatlar kiritiladi.
Tafakkur mazmundorligi deganda insoning tevarak-atrofdagi moddiy voqelik to’g’risida ongda qay miqdorda, ko’lamda mulohazalar, muhokamalar, fikrlar, muammolar, tushunchalar joy olganligi nazarda tutiladi. Insonda sanab o’tilgan xarakterdagi g’oyalar to’lib toshsa, shunchalik tafakkur mazmundor bo’ladi. Kishilar bir-birlaridan birinchi navbatda tafakkurning mazmundorligi bilan tafovutlanadi.
Tafakkurning chuqurligi deganimizda moddiy dunyodagi narsa-hodisalarning asosiy qonunlari, qonuniyatlari, xossalari, sifatlari ularning o’zaro bog’lanishlari, munosabatlari, tafakkurimizda to’liq aks etganligini tushunishimiz kerak. Tafakkur arsenalida joylashgan narsalarning qay yo’sinda sistemalashganligiga qarab to’g’ri va ratsional yo’l nazarda tutiladi, u yoki bu shaxsning tafakkur chuqurligi to’g’risida qat’iy bir qarorga kelish mumkin.
Tafakkurning kengligi o’zining mazmundorligi, chuqurligi kabi sifatlari bilan muntazam aloqada bo’ladi. Insonlardagi narsa va hodisalarning eng muhim belgi, xususiyatlarini o’zida mujassamlashtirgan o’tmish yuzasidan, hozirgi davr haqida, shuningdek, kelajak to’g’risida mulohazalar, muammolar va tushunchalarni qamrab olgan tafakkur keng tafakkur deyiladi. Fikr doirasi keng bilim saviyasi yuqori serg’oya ijodiy izlanishdagi kishilarni aql zakovatli, bilimdon yoki tafakkuri keng kishilar deb atash mumkin. Demak, insonning aql-zakovati, bilimdonligi mulohazadorligi uning tafakkurining kengligidan dalolat beradi.
Inson tafakkuri o’zining mustaqilligi jihatidan mustaqil va nomustaqil tafakkurga ajratiladi. Tafakkurni mustaqilligi deganda kishining shaxsiy tashabbusi bilan o’z oldiga aniq maqsad, yangi vazifalar qo’ya bilishi, ular yuzasidan amaliy va ilmiy xarakterdagi faraz, gipoteza qilish, natijani ko’z oldiga keltira olishi, qo’yilgan vazifani hech kimning ko’magisiz, ko’rsatmasisiz o’zining aqliy izlanishi tufayli turli yo’l, usul va vositalar topib, mustaqil ravishda hal qilishdan iborat aqliy qobiliyatni tushunish kerak.
Tafakkurning mustaqilligi aqlning sertashabbusligi, pishiqligi va tanqidiyligida namoyon bo’ladi. Aqlning sertashabbusligi deganda insonning o’z oldiga yangi muammo, aniq maqsad va konkret vazifalar qo’yishni, ana shularning barchasini amalga oshirishda, nihoyasiga etkazishda echimni qidirishda usul va vositalarni shaxsan o’zi izlashi, aqliy zo’r berib intilishi, ularga taaalluqli qo’shimcha belgi va alomatlarni kiritishdan iborat bosqichlarning namoyon bo’lishini nazarda tutamiz. Aqlning pishiqligi vazifalarni tez echishda, echish paytida yangi usul va vositalarni o’z o’rnida aniq qo’llashda, trafaretga aylangan eski yo’l hamda usullardan forig’ bo’lishda va boshqa jarayonlarda ifodalanadi.
O’zining o’zgalarning mulohazalarini, bu mulohazalarning chin yoki chin emasligini tekshira bilishda va namoyon bo’lgan mulohazalarga, muhokamalarga, muammoli vaziyatga baho bera bilishda aqlning tanqidiyligi muhim rol o’ynaydi. Tafakkurning tanqidiyligi ob’ektiv va sub’ektiv ravishda ifodalanishi mumkin. Mazkur sifat insonni baholash, o’z-o’zini baholash kabi tafakkurning individual xususiyatlari bilan bog’liq ravishda namoyon bo’ladi. Agar tanqidiylik oqilona, muhim belgilarga, muammo mohiyatining to’g’ri ochilishiga, ba’zan etalonga asoslanib amalga oshsa, unday tanqidiylik ob’ektiv tanqidiylik deb ataladi. Mabodo tafakkurning tanqidiyligi sub’ektiv xatolarga, umuman sub’ektivizmga og’ib ketsa, bunday holda sub’ektiv tanqidiylik deyiladi. Sub’ektiv tanqidiylik salbiy oqibatlarga olib keladi, shuningdek insonlar o’rtasida anglashilmovchilik g’ovini vujudga keltiradi, ikki shaxs o’rtasida kutilmaganda ziddiyat paydo bo’ladi. Insonda tafakkurning tanqidiyligi oqilona ratsional tarzda vujudga kelsa, unda shaxs muhim sifat bilan boyiydi deb atash mumkin.
Maqsad, muammo va vazifalar o’zga shaxslar tomonidan qo’yilib, tayyor usul va vositalarga tayangan holda o’zga kishilarning bevosita yordami bilan amalga oshirilishi jarayonida bir oz ishtirok etgan tafakkur nomustaqil deb ataladi. Nomustaqil tafakkurli kishilar tayyor mahsulotlar quliga aylanadilar, o’sishdan orqada qolish xavfi tug’iladi. Natijada aql-zakovatli inson bo’lish o’rniga, kaltabin, aqldan erinchoq, behafsala odam bo’lib voyaga etadi. Demak, tafakkurning nomustaqillik illati rivojlanishiga to’siq bo’lib, yakka shaxs uchun esa tragediya rolini bajarishi ehtimoldan xoli emas.
Fikrning mustaqilligi uning mahsuldorligi bilan uzviy bog’langan. Agar inson tomonidan muayyan vaqt ichida ma’lum soha uchun qimmatli va yangi fikrlar, g’oyalar, tavsifnomalar yaratilgan hamda nazariy va amaliy vazifalar hal qilingan bo’lsa, bunday kishining tafakkuri sermahsul tafakkur deb ataladi. Demak, vaqt oralig’ida bajarilgan ish ko’lami va sifatiga oqilona baho berish tafakkur mahsuldorligini o’lchash mezoni sifatida xizmat qiladi.
Tafakkur ixchamligi deganda muammoni hal qilishning dastlab tuzilgan rejasi mazkur jarayonda masala echish shartini qanoatlantirmay qolsa, nomutanosiblik hosil bo’lsa hech ikkilanmay elastik ravishda o’zgartirishlar kiritishdan iborat fikr yuritish faoliyatini tasavvur qilmog’imiz shart. Fikrning operativ jihatdan tezkorlik bilan o’zgartirishdan va to’g’ri yo’nalishga yo’llab yuborishdan iborat tafakkur sifati uning ixchamligi deyiladi. Masalan, talaba imtihonda avval g’oyani noto’g’ri yoritayotib, o’z-o’zicha birdaniga xatosini anglab to’g’ri javob bera boshlashi kabilar. Demak, tafakkurning mazkur sifati fikrlarni, axborotlarni tinglovchilarga xato va kamchiliklarsiz etkazib berish garovidir.
Tafakkurning tezligi qo’yilgan savolga va muammoga to’liq javob olingan vaqt bilan belgilanadi. Uning tezligi qator omillarga, jumladan fikrlar uchun zarur materialni tez yodga tushira olishga, muvaqqat bog’lanishlarning tezligi, turli hislarning mavjudligiga, insonning diqqatiga, qiziqishiga bog’liq bo’ladi. Bundan tashqari tafakkurning tezligi boshqa shartlarga – insonning bilim saviyasiga, fikrlash qobiliyatiga, mavjud ko’nikma va malakalariga ham bog’liq ekanligi isbotlangan. Xulosa qilib aytganda, tafakkur jarayonlarining tezligi va jarayonlarning ma’lum fursat ichida qanchalik samara berganligi bilan baholanadi.
Fikrlarning tezligi talabalar va o’quvchilarga zarur psixologik qurol bo’lib xizmat qiladi. Imtihon paytida, seminar mashg’ulotlarida faol ishtirok qilgan talaba hayajonlanib, egallagan bilimlarini vaqtincha unutib o’zini yo’qotib qo’yadi. O’rinsiz salbiy emotsiyalar uning tafakkurini tormozlab, muvaffaqqiyatsizlikka olib keladi, ya’ni fikrni bayon qilishda inertlik paydo bo’lib, keyinchalik butunlay tormozlanishga aylanadi. Ba’zi talabalar aksincha, imtihonda hayajonlanib fikrlari ravshanlashadi. Qattiq hayajonlanish, qattiq tashqi ta’sir natijasida uyqudagi ayrim neyronlar uyg’onib, funktsiyasi jadallashib ketadi va fikr birdaniga ravshanlashishi mumkin. SHuning uchun o’qitish jarayonida talaba va o’quvchilarning aqliy faoliyatini to’g’ri baholashda ularning individual tipologik xususiyatlarini hisobga olish maqsadga muvofiqdir.
Jahon psixologlarining ko’rsatishiga qaraganda, yuqorida tahlil qilib chiqilgan tafakkur sifatlari ularning asosiy xususiyati bilan uzviy bog’liqdir. Tafakkurning asosiy va eng muhim belgisi, xususiyati bu moddiy voqelikdagi muhim jihatlarni ajratib mustaqil ravishda yangi mazmundagi umumlashmalarni keltirib chiqarishdir. Inson oddiy narsalar to’g’risida fikr yuritganda ham ularning tashqi belgilari bilan chegaralanib qolmaydi, balki hodisa mohiyatini ochishga intiladi, oddiy turmush haqidagi umumiy qonuniyatni yaratishga harakat qiladi. Shubhasiz, inson tafakkuri hali izlanmagan, to’la foydalanilmagan zahira va imkoniyatlarga ega. Tafakkur psixologiyasining asosiy vazifasi ana shu zahirani to’la ochish fan-texnika rivojini intensivlashdan iborat. Chunki har qanday kashfiyot, yangilik, rivojlanish inson aql-zakovatining mahsulidir. SHu boisdan ham fan va texnikaning rivojlanishi insonshunoslik fanining rivojiga ko’p jihatdan bog’liqdir.
Insonlar fikrlash faoliyatidagi individual tafovutlar tafakkurning sinchkovlik, tafakkur kengligi, chuqurligi va mustaqilligi, fikrning eguluvchanligi, aqlning sertashabbusligi va tanqidiyligi, mantiqiylik, isbotlanganlik va ijodkorlik kabi sifatlarida ifodalanishi mumkin.
Aqlning pishiqligi – u yoki bu hodisani ahamiyatga molik munosabatlarda har tomonlama bilishga intilish; tafakkur kengligi – bu savolni yaxlitligicha, shu bilan birga zarur bo‘lgan xususiyatlarni chetda qoldirmay qamrab olish qobiliyati. tafakkur kengligi inson dunyoqarashi va har bir hodisani boshqa hodisalar bilan turli aloqalarda ko‘rib chiqish qobiliyatida ifodalanadi. tafakkurning chuqurligi murakkab savollar mohiyatiga kirib borish, asosiy holatni ikkinchi darajalilardan, zaruriyatni tasodifiydan ajratish malakasida ifodalanadi. tafakkur chuqurligigiga qarama-qarshi sifat bo‘lib hukm va xulosalarning yuzasi hisoblanadi, bunda odam mayda-chuydalarga e’tibor qaratib, asosiysini ko‘rmaydi. tafakkurning mustaqilligi insonning yangi vazifalarni ilgari surishi va boshqalarning yordamidan foydalanmasdan ularning echimini topish malakasi bilan xarakterlanadi. Fikrning egiluvchanligi masalalarni echishda avvaldan qo‘llanilib kelayotgan usullarning ta’siridan holi bo‘lishda, sharoit o‘zgarganda harakatlarni tezda o‘zgartirish malakasida ifodalanadi. tafakkurning tezligi – insonning yangi vaziyatda o‘zini yo‘qotib qo‘ymaslik, o‘ylab olgan holda to‘g‘ri qaror qabul qilish qobiliyati. aqlning sertashabbusligini insonning o‘ylamasdan masalaning bir tomonini ushlab olib, qaror qilishga shoshishi, etarlicha o‘ylanmagan javoblar bildirishida ifodalanadigan shoshqaloqlikdan farqlash lozim. Aqlning tanqidiyligi – bu inson o‘zining va boshqalarning fikrlarini ob’ektiv baholashi,ilgari surilayotgan nizomlar va xulosalarni izchillik bilan har tomonlama tekshirib chiqish malakasi. tafakkurning mantiqiyligi – tadqiq etilayotgan ob’ektning barcha ahamiyatli tomonlarini hisobga olgan holda mulohazalarning qat’iy izchilligiga rioya qilish qobiliyati. tafakkurning isbotlanganligi – zarur vaqtda hukm va xulosalarning to‘g‘riligini tasdiqlovchi dalillar, qonuniyatlardan foydalanish qobiliyati. aql ijodkorligi – ijodkorlik tafakkuriga bo‘lgan qobiliyat. tafakkurning salbiy sifati uning rigidligi – hodisa mohiyatiga nisbatan xolis bo‘lmagan munosabat, hissiy taassurotning oshirib yuborilishi, bir xil qolipdagi baholarga berilganlik hisoblanadi.
Inson aqliy rivojlanganligining ko‘rsatkichi sub’ektning tashqi cheklovlar bilan bog‘lanmaganligidir.
Shunday qilib, odamlardagi tafakkurning individual xususiyatlari eqorida ko‘rib chiqilgan aqliy sifatlarda turli uyg‘unlikda ifodalanadi.
Tafakkur shakllanishi va rivojlanishida bir nechta bosqichlarni ajratib ko‘rsatish mumkin. Hozirda mavjud bo‘lgan tafakkur taraqqiyotining bosqichlarga bo‘linishiga nisbatan yondoshuvlarning ko‘pchiligida inson tafakkuri rivojlanishining dastlabki bosqichi umumlashtirish bilan bog‘liqligi ko‘rsatib o‘tiladi. Bunda bolaning birinchi umumlashtirishlari amaliy faoliyatdan ajralmasdir, bu bolaning o‘zaro o‘xshash jismlar bilan bajaradigan bir xildagi harakatlarida o‘z ifodasini topadi. Bu intilish bola hayotining dastlabki yilining oxiriga kelib namoyon bo‘la boshlaydi. jismlarning alohida xossalarini bilgan holda ikki yoshli bola ma’lum amaliy masalalarni echa oladi. xuddi shunday, bir yoshu uch oylik bola narsalar solingan og‘ir qutini joyidan surish uchun narsalarning yarmini olib tashlaydi, so‘ngra zarur harakatni amalga oshiradi.
Bola tafakkuri rivojlanishining keyingi bosqichi nutqni egallab borishi bilan bog‘liq. bola bilib olgan so‘zlar unga umumlashtirishni amalga oshirishda tayanch bo‘ladi. ular tez orada bola uchun umumiy ma’noga ega bo‘lib, bir jismdan ikkinchisiga oson ko‘chiriladi. lekin ko‘p hollarda jism va hodisalarning qandaydir alohida belgilari bola o‘sha jismlarga nisbatan qo‘laydigan birinchi so‘zlar ma’nosini bildiradi. xuddi shunday, ko‘pincha «olma» so‘zi bolalar tomonidan barcha dumaloq shakldagi yoki qizil rangdagi jismlar bilan solishtiriladi.
Bola tafakkurining navbatdagi bosqichida bola bir xildagi jismni bir necha so‘zlar bilan atashi mumkin. bu hodisa bolada ikki yosh atrofida kuzatiladi va solishtirish tafakkur operatsiyasining shakllanishidan dalolat beradi.
Bayon etilgan ma’lumotlar asosida maktabgacha yoshdagi bola tafakkurining bir nechta ahamiyatli bo‘lgan xususiyatlarini aniqlashimiz mumkin. Xuddi shunday, bola tafakkurining ahamiyatga ega bo‘lgan xususiyati bolaning birinchi umumlashtirishi harakat bilan bog‘liqligidan iborat. bola harakatlanib, fikr yuritadi. Bola tafakkuriga xos bo‘lgan xususiyat – tafakkur aniqligida namoyon bo‘ladigan ko‘rgazmaliligidir.
Bola maktab yoshiga etganida unda fikrlash imkoniyatlarining taraqqiyoti kuzatiladi. bu hodisa yosh o‘zgarishlari bilan birga, birinchi navbatda, maktabda ta’lim olishda bola echishi zarur bo‘lgan intellektual masalalar bilan ham bog‘liqdir. tushunchalar hosil bo‘lish jarayonida fikrlash operatsiyalarining taraqqiyoti sodir bo‘ladi. maktab bolani tahlil qilishga, sintezlashga, umumlashtirishga o‘rgatadi, induksiya va deduksiyani rivojlantiradi. maktabni tugatganida odamda tafakkurni rivojlantirish imkoniyati saqlanib qoladi. lekin bunday rivojlanish dinamikasi, yo‘nalganligi uning faqat o‘zigagina bog‘liq bo‘ladi.
Hozirgi kunda fan tafakkurni rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratgan. amaliyotda tafakkurni rivojlantirishning filogenetik, ontogenetik va tajribaviy yo‘nalishlari mavjud. Filogenetik yo‘nalish insoniyat tarixiy rivojlanish jarayonida inson tafakkuri rivojlanishi va takomillashishini o‘rganishni taqazo etadi. ontogenetik yo‘nalish bir odamning hayotiy jarayoni asosiy bosqichlarining rivojlanishi bilan bog‘liq. O‘z navbatida, tajriba yo‘nalishi tafakkurni tajribada tadqiq etish muammolari va aqlning alohida, sun’iy tashkil etilgan sharoitlarda rivojlanish imkoniyati bilan bog‘liq.